Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonaviy jahonnoma yoxud bir kaftda ushlangan dunyo

Zamonaviy jahonnoma yoxud bir kaftda ushlangan dunyo

Qadim zamonlarda odam begona yurtni ko‘rish uchun yillab yo‘l bosgan. Karvon izidan chang ko‘tarilgan, quyosh qovjiratgan, dovonni qor bosgan. Yo‘lovchi manzilga yetganda yo qarigan, yo o‘zgargan, yo qaytib kelolmagan.

Bugun esa dunyoning narigi chekkasidagi mamlakat nomini eshitish uchun bir soniya yetadi. Ammo nom bilan bilim orasida katta masofa bor. Eshitish – bilish emas, ko‘rish – anglash emas. Bugungi kun odamiga axborot yetishmayotgani yo‘q. Unga axborot dengizida yo‘l topadigan, to‘g‘risini yolg‘ondan, muhimini o‘tkinchidan ajratadigan, muntazam tizimga tushgan bilim kerak.

Aynan shu ehtiyoj qomusiy kitoblarni har qachongidan ham qadrli qiladi. Qomus – shoshilmay, ishonchli va tizimli tarzda bilim beraveradigan “sokin ustoz”dir. Uning oldida hech kim uyalmaydi, hech kim ortda qolmaydi. Undan yosh bola ham, fan doktori ham o‘z hissasini oladi.

Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi ana shunday o‘ziga xos ustozlar qatoridan joy olmoqda. Salohiyatli akademik Akmal Saidov bu asarni dunyo mamlakatlarini “g‘oyibona kashf etish” imkonini beruvchi salmoqli qomusiy manba sifatida ta’riflaydi. Taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad esa asarni “o‘ziga xos jahonnoma” deb atagan.

Bu ta’rifda katta ma’no bor. Jahonnoma – jahon haqidagi kitob, lekin ayni paytda jahonga qarab ketgan kitobxonning yo‘lnomasi hamdir.

Muallif sifatida biz bu kitobga pedagog va tadqiqotchi nigohi bilan qaraymiz. Ko‘p yillik izlanishlarimiz sifatli ta’limning mezoni bo‘lgan pedagogik mahorat, nutq madaniyati, notiqlik san’ati, pedagogning germenevtik qobiliyati, shuningdek, eski o‘zbek yozuvi va o‘zbek xalq kitoblariga bag‘ishlangan. Shu nuqtai nazardan, “Dunyo mamlakatlari” ham oddiy ma’lumotnoma emas, balki ta’lim, tarbiya va ma’rifat jarayonining samarali vositasi sifatida katta qiziqish uyg‘otadi.

Qomus nima: hajm emas, mezon...

Dunyo konstitutsiyalari qomusini tuzgan zabardast olim Akmal Saidov so‘zboshida o‘rinli savol qo‘yadi: katta hajmli va juda ko‘p sahifali har qanday kitobni qomusiy manba deb atasa bo‘ladimi? Javob – yo‘q. “Qomusiy” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, “keng qamrovli”, “hamma narsani o‘z ichiga olgan” ma’nolarini anglatadi. Qomusiy manba – insoniyat to‘plagan bilimlarning barcha sohalarini yoki muayyan bir tarmog‘ini tizimli, ilmiy va atroflicha yorituvchi fundamental asardir.

Uning birinchi mezoni – keng qamrovlilik: faktlar, tarixiy voqealar, shaxslar va tushunchalar yuzaki emas, chuqur tahlil bilan beriladi. Ikkinchi mezoni – ishonchlilik: bunday manba aniq dalillarga tayanadi.

Qomusiy kitobning uchta asosiy xususiyati ham alohida ta’kidlanadi:

  • Tizimlilik – ma’lumot alifbo tartibida yoki sohalar bo‘yicha joylashtiriladi, shu sababli o‘quvchi uni oson topadi;
  • Xolislik va aniqlik – matn qisqa, lo‘nda, tasdiqlangan faktlarga asoslangan, muallifning shaxsiy hissiyotiga o‘rin berilmaydi;
  • Universallik – qomus yo borliq va ilm-fanning barcha sohasini qamrab oladi, yo bir tarmoqqa bag‘ishlanadi.

O‘zbek tafakkuri uchun dunyoni tizimli bilishga intilish yangilik emas. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”ida turkiy xalqlar joylashuvini dunyo xaritasida ko‘rsatishga uringan. Beruniy “Hindiston” asarida begona madaniyatni xolis o‘rganishning o‘lmas namunasini qoldirgan. Bobur “Boburnoma”da ko‘rgan yurtlarini aniq kuzatuv va nozik badiiy didi bilan ta’riflagan. Demak, dunyoni bilish bizning ma’naviy merosimizda azaldan bor bo‘lgan tashnalikdir. “Dunyo mamlakatlari”ni shu bilimga chanqoqlikning XXI asr zamonaviy javoblaridan biri, deb qarash mumkin.

Kitob tuzilishi va tarkibi

Salkam 1200 sahifali bu nashrda 236 ta mamlakat va o‘lka hamda hududiy birliklar haqida batafsil, sara va aniq ma’lumot berilgan. Ma’lumotlar alifbo tartibida joylashtirilgani sababli kitobxon istalgan mamlakatni qidirib topishi uchun ortiqcha vaqt sarflamaydi. Matnni ixchamlashtirish maqsadida xalqaro tashkilotlar — BMT, NATO, YuNESKO, MDH, YeI, YeXHT, ShHT, KXShT kabilar — qisqartmalar bilan berilgan.

Har bir mamlakatga bag‘ishlangan fasl muayyan izchillikka ega. U qisqa umumiy ta’rifdan boshlanib, quyidagi qatlamlarni ochib beradi:

  • davlat boshqaruvi shakli, milliy bayramlari, aholisi, dini, urf-odat va milliy an’analari, rahbariyati, buyuk shaxslari;
  • geografik joylashuvi va tabiati;
  • bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, eng zamonaviy tarixi, bugungi ichki siyosati, hukumatning islohot dasturlari;
  • iqtisodiy ko‘rsatkichlari va yalpi ichki mahsulotni shakllantiruvchi asosiy salohiyat;
  • tashqi siyosati, xalqaro tashkilotlarga a’zoligi, ikki va ko‘p tomonlama aloqalari;
  • O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik va diplomatik munosabatlari.

Asarning eng e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, mamlakatimiz bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar xronologik tarzda berilgan. Bugun O‘zbekiston jahonning qariyb 170 ta davlati bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan, xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz soni 65 taga, strategik sherik davlatlar soni 22 taga yetgan. Kitob bu davlatlar haqida kengroq to‘xtaladi. Shu tarzda u “dunyo qanday?” degan savoldan tashqari, “jahonda bizning o‘rnimiz qanday?” degan har bir vatandosh uchun muhim savolga ham javob beradi.

Kitobda kam uchraydigan ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Ensiklopediyada turli o‘rinlarda qariyb 4000 shaxs nomi qayd etilgan, har bir mamlakat fasli oxirida esa o‘sha davlatning qiziqarli ma’lumotlari berilgan. Bu kitobning ilmiy-ommaboplik fazilatini kuchaytiradi.

Nashr ko‘rgazmali ham: unda sayyoramizning geografik va siyosiy manzarasini ko‘z oldiga keltiruvchi taxminan 1000 ta rangli surat, bayroqlar va xaritalar joy olgan. Ta’lim nazariyasi ta’biri bilan aytganda, matn bilan tasvirning uyg‘unligi axborotni yodda saqlash va anglashni sezilarli darajada yengillashtiradi.

Afzalliklari: nima uchun aynan bu kitob?

Kitobning afzalliklarini bir nechta yo‘nalishda ko‘rish mumkin:

Qamrov va tizimlilik. 236 ta mamlakat va o‘lkaning har biri yagona reja asosida yoritilgan. Bu – qiyoslash-taqqoslash imkonini beradi. O‘quvchi ikki davlatning boshqaruv shakli, iqtisodiy salohiyati yoki tashqi aloqalarini bir-biriga solishtirib, mustaqil xulosa chiqara oladi. Qiyos esa tafakkurni o‘stiruvchi eng samarali vositalardan biridir.

Yangilik va dolzarblik. Kitobning avvalgi ixchamroq nashri 2019 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan edi. O‘tgan yetti yilda sayyoramizda juda ko‘p yangiliklar sodir bo‘ldi. 2026 yil oktyabrda chop etilayotgan ushbu nashrda hatto shu oyga tegishli yangiliklar ham bayon etilgani asarni “o‘qiladigan” emas, “yashayotgan” manbaga aylantiradi. Qomus eskirsa, u bilimdan ko‘ra eskilik yodgorligiga aylanadi; muallif esa kitobning keyingi nashrlarida ham voqealar tadriji va raqamlarni yangilab borishga imkon borligini ko‘rsatadi.

Muallif shaxsi va tajribasi. Laziz Rahmatov O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyotida muharrir sifatida ishlagan, tashqi siyosat bobida boy amaliy tajribaga ega diplomat va siyosatshunos olimdir. Bir odamda muharrirning matn intizomi, diplomatning amaliy ko‘zi va olimning tahliliy qobiliyati qo‘shilgani kitob sifatiga bevosita ta’sir qiladi.

Milliy manfaat va qadriyatlar ruhidagi yondashuv. Muallif har bir davlat haqida yozganda jarayonlarga milliy manfaatlarimiz, o‘z qadriyat va azaliy an’analarimiz ruhidan kelib chiqib yondashgani sezilib turadi. Qomus xolis bo‘lishi kerak, ammo bu kitob o‘zbek kitobxonining ko‘zi, qalb qo‘ri bilan yozilgan, shuning uchun u o‘zbek kitobxoniga yaqin.

Ijodiy mehnat ko‘lami. Odatda bunday ishga ilmiy institutlar yoki tahririyat jamoalari safarbar etiladi. Muallif esa bu ishni 2016 yildan boshlab olib borgan, tadqiqot chog‘ida tahrir hay’ati tuzilib, 50 dan ortiq olim jalb etilgan. Bir ijodkorning shuncha yil qat’iyat bilan mazkur murakkab jarayonni oxiriga yetkazishi haqiqatan ma’rifiy yutuqdir.

Ko‘rgazmalilik. Bir mingga yaqin surat, bayroq va xarita kitobni “quruq ma’lumotnoma”dan “jonli jahon ko‘zgusi”ga aylantiradi. Relef xaritalar mamlakatning qayerida bog‘, qayerida tog‘, qayerida cho‘l, qayerida suv borligini yaqqol ko‘rsatadi. Ta’lim nazariyasida “ko‘rib o‘rganish” hamisha eng kuchli yo‘llardan biri sanalgan.

Pedagogik ahamiyati

Pedagogik mahorat nuqtai nazaridan qaraganda, sifatli ta’limning mezoni – o‘qituvchining mahorati. Mahoratli o‘qituvchi esa bilimni tayyor holda uzatuvchi emas, balki o‘quvchini bilim sari boshlovchidir. Bunday yo‘lboshchiga ishonchli va ko‘lamdor manba kerak.

“Dunyo mamlakatlari” geografiya, tarix, ijtimoiy fanlar, chet tillari, xalqaro munosabatlar, hatto adabiyot va san’at darslarini mazmunan boyitish uchun tayyor material bo‘la oladi. Masalan, o‘qituvchi o‘quvchiga «mamlakat pasporti» tayyorlash topshirig‘ini berishi mumkin: joylashuvi, boshqaruv shakli, iqtisodiy salohiyati, O‘zbekiston bilan aloqalari bo‘yicha qisqa ma’lumotnoma. Bu topshiriq kitobning o‘z tuzilishiga aynan mos keladi va o‘quvchini manba bilan ishlash, faktni tanlash, qisqa va aniq ifodalashga o‘rgatadi.

Nutq madaniyati va notiqlik san’ati nuqtai nazaridan

Notiqlik san’atining qadimiy qoidasi bor: nutqning go‘zalligi uning mazmuniga tayanadi. Mazmunsiz nutq – quruq shovqin. Notiq uchun ishonchli va aniq dalil nutqning tayanch ustuni hisoblanadi. Qomusiy kitob aynan shunday dalil manbaidir. Diplomat, jurnalist, o‘qituvchi yoki talaba xalqaro mavzuda so‘zlaganda mamlakat nomi, rahbariyati, xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki va sanalarni aniq aytishi shart. Xato raqam yoki noto‘g‘ri nom ishonchni yo‘qqa chiqaradi.

Qolaversa, kitob tili lo‘nda va aniq. Bu lo‘ndalik nutq madaniyatini o‘stirishning amaliy mashqiga aylanadi: o‘quvchi bir sahifalik faslni o‘qib, uni bir daqiqalik og‘zaki taqdimotga aylantirishi mumkin. Qisqa, tartibli, dalilga boy nutqni shakllantirishning bundan yaxshi usuli kam.

Germenevtik yondashuv nuqtai nazaridan

Germenevtika – matnni tushunish va sharhlash san’ati. Pedagogning germenevtik qobiliyati matn ortidagi ma’noni, voqea ortidagi sababni, raqam ortidagi jarayonni ko‘ra olishida namoyon bo‘ladi. Qomusiy matn o‘zining lo‘ndaligi tufayli sharhga muhtoj. “Strategik sherik”, “xalqaro muloqot markazi”, “islohot dasturi” kabi iboralarning ortida katta tarixiy va siyosiy kontekst turadi. O‘qituvchi bu kontekstni ochib berib, qisqa jumlani keng tushunchaga aylantiradi. Shu tarzda o‘qish matn bilan muloqotga, muloqot esa mustaqil fikrlashga aylanadi.

Yana bir jihat: qomus shaxsiy hissiyotlardan xoli bo‘lishi kerak. Bu o‘qituvchiga qo‘shimcha imkoniyat beradi — xolis matnni o‘quvchi bilan birga tahlil qilish, faktni talqindan ajratishga o‘rgatish. Bugungi axborot toshqini davrida eng zarur ko‘nikmalardan biri shu – faktni o‘qib, uning ortidagi ma’noni mustaqil anglash, ko‘r-ko‘rona ergashish emas, balki o‘z manfaatini teran anglay olish salohiyatidir.

Tarbiyaviy ahamiyati

Boshqa xalqni bilgan kishi o‘z elini ham chuqurroq anglaydi. O‘zbekistonning jahon siyosatida faol va tashabbuskor subyektga aylangani, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan aloqalari xronologik tarzda berilgani yoshlarda vatan bilan faxr hissini uyg‘otadi.

Davlatlarning Yangi O‘zbekiston bilan munosabatlarini o‘qir ekansiz, bugun yurtimiz xalqaro muloqot, tinchlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganiga guvoh bo‘lasiz. Kitobxon mamlakatimizning tobora o‘sib borayotgan o‘rnini dunyoda o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

Kitobxonlar toifalari

  • Har bir toifa kitobdan o‘ziga xos naf oladi:
  • Tashkilot va idoralar rahbarlari hamda amaliyotchi diplomatlar – aniq ma’lumotnoma sifatida;
  • Talabalar – ilmiy ish va taqdimotlar uchun tayanch manba sifatida;
  • Maktab o‘quvchilari – dunyoni kashf etish vositasi sifatida;
  • O‘qituvchilar – darsni boyitish va o‘quvchini mustaqil izlanishga undash vositasi sifatida;
  • Sayyohlar – borayotgan mamlakatini ich-ichidan his etish uchun.

Xulosa

“Dunyo mamlakatlari” – hajmi katta bo‘lgani uchun emas, mezonlarga javob bergani uchun chinakam qomusiy kitobdir. Unda tizimlilik, xolislik, lo‘ndalik va qamrov tamoyillari amalda namoyon bo‘ladi; u yangilik, ko‘rgazmalilik va milliy manfaatlarga mos yondashuv bilan boyitilgan. Pedagogik nuqtai nazardan esa u o‘qituvchiga ishonchli tayanch, o‘quvchiga dunyoga ochilgan darcha, notiqqa dalil xazinasi, germenevtik o‘qish uchun boy matn bo‘la oladi.

Tezkor dunyoda inson butun dunyoni kezib chiqa olmasligi mumkin. Ammo ushbu muhtasham asar orqali tafakkur ila olamni kezish hamma uchun ochiq. Bu kitob ana shu yo‘lning ishonchli yo‘lnomasidir. Uni yoshlar qo‘liga tutqazish – ularning tafakkuriga keng ufq, qalbiga o‘z yurtiga muhabbat va dunyo oldidagi mas’uliyat hissini bag‘ishlashdir.

Rahimboy Jumaniyozov,
Pedagogika fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Bahriddin Muqimov, "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti o‘qituvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring