«Umid nihollarini o‘stiradigan mohir bog‘bonlar»: Prezident o‘qituvchilarga tabrik yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga tabrik yo‘lladi.
«Maktab kelajak bog‘i bo‘lsa, muallim shu maskanda umid nihollarini o‘stiradigan mohir bog‘bondir. O‘qituvchi – mehr daryosi, ezgulik bulog‘i, ma’rifat quyoshidir. Shu bois, bu mas’uliyatli soha xodimlarining mehnatini ulug‘lash va qadrlashdan hech qachon charchamaymiz.
Bundan atigi o‘n yil oldin ijtimoiy hayotimizda g‘oyat og‘ir, ota-onalarni eng qiynaydigan soha – aynan ta’lim-tarbiya sohasi, eng kamsitilgan kasb egasi esa o‘qituvchilar edi. Sizlar bilan birga qattiq ishlab, qancha-qancha muammolarni hal qildik, oldimizda turgan to‘siq-g‘ovlarni bartaraf etdik. Hozirgi vaqtda ta’lim sohasi jadal rivojlanayotgan sohaga, o‘qituvchilik esa obro‘-e’tiborli kasbga aylanmoqda», deyiladi tabrikda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 40 ming o‘qituvchi 1 ming dollar, ularning 1 ming 500 nafari 2 ming dollardan ziyod miqdorda maosh olmoqda. Joriy yil yangi formatda o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi g‘oliblariga ilk bor 616 million so‘mdan mukofot berildi. Bunday rag‘batlantirish mexanizmlari kelgusi yilda bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari faoliyatiga ham joriy etiladi.
So‘nggi o‘n yilda yurtimizda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘cha, 1 million 500 o‘rinli maktablar barpo etganimiz, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktabni zamonaviy ko‘rinishga keltirganimiz tariximizda misli ko‘rilmagan natijalardir. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi ta’lim dargohlari paydo bo‘lgani, oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 205 taga o‘sib, ulardagi qamrov 45 foizga yetgani ham albatta katta ijobiy o‘zgarishdir.
Sohada xususiy sektor izchil rivojlanib, sog‘lom raqobat muhiti shakllanmoqda. Eng muhimi, ana shunday sharoitda ishlash, bilim va malakasini oshirish va namoyon etishga qodir bo‘lgan yangi pedagoglar avlodi maydonga chiqmoqda.
Ta’lim islohoti yo‘lidagi bunday ulkan yutuqlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Tabiiyki, bularning barchasi o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va samarasini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, 2026 yilda yurtimiz o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qo‘lga kiritgani, jumladan, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida o‘g‘il-qizlarimiz yuqori o‘rinlarni egallagani g‘oyat quvonarlidir.
Ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofotini ta’sis etiladi.
«Yangi O‘zbekiston yoshlarini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” deb yashaydigan avlod sifatida kamol toptirishning beqiyos ahamiyatini yaxshi tushunadigan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar boy bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingiz bilan bu jarayonlarda faol ishtirok etasiz deb ishonaman. Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat tilayman», deyiladi prezident tabrigida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter