Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ishga kirishda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilyapti

Ishga kirishda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilyapti

Ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, xususan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinyapti.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bilan partiya elektorati uchun qator yengilliklar berilayotgani, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinayotganini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar berishdi.

Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, «Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1970-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Konvensiyaning asosiy maqsadi — barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan ta’tillarni ta’minlashdan iborat.

Fraksiya a’zolari Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishini alohida qayd etib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring