Xitoy qaltis tanlov qarshisida
Pekin siyosiy boshqaruv borasida jiddiy dilemma qarshisida qolmoqda. Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) Markaziy qo‘mitasining plenumi yakuni tahlilchilar tomonidan ana shunday baholandi.
Joriy yil 26–29-oktyabr kunlari Pekinda XPK Markaziy qo‘mitasining 5-plenumi bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, XKP Markaziy qo‘mitaci bosh kotibi Si Szinpin plenumdagi chiqishida korrupsiyaga qarshi kurash masalasini bir necha o‘rinda tilga olgan. Xitoy raisi o‘z nutqida marksizm-leninizm hamda Mao Szedun g‘oyalarini, Den Syaopin nazariyasi va o‘zi ilgari surgan Xitoyga xos sotsializm mafkurasini himoya qilish lozimligini urg‘ulagan.
Plenum mobaynida Si Szinpinning mamlakat va partiya boshqaruvidagi siyosiy qat’iyati olqishlangan.
Kommunistik partiyaning barcha a’zolariga Si Szinpin boshchiligidagi Markaziy qo‘mita tegrasida birlashish taklif etilgan.
Tahlilchilar fikricha, Xitoy raisi ushbu chiqishi orqali barcha darajadagi amaldorlardan to‘laqonli itoat va sadoqatni talab qilgan. Xususan, London Qirollik kolleji huzuridagi Xitoyni o‘rganish instituti direktori Kerri Braun Xitoy raisi mamlakatda beqarorlik manbalarini ildizi bilan yo‘q qilishga urinmoqda deb hisoblaydi.
«Bu xatti-harakatlar yanada qat’iy tarzda davom etishi aniq, chunki partiya o‘z saflarida birlik va temir intizom bo‘lmasa, dunyodagi boshqa siyosiy kuchlar kabi parokanda va zaif bo‘lib qolishini yaxshi biladi», — deydi Kerri Braun.
Xitoy yetakchisi yaqinda so‘zda markaziy hukumatga sadoqat izhor etsa-da, amalda shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yayotgan “ikkiyuzlamachi mulozimlar”ni aniqlash haqida gapirgan edi.
Kerri Braun nazdida, ayni vaqtda Xitoy siyosiy tizimi jiddiy dilemmaga ro‘baro‘ kelgan. Agar turli darajadagi amaldorlarga muammolarni hal etish bo‘yicha mustaqil tashabbus ko‘rsatishga izn berilsa, partiya nazorati susayishi mumkin. Partiya ichida nazorat kuchaytirilgan taqdirda esa tashabbuslar so‘nishi mumkin.
Singapur milliy universiteti xodimi, siyosatshunos Chong Ja Ian ta’kidicha, Xitoy raisi partiya mulozimlariga chegaralangan doirada mustaqil qaror qabul qilish imkonini bermoqda.
«Menimcha, Si mulozimlar muayyan vazifalarni bajarishda yanada faolroq va qat’iyatliroq harakat qilishini xohlaydi. Lekin u, ilgarigidek, ularning fikr-mulohazalarida mustaqil bo‘lib, o‘zi belgilab bergan kursni shubha ostiga olishini istamaydi. Si talab qilayotgan tashabbuskorlik qarorlar qabul qilishga emas, balki ularning ijrosiga tegishlidir», — deb hisoblaydi Chong Ja Ian.
Xalqaro hamjamiyat 73 yoshli Si Szinpin o‘z o‘rniga kimni voris qilib qoldirishi mumkinligini ham qizg‘in muhokama qilmoqda.
Kelgusi yilda u to‘rtinchi bor XKP Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, ya’ni davlat rahbari etib saylanishi kutilmoqda. Shu tariqa u 2032-yilga qadar oliy hokimiyatda qolish imkonini qo‘lga kiritadi.
Ekspertlar fikricha, Si Szinpin voris tanlovi borasida ham dilemmaga duch kelishi aniq. Agar u hozirdan o‘z vorisini ochiqlasa, uning siyosiy maqomi zaiflashishi mumkin. Boshqa tomondan, voris masalasidagi mavhumlik mamlakatda beqarorlikka olib kelishi hech gap emas.
“Islohotlar otasi” Den Syaopin davridan beri Xitoy jamoaviy tarzda idora etilgan. Davlat rahbarlari ham odatda ko‘pi bilan ikki vakolat muddat davomida (10 yil) mamlakatni boshqarib, so‘ng ixtiyoriy ravishda o‘z o‘rnini vorisiga topshirgan.
2013-yildan beri Xitoyni boshqarib kelayotgan Si Szinpin ushbu an’anaga chek qo‘yib, ikkinchi vakolat muddati tugaganidan keyin ham hokimiyatda qoldi. 2023 yilda Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatlari bir ovozdan Si Szinpinni uchinchi besh yillik muddatga Xitoy raisi lavozimiga qayta sayladilar.
Gap shundaki, u 2018-yili mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va davlat rahbari ikki muddatdan ortiq lavozimda qolishiga doir cheklovni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
2021-yilda XKP Markaziy qo‘mitasining oltinchi plenumi yakunida Xitoy rahbari Si Szinpin tashabbusi bilan kommunistik partiyaning asosiy yutuqlari va tarixiy tajribasi xususida hujjat qabul qilingan edi. E’tiborga molik jihati, zamonaviy Xitoy tarixida mamlakat uchun dasturilamal sanalgan bunday hujjat bor-yo‘g‘i ikki marta — Mao Szedun (1945) hamda Den Syaopin (1981) davrida qabul qilingan.
Shunga ko‘ra G‘arb matbuoti o‘shanda Si Szinpinning ushbu harakatini “tarixni qayta yozishga urinish” deb baholagan.
Avval xabar berganimizdek, yil boshida Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi oliy rahbariyatiga qarshi misli ko‘rilmagan kampaniya boshlangan, jumladan, yuqori lavozimli generallar siyosiy sahnadan chetlatilgan edi. Ayrim ekspertlar bu jarayonlarni navbatdagi partiya qurultoyi arafasidagi hokimiyat uchun kurash bilan izohlagandi.
Ayni choqda, ommaviy axborot vositalari Si Szinpinning jismoniy holati va salomatligi bilan bog‘liq xavotirlar haqida ham yozgani ma’lum.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter