O‘zbekistonliklarning Misrga kirishi bo‘yicha yangi qoidalar kechiktirildi
O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishiga oid yangi qoidalarni joriy etish muddati 2027 yil 1 martga qadar kechiktirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu muddatgacha sayyohlar Sharm-al-Shayx va Sinay yarimoroliga viza olmasdan, amaldagi tartibda sayohat qilishda davom eta oladi.
Qayd etilishicha, TIV va O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misr tomoni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borilishi natijasida O‘zbekiston fuqarolarining ushbu hududga kirish tartibini qat’iylashtirish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Shu tariqa, yangi qoidalar kuchga kirguniga qadar fuqarolar Misrga amaldagi tartib asosida sayohat qilishlari mumkin.
Shu bilan birga, O‘zbekiston TIV xorijiy hamkorlar bilan fuqarolarning chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish hamda boshqa xorijiy davlatlar bilan mavjud safar tartib-taomillarini soddalashtirish borasida izchil ishlarni davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter