Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«Qizil kitob»ga kiritilgan ayiqni otishga ruxsat berib, to‘g‘ri qilganmiz» — Ekologiya qo‘mitasi

«Qizil kitob»ga kiritilgan ayiqni otishga ruxsat berib, to‘g‘ri qilganmiz» — Ekologiya qo‘mitasi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Qizil kitob»ga kirgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otib o‘ldirgan rossiyalik ovchi masalasida bayonot beribdi.

Mazkur bayonot o‘ta noprofessional tarzda, g‘iybatchi insonlarning ming‘ir-ming‘iri shaklida yozilgan bo‘lib, asosiy masala qolib, shu mavzuni ko‘tarib chiqqan jurnalist va blogerlarning o‘zini ayblashibdi, ularga jazo borligi haqida ogohlantirib, tahdid ham qilishibdi.

Ekologiya qo‘mitasining aytishicha, «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni otish uchun har yili kvota tasdiqlanar ekan va otishga ruxsat bergani evaziga to‘lovi ham bo‘larkan (3 ming AQSh dollari).  2021 yil uchun 2 dona Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otish orqali tutishga kvota belgilangan. Va eng qizig‘i o‘sha 2 ta kvotani bitta ovchiga taqdim etishibdi.

«Biz hammasini qonuniy va to‘g‘ri qilganmiz», — deb iddao qilmoqda Ekologiya qo‘mitasi.

Lekin Qo‘mita shu uzundan-uzun bayonotida jurnalistlarga mag‘zava ag‘darguncha, nima uchun «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni otishga ruxsat berilishi, bundan ko‘zlangan maqsad nimaligi, noyob hayvonlarni umuman ovlamasdan, ularni yanada ko‘paytirsa nimalar bo‘lishi, yillik kvota nimaga qarab belgilanishi, ruxsatnoma uchun bir necha ovchilar talabgor bo‘lganda aynan qaysi asosga ko‘ra nomzodlar tanlanishi, bu jarayonda korrupsion elementlarning qanday oldi olingani («Qizil kitob»dagi hayvonning ruxsatnomasi uchun falon pul pora berilishi ham mumkin-da) haqida ma’lumot yozishganida foydaliroq bo‘lardi.

Bundan tashqari Qo‘mita ovchilar noyob va «Qizil kitob»ga kirgan hayvonlarni ovlagach, shunaqa qon izlari bilan rasmlarni tarqatishi mumkinmi yoki yo‘qmi, bu hayvonot olamiga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, qolganlarni ham noyob hayvonlarni ovlashga undash bo‘lib qolmaydimi, ovchilar bunday rasmlarni tarqatish orqali aholi, ayniqsa yoshlar psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi, shular haqida munosabat bildirsa yaxshi bo‘lardi.

O‘zi umuman davlat organlari berayotgan ko‘plab bayonotlar asosiy masala bir chetda qolib, jurnalistlarga aql o‘rgatish, ularga bilvosita tahdid qilish mazmunida bo‘lib qolyapti. Bu noto‘g‘ri amaliyot. Masalaga, tug‘ilgan savollarga izoh berish kerak, bo‘ldi. Agar jurnalist qonunni buzgan deb hisoblasangiz, ana sudga yoki tegishli organlarga shikoyat bering, ko‘rib chiqishsin, lekin o‘zingiz qozilik qilmang.

Bunaqa bayonotlar asosan jurnalistlarni do‘st emas, o‘ziga dushman deb biladigan tashkilotlardan chiqadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring