Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Bu seniki, Tumaris falonniki deb, taraf-taraf bo‘ladigan bo‘lsak...» — Matyoqub Matchonov turkiy xalqlarning birdamligi haqida gapirdi

«Bu seniki, Tumaris falonniki deb, taraf-taraf bo‘ladigan bo‘lsak...» — Matyoqub Matchonov turkiy xalqlarning birdamligi haqida gapirdi

«O‘zbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi» VII Xalqaro kongressi: o‘zlikni anglashdan ulkan muvaffaqiyatlargacha.

Tadbirning egasi – O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati. Anjuman maqsadi va vazifasini bitta jumlada aytish lozim bo‘lsa, jamiyatni nomini takrorlaysiz – O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish! Xo‘sh, bu yo‘lda qilinayotgan ishlar ko‘lami, yo‘nalishlari, detallari qanaqa?

«Xabar.uz» anjuman ishtirokchilarini suhbatga chorladi.

Tursunali Qo‘ziyev, madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari:

– Oltita kongressda boshidan beri qatnashib kelayapman. Bu davr oralig‘ida butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan O‘zbekiston madaniy merosini yagona bir tizimga jamlash muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 7-kongress bu harakatning ilmiy meros jihatini ochib berdi. Faqat madaniy meros emas, mana shu loyiha natijasida ilmiy merosimizni ham kashf qilayapmiz. Endi, deylik, Abu Rayhon Beruniy yoki Muso al-Xorazmiy qo‘lyozmalaridagi ilm-fan taraqqiyoti uchun poydevor bo‘lgan ma’lumotlar o‘rganila boshlandi.

O‘zbekiston madaniy merosini faqat madaniy merosi, uni mulki, kelajak avlodga beradigan mulki sifatida emas, balki umumjahon mulki, insoniyat tarixining ajralmas va boy qismi sifatida namoyon qilishga erishildi.

Shu maqsadda, nafaqat O‘zbekiston, balki jahon olimlarini ham jalb eta oldi. Davlat tashkilotlari, vazirliklar, agentliklar, idoralar, muassasalar, muzeylar, ilmiy muassasalar, fanlar akademiyasi, shu sohadagi nazariyotchilar, tarixchilar va amaliyotchilar, tadqiqotchilarni bir tizimga birlashtira oldi.

Davlat tashkilotlar hamda nodavlat tashkilotlari bilan bir qatorda ijtimoiy mas’ul bo‘lgan biznes sohasini ham yagona g‘oya atofida ular birlashtirilishi katta muvaffaqiyat.

Burobiya Rajabova, filologiya fanlari doktori:

– Kitoblar ham mamlakatning boyligi hisoblanadi. Loyiha doirasida dunyoning maqbul va mashhur muzeylari va kutubxonalaridan olib kelingan qo‘lyozmalarimiz kitob qilinyapti. Anjumanda ana shunday 70 ta kitobning taqdimoti bo‘lyapti. Qur’oni Karimning nusxalari Navoiy, Bobur singari buyuklarimiz asarlari, san’at asarlari. Men «Alisher Navoiyning tarixiy asarlari» mavzusida ma’ruza qildim. 

Alisher Navoiy shoir, adib, davlat arbobi va mumtoz muarrix – birinchi tushunchamiz. Ikkinchisi, u «Tarixi anbiyo va hukamo» hamda «Tarixi muluki ajam» degan ikkita katta ilmiy tarixiy asar yozib qoldirgani. Uchinchisi, Navoiy boshqa o‘ttizdan ortiq asarlarida Ali Yazdiy, Xondamir, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond kabi qator tarixiy shaxslar haqida ham ma’lumotlar yozib qoldirgani. To‘rtinchisi, Alisher Navoiyning hatto badiiy asarlarida ham tarixiy geografik atamalar bor, Misr haqida, Yassi Turkiston, Samarqand haqida ma’lumotlar shular jumlasidandir. Beshinchisi, Alisher Navoiyda etnonimlar tarixi bor. Uyg‘urlar kimlar, qiyotlar, karkaslar, barloslar, mana shular hammasi ma’ruzamda jam bo‘ldi.

Jamoliddin Abdukarimov, Xo‘jand davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi:

– Mening ma’ruzam «Farg‘ona tarixshunoslik maktabi durdonasi Muhammad Hakimxonning «Muntaxab at-tavorix» asari» deb nomlangan. XIX asrda Qӯqon xonligi tarixnavislik maktabi rivojlanib, kӯplab xonlik hayotining turli sohalarini yoritib beruvchi nodir asarlar yaratilgan. Shularning yorqin namunasi – «Muntaxab-at-tavorix» nodir tarixiy, etnografik, adabiy, geografik asar hisoblanib, ensiklopedik xarakterga ega.

«Muntaxab at-tavorix» ӯziga xos uch xil yo‘nalishni mujassamlashtirgan: jahon tarixi, lokal (mahalliy) tarix va memuar (esdaliklar). Mazkur asarning asosiy qismi Buxoro mang‘itlar tarixi, Qӯqonda hukmronlik qilgan minglar sulolasi hamda muallifning chet ellarga sayohati bayoni bӯyicha taqsimlanib, bu ma’lumotlarning barchasi Muhammad Hakimxonning ӯz qalamiga mansub qimmatli manba hisoblanadi.

Asarning badiiy bezaklari sifatida fors-tojik, ӯzbek, arab xalqlarining maqol va masallaridan unumli foydalanilgan. E. Xurshutning aniqlashicha, muallif hatto bitta Xitoy xalqi maqolini ham keltirgan.

Dilnoza Jamolova, FA tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:

– Men kongress doirasida «Kino va media olami: merosga yangicha nigoh» xalqaro konferensiyasida «O‘zbekiston tarixidagi 50 buyuk shaxs» degan ma’ruza bilan ishtirok etdim.

Bugun milliy tariximizni o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Chunki, bunga qadar tarix fani maktab darsligi holatidan chiqolmagan. Butun bir xalqimizning tarixini jonlantirish kerakligini anglab yetdik. Tarixning har qaysi tarafini o‘rganib, qaytadan kashf qilib, uning ijobiy, salbiy tomoni bilan, barcha jihatlarini o‘rganib yetkazilishi lozimligi hukumat miqyosida aytilib o‘tildi.

Kinematografiya agentligi tomonidan 2024-2030 yillarda tarixiy badiiy filmlar olish kun tartibiga qo‘yilgan. Badiiy filmlarda tarixiy shaxslarni olib chiqish birinchi o‘rinda turibdi. To‘g‘ri, bugungi kungacha tarixiy shaxslar haqida filmlar olingan. Lekin, keyingi 30-33 yillik davr davomida yana ko‘plab manbalarni o‘rganish natijasida asosiy syujetlar qolib ketgani, ularni qaytadan ko‘rsatib berish kerakligi anglashildi.

Biz 48 nafar tarixiy shaxsni, davlat va jamoat arboblarini ism-shariflarini alohida ko‘rsatdik. Masalan, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, ularni nafaqat o‘zbeklar, balki butun dunyo taniydi. Lekin, shu bilan birgalikda xalqimizga tanish bo‘lmagan, aslida esa tanishga, tanitishga arzigulik, o‘zbek xalqi tarixida muhim o‘rin tutgan yana ko‘plab shaxslar faoliyatini ham yoritish kerak. Jumladan, shayboniylardan bo‘lgan Abdullaxon nafaqat davlatchilik, Amir Temur davridagi markazlashgan davlatni tiklash, balki madaniyat, san’at sohasida, iqtisodiyot sohasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirgan. Bu insonning faoliyatini badiiy film qilish, keyinchalik serial darajasida yoritish kerakligini biz asosnomamizda ko‘rsatdik.

Bundan tashqari, afsus bilan aytish mumkin, sovet hokimiyatiga qarshi kurashda, milliy istiqlolchilik harakati boshliqlari – qo‘rboshilarni haligacha bosmachilar deb aytuvchilar bor. Agar kinematografiya agentligi Sovet hokimiyatiga qarshi 1917-1935 yillarda kurashgan yuzlab qo‘rboshilarimiz faoliyatini Shermuhammadbek, Ibrohimbek, Madaminbeklar timsollari orqali ochib bersa, ular haqidagi noto‘g‘ri fikrlarga chek qo‘yiladi, milliy tariximiz, milliy ozodlik kurashlari tarixini xolis o‘rganishimizga yo‘l beradi. Jadidlarning har birini alohida badiiy film qilsa arziydi.

Matyoqub Matchonov, kinoarboblar uyushmasi raisi:

– Taqdimotlar, qo‘shma bayonotlar hammasi yaxshi, albatta. Dunyoda global keskin, insoniyatni xavf ostida qoldiradigan voqealar yuz berayotgan bir vaqtda, har bir soha millatlar birlashishiga xizmat qilishi muhim.

Kunning birinchi yarmidagi majlisimizda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya kinochilari o‘z loyihalarini taqdim qilishdi. Hozirgi davrda tarqqiyotga faqat birdamlik yetkazadi. Ana shu birdamlikka kinochilarning vazifasi juda katta.

Turkiy xalqlarning umumiy tarixi uchun, umumiy birdamligi uchun xizmat qiladigan filmlar yaratish kerak. Agar har xil rakurslarda, tarixiy shaxslar timsolini yaratib, keyin u maniki, bu seniki, Tumaris falonniki deb, taraf-taraf bo‘ladigan bo‘lsak, biz vazifamizni bajarmagan bo‘lamiz.

Quyosh kimniki? Quyosh hammaniki. Oy kimniki? Oy hammaniki. Hammaning haqqi bor quyosh ostida, oy ostida yashashga. Turkiy xalqlarning umumiy tarixi bor. Ana shu umumiy tarixni yoritish bu xalqlarni birlashtiradi. O‘zimizning asosiy tomoshabinlarni ana shu birdamlikka qaratish uchun film yaratishimiz kerakdir.

Men bu anjumanda uchinchi marta ishtirok etayapman. Turksoy qoshida kinochilar 3 yildan beri shu yo‘nalishda oldinga birorta qadam tashlangani yo‘q. Kelinglar, katta qadamni qo‘yaylik. Turksoy qoshidagi kinoassotsiyasiga bosh-qosh bo‘ladigan rahbarlarga aytaylik, konkret vazifalar qo‘yaylik, ishga tushaylik. Kelgusi anjumanlarda ana shunday filmlar taqdimotlari bo‘lsin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring