Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident shaxmatchilarni Olimpiadadagi tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi

Prezident shaxmatchilarni Olimpiadadagi tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlat rahbari shaxmatchilarni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabrikladi:

«Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin!»

Prezident Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi bo‘lmaganini ta’kidladi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam bo‘lgan.

«Shunday ulkan raqobat ichida O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir», — dedi davlat rahbari.

G‘alabaga o‘z yurtida, xalq ko‘z o‘ngida erishilgani unga alohida ma’no bag‘ishladi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi.

Hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlar o‘yinlarni kuzatdi.

Prezident hal qiluvchi partiyalarni o‘zi ham katta qiziqish bilan ko‘rganini aytdi:

«Ba’zi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar».

Davlat rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston terma jamoasi bilan uchrashuvga alohida to‘xtaldi. Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat bir payt juda og‘irlashganini esladi.

«Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib keldi», — dedi Prezident.

Hindiston ustidan g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston yakka peshqadamga aylandi. Keyin shaxmatchilar Xitoy jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Shuningdek, jahon reytingi yetakchisi va olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSh terma jamoasidan ham ustun keldi.

Prezident Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini e’tirof etdi. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi g‘alabasi ham alohida esga olindi:

«Buning o‘zi alohida katta natija!»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring