Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li bo‘yicha qarorni imzoladi

Prezident shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li bo‘yicha qarorni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida» qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi. 

Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov) bir hafta muddatda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash hamda uning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi vazifalarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin hamda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlaydi.

Jumladan, shoirning «Tanlangan asarlar» to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish;

- davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlari hamda «Ajiniyoz» badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtirish;

- Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan «Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan» mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovini o‘tkazish;

- 2024 yilning sentyabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasini o‘tkazish;

- 2024 yilning oktyabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish;

- Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish;

- Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish;

- mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, professional, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar ishtirokida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv va adabiy kechalar uyushtirish;

- 2024 yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etish ta’minlanadi.

Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring