Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Panjara ortidagi pushaymonlik (video)

Panjara ortidagi pushaymonlik (video)

Foto: Xabar.uz

Temir eshikning og‘ir yopilgan ovozi odamning yuragini beixtiyor siqib qo‘yadi. Uning ortida qolgan sukut esa yanada og‘ir. Bu yerda har bir daqiqa uzun, har bir kun sog‘inch va iztirob bilan o‘ralgan ko‘yi o‘tadi.

Bundan ikki yilcha ilgari Buxoro shahridagi hibsxonalardan birida mahkumlar bilan uchrashgan edik. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti oltinchi mintaqaviy hudud 4-son tergov hibsxonasida kechgan mahkumlar bilan navbatdagi uchrashuvda ham ana shunday tuyg‘uni his qildik.

Uchrashuv Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda mas’ullar tomonidan yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ta’kidlanib, har bir imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishga chaqirildi.

Bugun yoshlar uchun ochilayotgan eshiklardan foydalanmay, bir lahzalik xatoning ortidan umrining eng qimmatli yillarini panjara ortida o‘tkazish, bu – qaytarib bo‘lmas yo‘qotishdir.

Hibsxonadagi muhitni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu yerdagi har bir yuzda aytilmagan hikoya, har bir nigohda pushaymonlik bor. Kechagina ota-onasining erkatoyi, kimningdir orzusi, sevgilisi, kimningdir farzandi bo‘lgan yigitlar bugun temir panjaralar ortida. Ularning ayrimlari hali hayotning, hatto, o‘spirin yigitlik yillarini yashab ulgurmagan. Afsuski, birgina noto‘g‘ri qaror, oqibatsiz do‘stlar, birgina ehtiyotsiz qadam ularning taqdirini o‘zgartirib yuborgan.

Suhbat davomida mahkumlarning ko‘zlarida pushaymonlik faryod qildi. Afsuski, ularning mung va achchiq yoshga to‘la ko‘zlarini ko‘rsata olmaymiz. Yuraklarni sel qilib yuboradigan bu ko‘zyoshlar birining boshini egdi, birini so‘zsiz qoldirdi. Biri ota-onasini tilga olganda, ovozi titradi. Yana kimdir farzandlarini sog‘inganini yashira olmadi. Eng og‘riqlisi, ularning ko‘pchiligi ozodlikning oddiy narsa emasligini anglab yetgan.

Tashqarida biz oddiy qabul qiladigan narsalar bor: ertalab ko‘zni ochib, ona ovozini eshitish, ko‘chaga bemalol chiqish, do‘stlar bilan uchrashish, farzandlaringni bag‘ringga bosish, istagan joyingga borish... Bu yerda esa ana shu oddiy hayotning o‘zi katta orzuga aylangan.

Agar vaqtni ortga qaytarishning iloji bo‘lganda edi.., –  degan mazmundagi gaplar suhbatlar orasida qayta-qayta takrorlandi.

Ammo, vaqt ortga qaytmaydi.  Mahkumlar qilgan ishining jazosini o‘tashi mumkin. Lekin, yo‘qotilgan yillarni, ota-onaning qarishini, farzandining ulg‘ayib qolganini ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Panjara ortidagi muhit kishini o‘yga toldiradi. Bu yerda jazo faqat temir eshiklar va cheklangan harakat emasligini anglaysiz. Eng og‘ir jazo – yaqinlardan uzoqlik, o‘z qilmishingiz bilan yolg‘iz qolishingiz, xatoingizni anglashdir.

Takror aytamizki, mahkumlar orasida yoshlarning borligi yana va yanada og‘ir taassurot qoldiradi. Chunki, yoshlik adashish uchun emas, orzu qilish, maqsadlar sari intilish uchun, kasb egallash, ilm o‘rganish, hayot qurish uchun berilgan davr. Biroq, noto‘g‘ri tanlangan muhit, nazoratsiz qolgan istak, yomon do‘st yoki bir lahzalik nafs gohida insonni yillar davomida pushaymon bo‘lib yashashga majbur qiladi.

Keling, yaxshisi, ularning so‘zlari – pushaymonliklarini o‘zlari bilan kechgan suhbatdan eshitaylik.

«Hayotimda men boshqa do‘st ko‘rmadim. U otam»

Men mahkum Davronbek Orifjonov, Farg‘ona viloyatidanman, vaqtinchalik jazo muddatimni shu yerda o‘tab kelyapman. Menga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-moddasi, 5-qismi bilan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Uchdan bir qismini «zona»da o‘tkazaman, qolgani koloniyada. Jarayon shunday davom etadi. 16 oy o‘tdi, 4 oydan keyin koloniyaga yo‘l.

– Bu yerda o‘tkazgan vaqtingizda siz o‘zingizda nimalarni o‘zgartirdingiz?

Nimalarni o‘zgartirdim, nimalarni tushunib yetdim? o‘ychan so‘zladi suhbatdosh, birinchi o‘rinda, odam «tashqari»da qadriga yetmagan narsalarni qadriga yetishni o‘rganar ekan bu yerda. Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan, deb bejizga aytishmagan ekan. Ozodlikni qadriga yetmagan ekanmiz. Sharoitni yomon, demayman. Ammo, baribir, ozodlik bo‘lmagach, hech narsa tatimaydi.

– Sizning-cha, jinoyatga yetaklovchi omil nima? Atrofmi, noto‘g‘ri tanlangan do‘stlarmi yoxud pul yetishmovchiligimi? Nima?

Yon-atrof... noto‘g‘ri do‘stlar... Sizni shu yergacha olib kelar ekan. Agar atrofingizdagi do‘stlar yoshroq bo‘lsa, bu siz qarovsiz qoldingiz, degani ekan. Bu mening fikrim. Men shu narsaga hayotimda guvoh bo‘ldim. O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. O‘z hayotimni shunday o‘tga tashladim.

– Suhbat jarayonida ko‘rayapmizki, siz uquvli va ilmga chanqoqsiz. O‘qimishlisiz, adashmasam...

Farg‘ona davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tugatganman. Armiya xizmatini o‘taganman. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Shuncha sharaf, shuncha harakat... intildim, izlandim, qo‘ldan kelgancha erishdim... Afsuski, meni shaharda tergaydigan ota-onam uzoqda bo‘lganimi, shaharda boshqa muhit ichida qolib ketdim. Bema’ni yurishlar, bema’ni vaqtichog‘liklar... bora-bora xatolarim ko‘payib, gunohlarim kattalashib boraverdi. Qanday muhitga tushib qolganimni, hatto, o‘zim ham anglab ololmay qoldim.

– Demak, bu xatolaringiz sizni jinoyatga yetaklashi mumkinligini, hatto, xayolingizga ham keltirmagansiz...

Odam aybi kattalashib borgan sari «o‘zimniki ma’qul» degan fikrda to‘xtab qolar ekan-da. Men o‘z harakatlarimni o‘zim uchun ma’qul, deb ketaverganman. Atrofimdagi yaxshi odamlarning ogohlantirishlariga e’tibor ham qaratmaganman. Yaxshilar etagidan tutmaganim, yaxshi insonlar davrasidan uzoq yurganim... mana, meni qayergacha olib keldi. Xuddi bu yerda har tong sizni quyoshsiz osmon qarshilaydi, sizni so‘ngsiz ignasanchiq simto‘r manzillar qarshilaydi, og‘riq qarshilaydi, vijdon azobi qarshilaydi...

– Bir oila a’zosining achchiq qismati uchun kuyinadigan ham, achinadigan ham birinchi navbatda uning yaqinlari. Jabr ko‘radiganlar shular...

Men shu yerga kelib bildimki, bu hayotda insonning ichidan nima o‘tsa uni o‘zidan o‘tkazadigan odam bitta ekan va do‘st ham faqatgina u  bo‘lar ekan: tirik bo‘lsa, otangiz! Hayotimda men boshqa do‘st ko‘rmadim. Hech qachon. Shu odam yiqlsam yiqildi, tursam turdi. Joni har doim men uchun titrab turadi, padaribuzrukvorimning. Yaproqdek titragan ko‘yi tez-tez holim so‘rab keladi. Qo‘ng‘iroq qiladi. Oh, u qaniydi, bilsaydi, bugungi qamoqxonalar ilgarigi davrlardagi singari emasligini... Xudo xohlasa, ozodlikka chiqsam, poyidan suv quyib ichaman, otaginamning. Har kuni uzr va pushaymonlikda kechayotgan o‘g‘linngizni kechiring, ota...

«Bu kunlar onamga qimmatga tushdi»

Mahkum Muhammadjon Ortiqov, 20 yoshda. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi, 3-qismi bilan aybli, deb topilgan. Hibsxonada muddatini o‘tamoqda. Hali mo‘ylovi sabza urmagan yigitning qaltiroq qo‘llariga qaraymiz. Hatto, barmoqlari-da, ozodlikka talpingan nozikkina qush qanotlariga o‘xshaydi. Go‘yo, ular hozirgina panjarani chetga surib, osmon sari uchib ketishni istaydi...

Qilgan jinoyatimdan pushaymonman. Juda qattiq pushaymonman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan, xalqimizdan, jabrlanuvchilardan, ota-onamdan, oila a’zolarimdan kechirim so‘rayman. Bu yo‘lga bir adashib kirib qoldim, – ko‘zlarida yosh lopillab, lablari potirlab uchib so‘zlaydi Muhammadjon.

U oilada olti farzandning to‘ng‘ichi. O‘zining aytishicha, oiladagi og‘ir sharoit, ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar uni noto‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Ota-onasiga ko‘maklashish, oilasiga daromad olib kirish istagi uni oxir-oqibat taqdirini o‘zgartirib yuborgan qarorga yetaklagan.

      – Endi ularning ko‘zlariga qanday qarashni bilmayman. O‘zimni ham, ota-onamni ham qo‘ni-qo‘shnilar, xeshu-urug‘lar oldida uyatli qilib qo‘ydim. Tengqurlarmga esa bitta narsani aytgan bo‘lardim: har xil odamlarning gaplariga kirmanglar, jahlingizga erk berib, bir lahzalik shoshqaloqlik bilan bir umr pushaymon bo‘ladigan ish qilib qo‘ymanglar, – deydi u.

Yosh suhbatdosh bolaligidan tadbirkor bo‘lishni orzu qilgan. Uning ko‘zlarida hali so‘nmagan orzu, ovozida esa yo‘qotilayotgan vaqtning og‘rig‘i seziladi.

– Bu qilmishim kelajakdagi orzularimga nechog‘li to‘siq qo‘yadi, bilmadim. Ammo, ozodlikka chiqqan kunimdan boshlab, hayotimni qayta qurishga harakat qilaman. Avvalo, ota-onamning ishonchini qaytarishni, keyin esa bolaligimdan orzu qilgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istayman.

– Nimaga qiziqasiz?

Musiqaga.

– Unda kuylab bering!

Ovozim unchalik yaxshi emas, deydi ko‘zlarida yosh qalqib turgan yigit lablarida tabassum bilan.

– Boricha...

U bir lahza sukut saqladi. Go‘yo, panjara ortida qolgan hayotidan qaysi qo‘shiqni tanlashni bilmayotgandek... Birozdan keyin u horg‘in qo‘shiq boshladi.

Qo‘limda dastagul,

Qizil, oq, pushti.

Ifori taralib,

Olardi hushni.

Quvonsin, sevinsin,

Onamning ko‘ngli.
Bu kunlar onamga qimmatga tushdi.

Ey-y, oson bo‘lmadi,
Balandu pasti...

Bu kunlar onamga qimmatga tushdi...

 

«Bunday joylarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman»

Temir panjaralar ortidagi keyingi suhbatdoshning nigohida hali 24 yoshga ham yetmagan umrning og‘irligi bor. U bu yerga bir yil avval kelgan ekan. O‘sha bir yil ichida ozodlikning qadrini, ota-onaning mehrini va birgina noto‘g‘ri qadam inson hayotini qay darajada o‘zgartirib yuborishini anglab yetgan.

– Men Farhod Kamoliddinov, Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug‘ilib o‘sganman. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan besh yilu olti oyga ozodlikdan mahrum etilganman.

Farhodning gaplarida o‘zini oqlashga urinish yo‘q. Aksincha, har bir so‘zida qilgan ish uchun pushaymonlik seziladi.

Bir yil davomida o‘zimga ko‘p xulosalar chiqardim. Endi bunday jinoyatlarga yaqinlashmaslikka, to‘g‘ri yo‘ldan yurishga harakat qilaman. Inson ozodlikda yurganda, ko‘p narsaning qadriga yetmas ekan. Ko‘chaga bemalol chiqish, yaqinlaring bilan birga bo‘lish, hohlagan joyinga borish – bularning bari ne’mat ekan.

Farhodning aytishicha, uni jinoyatga olib borgan sabablardan biri oiladagi yetishmovchilik bo‘lgan. U do‘kondan telefon o‘g‘irlagan. Bu uning hayotidagi birinchi jinoyat edi. Ammo, o‘sha bir xato uni besh yildan ortiq vaqtga ozodlikdan mahrum qildi.

Oilaviy sharoit, yetishmovchilik ta’sir qildimi, yo‘ldan adashdim. Bilib-bilmay... pushaymonligimni qaynday tushuntirishni ham bilmayman. Haddan ziyod vijdon azobidaman.

U uch nafar farzandning kenjasi. Ikki opasi va o‘zi. Tashqarida esa uni yaqinlari, jigarlari kutayapti.

Jazo muddatim tugaganda, tengdoshlarimning ko‘pchiligi hayotda o‘z o‘rnini topgan bo‘ladi. Kimdir kasb egallaydi, kimdir oila quradi. Yana kimdir katta maqsadlar sari qadam tashlaydi. Men esa o‘sha paytda hayotimning yo‘qotilgan yillarini to‘ldirishga urinaman...

Bu gapdan keyin bir zum sukut cho‘kdi. 24 yosh – oldinda hali qancha yo‘l, qancha imkoniyat bor. Ammo, bu imkoniyatlga yetib borish uchun avval panjara ortidagi yillarni yengib o‘tish kerak.

Hayot davom etadi. Chiqqanimdan keyin o‘z kareramni qurishga, yaxshi hayot kechirishga harakat qilaman. Vatanaimizga manfaat keltiradigan inson bo‘lishni xohlayman.

Farhod tengdoshlariga murojaat qilganda, ovozi yanada jiddiylashdi.

Ularga aytadigan gapim shu: bunday ishlarga «tushib» qolmanglar, bunday joylarga kelmanglar. Men bu yerga kelganimdan keyin o‘zimga katta xulosa chiqardim. Bunday joylarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Balki, tashqarida yurgan odam uchun ozodlik oddiy tushunchadir. Ammo, temir eshiklar ortida qolgan odam uchun bu – eng katta orzu!

Mahkumlar bilan uchrashuvdan qaytar ekanmiz, ortimizga qaraymiz: og‘ir temir eshiklar yopildi. Ammo, uning ovozi uzoq vaqt xayoldan ketmadi. Balki, bu uchrashuvning eng katta sabog‘i ham shudir: har birimiz o‘z erkinligimizning qadrini uni yo‘qotmasdan oldin anglashimiz kerak. Chunki, ba’zan bir lahzalik xato uchun yillar to‘lanadi. Va eng ayanchlisi, o‘sha yillar orasida insonning umri panjara ortida qolib ketadi.

***

Bu uchrashuv shunchaki uchrashuv bo‘lmadi: suhbatlar, mulohazalar, hayotiy misollar va ogohlantirishlar mahkum yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytish, o‘z xatolaridan xulosa chiqarish va kelajakka umid bilan qarashga undadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring