Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitoblari millionlar olib kelgan xonim

Kitoblari millionlar olib kelgan xonim

Joan Rouling – Garri Potter turkumidagi romanlar muallifi sifatida mashhur bo‘lgan yozuvchi. Uning kitoblari 500 million nusxada sotilgan va bir nechta mukofotni qo‘lga kiritgan. Shu jihatdan Joan Rouling kitoblari eng ko‘p sotilgan muallif sifatida ham tanilgan.

Britaniyalik bu adiba tasavvuri va iste’dodi tufayli millionlab o‘quvchilarni oshufta qiluvchi dunyoni aks ettirdi. U go‘yo «yo‘q joy»dan paydo bo‘ldi. Roulingning Potter haqida yozgan kitoblari asosida suratga olingan filmlar kassabop kinoepopeyalarga aylangan. Britaniya adabiyoti rivojiga hissa qo‘shgani uchun Joan Rouling «Xyugo mukofoti», Britaniya imperiyasi Faxriy legion nishonlari bilan taqdirlangan...

Bolalik, ayriliq va kitoblar

Joan Rouling 1965-yil 31-iyulda Angliyaning Glostershir grafligida muhandis Piter Jeyms Rouling va Enn Volan oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi oddiy uy bekasi bo‘lib, yarim fransuz, yarim shotlandiyalik edi. Otasi esa zavodda muhandislik qilardi. Joan ikki yoshga to‘lishi arafasida singlisi Dayann ham tug‘ildi. 1969 yili oila qo‘shni Vinterburn qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi.

Xonadon bekasi Enn bor vaqtini oilasiga bag‘ishlar, farzandlarining yaxshi ta’lim olishlariga intilardi. U qizlariga ertaklar o‘qib berishni kanda qilmasdi. Besh yoshida Joan yoddan bilmagan birorta ertak qolmadi. Uning adabiyotga mehri uyg‘onishida onasining o‘rni beqiyos bo‘ldi.

Joan boshlang‘ich ma’lumotni avliyo Mixail maktabida o‘qidi. Taxminlarga ko‘ra, mazkur ilmgoh direktori Alfred Dann keyinchalik yozilgan Garri Potter maktabining direktori Albus Dambldorning prototipi bo‘lgan.

Bo‘lajak adiba bolaligida fantastik hikoyalar yozar, ularni singlisiga o‘qib berardi. «Hozirgacha esimda, men Dayannga uning quyonlar uyasiga tushib qolgani va quyonlar oilasi qulupnay yedirgani haqida aytib berardim, – deb xotirlaydi Rouling. – Birinchi yozgan hikoyam (besh yoki olti yoshimda) Quyon haqida bo‘lganini aniq eslayman. Bu qahramon qizamiq bilan og‘riydi va huzuriga do‘stlari, shuningdek, ulkan Asalari xonim keladi».

To‘qqiz yoshida ularning oilasi Tatshilldagi kottejga ko‘chib o‘tdi. Joan uyatchan, odamovi bo‘lib o‘sdi. U mudom xayol surib yurar, daftariga nimalarnidir yozardi. O‘zining aytishicha, bu oson bo‘lmagan.

Opa-singil Roulinglarning o‘rtoqlari Vinterburnga ko‘chganlaridan keyin paydo bo‘ldi. Ulardan birining familiyasi Potter edi. Rouling tan olishicha, o‘zinikidan ko‘ra shu familiya unga yoqqan.

Rouling 15 yoshda bo‘lganida oila yana ko‘chdi. Bu Joan uchun ko‘nikib qolgan muhitni o‘zgartirish, ayni o‘smirlik davrida do‘stlari bilan xayrlashish, yangi maktabga o‘tish degani edi. Buvisi unga Jessika Mitford tarjimai holi yozilgan eski kitobni sovg‘a qildi. Mitford Roulingning qahramoniga aylandi va u bu adibaning barcha kitoblarini o‘qib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Joanning buvisi vafot etdi, onasi esa parishonxotirlik skleroziga yo‘liqdi. Davolash ijobiy natija bermadi, shu bois uning ahvoli yomonlashaverdi.

«Men baxtiyor emas edim, – deydi Rouling. – Bu hayotimning eng og‘ir davri bo‘lgan». Joan uydagi hayotdan norozi edi. Uning onasi betob, o‘zining esa otasi bilan munosabati yaxshi emasdi.

Uydagi og‘ir sharoitga qaramay, Joan maktabda yaxshi tahsil oldi. U sinfboshi edi. Universitetga kirishdan oldin esa ingliz, fransuz va nemis tillarini o‘rgandi, imtihonlarni ikkita «a’lo» va bitta «yaxshi»ga topshirdi. Ammo 1982 yili u Oksford universitetidan yiqilib, Ekseter universitetiga o‘qishga kirdi. Tahsilni tugatgach, fransuz va klassik filologiya bo‘yicha bakalavr darajasini oldi. Universitet professori Martin Sorrellning aytishicha, «Joan qora sochli bo‘lib, jinsi kurtka kiyib yurar, ko‘rinishidan muhim ishlar bilan band odamdek taassurot qoldirardi. Aslida u hech qanday ish qilmas, musiqa tinglar, Dikkens va Tolkinni o‘qir edi».

Mushtumzo‘r iskanjasi

1986 yili Parij universitetini tamomlagan Rouling Londonga jo‘nadi va «Xalqaro amnistiyalar» tadqiqot bo‘limida kotiba bo‘lib ishlay boshladi. Keyinchalik ishdan bo‘shagan Rouling yosh yigitcha bilan Manchesterga ketishga qaror qildi. 1990 yili, Manchesterdan Londonga jo‘naydigan poyezd to‘rt soat ushlab qolinganida esa, Roulingning miyasiga sehrgarlik maktabida o‘qiydigan bola haqidagi roman g‘oyasi «to‘la-to‘kis shakllangan holda» keldi. Bu g‘oya qayerdan paydo bo‘lgani noma’lum. U Garridan boshlandi va barcha qahramonlar, voqealar shiddat bilan yopirildi.

«Aksiga olib o‘sha paytda yozish uchun ruchkam yo‘q, birovdan so‘rab turishga esa uyalardim, – deydi Rouling. – O‘ylaymanki, bu yaxshilikka bo‘lgan. Men shunchaki o‘tirdim va to‘rt soat mobaynida (poyezd ushlab turilganida) o‘yladim. Barcha tafsilotlar miyamda ko‘pchidi va o‘zining sehrgar ekanligini bilmaydigan qora sochli ko‘zoynak taqqan bolakay borgan sayin menga haqiqatda mavjuddek tuyulaverdi. Agar o‘shanda voqealarni qog‘ozga tushirganimda, ehtimol, fikrlarni paysalga solishim ham mumkin edi». 

Rouling uyiga yetib borgach, darhol yoza boshladi. O‘sha yilning dekabr oyida, o‘n yillik parishonxotirlik sklerozidan so‘ng Roulingning onasi vafot etdi. «Onam o‘lganida men Garri Potterni yozayotgandim, – eslaydi Joan. – Men unga hech qachon Garri Potter haqida aytib bermagan edim».

Onasining o‘limi Roulingga qattiq ta’sir qildi. Shu bois birinchi kitobda Garrining ota-onasidan ajralishini batafsil yoritdi – muallif bu hissiyotni boshidan kechirgan edi.

Bu orada «Gardian» gazetasida e’lonni o‘qib qolgan Rouling ingliz tilidan saboq berish uchun Portu (Portugaliya)ga ko‘chib o‘tdi. U kunduzi dars berar, kechqurunlari esa Chaykovskiy musiqasini tinglab yana yozishda davom etdi. O‘sha yerda barda Rouling telejurnalist Jorj Arantes bilan tanishdi. 1992 yil 16 oktyabrda ularning to‘yi bo‘lib o‘tdi. 1993 yilning 27 iyulida qizaloq Jessika Izabel Rouling Arantes dunyoga keldi (go‘dak ismi Jessika Mitfordga ehtirom sifatida qo‘yilgan). Farzand tug‘ilgach, oila mustahkamlanishi o‘rniga er-xotin kelisha olishmadi. Rouling biografchilarining aytishicha, adiba nikohda bo‘lganida mushtumzo‘rlik qurboni bo‘lgan. Arantes bergan intervyuga ko‘ra, u tonggi soat beshda Joanni uydan haydab chiqargan va urgan.

1993 yilning dekabr oyida Joan Rouling qizalog‘i va jomadonga solingan «Garri Potter»ning uchta bo‘limi bilan birga singlisining yonida bo‘lish uchun Edinburg (Shotlandiya)ga ko‘chib o‘tdi. Hayotining ayni shu bosqichida unda oilasidagi parokandalik, ruhiy jarohatlanish va ishsizlik bilan bog‘liq uzoqqa cho‘ziladigan siqilish holati boshlandi. Rouling, tibbiy tilda aytganda, klinik ruhiy siqilishga duchor bo‘lgan, unda o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar g‘ujg‘on o‘ynar edi. Rouling  ijtimoiy yordam puli ola boshladi. O‘zining so‘zlariga qaraganda, Rouling «zamonaviy Buyuk Britaniyaga xos – daydilikdan xoli kambag‘al edi».

Universitetni tugatganiga yetti yil bo‘lgan Rouling o‘zini «eng katta omadsiz» deb hisoblardi. Uning oilasiga darz ketdi, o‘zi qo‘lida bolasi bilan ishsiz qoldi. Ammo Joan o‘zining omadsizligini erkinlik deb ham baholadi: «Omadsizlik muhim bo‘lmagan yumushlardan uzoqlashishni anglatar edi. O‘zimni asliyatimdan ko‘ra boshqacha ko‘yga solishni bas qildim va butun quvvatimni men uchun ahamiyatli hisoblangan yagona ishni yakunlashga qaratdim. Agar boshqa ishga ham ulgurganimda qat’iyat ko‘rsatmasdim. Men erkin bo‘ldim, chunki katta qo‘rquvim ro‘y berdi. Men hanuz hayot edim, yaxshi ko‘radigan qizim bor. Mening eski yozuv mashinkam va ulkan g‘oyam mavjud edi. Toshdan iborat poydevor mustahkam bo‘lib, men uning zamirida hayotimni barpo etdim».

Eri qizini olib ketish uchun kelganida Joan yanada tushkunlikka tushib qoldi. U himoya orderi oldi va 1994 yilning avgustida ajrashish haqida sudga ariza berdi. Muammo sud orqali hal bo‘lgach, Arantes Portugaliyaga qaytib ketdi. Ana shundan so‘ng Joanning hayoti asta-sekin maromiga kela boshladi.

«Rahmat senga, Alisa»

Rouling hanuz ijtimoiy yordam puli hisobiga yashar edi. U ko‘p sonli kafeda o‘tirib yoza boshladi. Bu esa keyinchalik turli gap-so‘zlar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Rouling ijaraga olgan uyda isitish tarmog‘i yo‘qligi bois yemakxonada ijod qilgan emish! U esa shunday izoh berdi: «Men qishning chillasida Edinburgda isitish tarmog‘i bo‘lmagan uyni ijara olish darajasida ahmoq emas edim. Qizim sayrda yaxshi uxlagani sababli kafeda yozganman».

1995 yili Rouling «Garri Potter va falsafa toshi» romanining qo‘lyozmasini eski mashinkasida yozib tugatdi. Asarning uchta bobini o‘qib baho berishi so‘ralgan Brayon Ivensning shavq-zavqqa to‘la taqrizidan so‘ng adabiy agentlik noshir izlay boshladi. Kitob o‘n ikkita nashriyotga yuborildi va ularning barchasi chop etishdan bosh tortdi. Oradan bir yil o‘tib, nihoyat yashil chiroq yondi. Londondagi «Bloomsbury» nashriyoti muharriri Barri Kanningem kitobni bosishga rozi bo‘lgan va 1500 funt miqdorida avans ham yuborgan edi. Aslida Rouling Kanningemning qizchasi Alisa Nyutondan minnatdor bo‘lishi kerak. Kanningem kitobni sakkiz yoshli Alisaga bergan, qizaloq o‘qib chiqqach esa davomini talab qilib turib olgan edi. Garchand Kanningem Garri Potter haqidagi kitobni nashr etishga rozi bo‘lsa-da, Roulingga bolalar adabiyotidan kam pul ishlashini aytib, boshqa ish bilan shug‘ullanishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, 1997 yili Rouling asarning davomini yozishi uchun «Scottish Art Council» tomonidan 8 ming funt miqdorida grant puli oldi.

1997 yilning iyunida «Bloomsbury» «Falsafa toshi»ni 1000 nusxada chop etdi, uning 500 tasi kutubxonalar o‘rtasida tarqatildi (bugun kitobning ana shu nusxalari 16 mingdan 25 ming funtgacha turadi). Oradan besh oy o‘tgach, «Falsafa toshi» birinchi mukofotni qo‘lga kiritdi. Fevralda esa «Yilning eng yaxshi bolalar kitobi», keyinroq yana bir nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi. 1998 yil boshlarida AQShda mazkur romanni chop etish huquqini qo‘lga kiritish uchun kimoshdi savdosi o‘tkazildi va 105 ming dollar evaziga «Scholastic Inc» nashriyoti yutib chiqdi. Roulingning so‘zlariga ko‘ra, u bu haqda eshitib sal bo‘lmasa o‘lib qolayozgan. Amerika nashriyoti «Falsafa toshi»ni «Garri Potter va sehrli tosh» nomi bilan chop etdi. Buning sababini bolalar nomlanishda «falsafa» so‘zi bo‘lgan kitoblarni o‘qishni xohlamasliklari bilan izohlashdi.

Nashriyotdan pul olgan Rouling nufuzli hududdan uy xarid qildi va darhol ko‘chib o‘tdi. Ona-bola mushuk, quyon kabi uy jonivorlarini ham boqa boshladilar. Ilgari bunga qurblari yetmasdi.

Birinchi romanning davomi «Garri Potter va maxfiy xona» 1998 yilning iyulida nashr qilindi. Keyingi yili dekabrda esa «Garri Potter va Azkaban mahbusi» chiqdi. Har ikkala kitob ham nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritdi. To‘rtinchi kitob – «Garri Potter va olov kubogi» 2000 yilning 8 iyulida Buyuk Britaniya va AQShda bir vaqtda chiqdi hamda har ikkala mamlakatda rekord o‘rnatdi. Buyuk Britaniyada birinchi kuni 372.775 nusxada sotildi. Amerikada esa dastlabki 48 soatda 3.000.000 donasi sotilib ketdi. Rouling romanni yozayotganida og‘ir hissiyotlar holatida bo‘lganini tan oldi: «To‘rtinchi kitobning yarmini yozganimda syujetda jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganimni sezdim... Bu kitob bilan mening ayrim qora kunlarim bog‘lanib ketgan... Bir bobni 13 marta qayta yozganman, ammo o‘qiganlardan hech kim buni ilg‘ay olmaydi». Muallif yana bir nufuzli mukofot bilan taqdirlandi.

Hujjatli va badiiy film

2001 yilning 26 dekabrida Rouling anesteziya bo‘yicha mutaxassis Nil Maykl Myurreyga turmushga chiqdi. Bu har ikkalasining ham ikkinchi nikohi edi. 2003 yil 24 martda ularning o‘g‘li Devid Gordon Rouling Myurrey tug‘ildi. Qizaloq Makkenzi Jin Rouling Myurrey esa 2005 yil 23 yanvarda dunyoga keldi. Oila Edinburgda, yozuvchilar Ien Renkin, Aleksandr Makkoll va Keyt Atkinson bilan yonma-yon yashaydi.

«Garri Potter va olov kubogi» bilan beshinchi roman – «Garri Potter va qaqnus nishoni» oralig‘i uch yilga cho‘zildi. Tanaffus chog‘ida matbuotda Roulingda ijodiy tanazzul boshlangani haqida mish-mishlar tarqaldi. Keyinroq Rouling mazkur romanni yozish undan katta kuch talab qilganiga iqror bo‘ldi.

«Garri Potter va chala zotli shahzoda» nomli oltinchi kitob 2005 yil 16 iyulda chiqdi. U ham rekord o‘rnatdi – dastlabki 24 soatda 9.000.000 nusxada sotildi. Kitob chiqishidan avval Rouling muxlislardan birining xatiga javob berar ekan, shunday dedi: «Oltinchi kitob uzoq yillar rejalashtirilgan, biroq jiddiy ravishda yozishdan oldin qilayotgan ishimga mutlaqo ishonch hosil qilishim uchun ikki oy mobaynida rejani ko‘rib chiqdim». Mazkur nashr ham «Yil kitobi» sifatida mukofotlandi.

2006 yilning dekabr oyida mazkur turkumdagi yettinchi kitob nomi e’lon qilindi – «Garri Potter va o‘lim tuhfalari». Kitob holida esa 2007 yil 21 iyulda nashr etildi. Birinchi kuni Buyuk Britaniya va AQShda 11.000.000 dona sotildi.

Mazkur kitobni yozayotganida Rouling haqida hujjatli film suratga olinayotgan edi. Unda Rouling Garri Potter haqidagi birinchi kitobini yozgan Edinburgdagi eski uyiga boradi va ko‘z yoshlarini tiya olmaydi. «Men aynan shu maskanda hayotimni o‘zgartirib yubordim». Film 2007 yilning 30 dekabrida Buyuk Britaniyaning UTV kanali orqali namoyish etildi. 

Joan Rouling qalam haqiga har yili bir nechta nol qo‘shilaverdi. Sakkizinchi kitob ham yozildi.

Bu orada kinochilar «Garri Potter»ni ekranlashtirish taklifini berdilar. «Warner Bros.» Roulingning har qancha talab va g‘oyalarini qabul qildi. Eng asosiy shartlardan biri film Britaniyada va britaniyalik aktyorlar ishtirokida suratga olinishi kerak edi. Qolaversa, Rouling filmlar turkumini qo‘llab-quvvatlashda homiylikni yutib olgan «Coca-Cola» bir tashkilot va qator dasturlar uchun 18 million dollarni xayriya qilishi kerakligini shart qilib qo‘ydi.

Dastlabki to‘rtta, oltinchi va yettinchi kitob ssenariysini Stiv Klovz yozdi. Rouling film voqealari keyingi kitoblarga zid tushmasligi uchun u bilan birga ishladi. Filmlar ustidan ijodiy nazoratni ham qo‘liga oldi, ssenariylarning hammasini ko‘zdan kechirdi va keyingi ikki qismning prodyuseri sifatida ishtirok etdi.

Dastlab rejissyor sifatida Stiven Spilberg ko‘zda tutilgan edi. Biroq Spilberg o‘ylab ko‘rib, rad etdi. U asar asosida multfilm ishlashni xohlagan, Rouling va «Warner Bros» badiiy film suratga olish istagida edilar. Har qanday holatda ham loyiha tijoriy jihatdan muvaffaqiyat qozonishi turgan gap edi.

125 million dollarlik budjet asosida ishlangan film xarajatlarni bir necha karra qopladi. Milliardga bir necha tanga yetmadi, xolos. Vaholanki, shov-shuvli «Uzuklar hukmdori» 900 millionga ham tortmadi. Rouling muxlislar qalbida fantaziya janri ustasi Jon Tolkiyendan ham o‘zib ketgan edi.

2011 yili Joan Rouling film ijodkorlari bilan birga Garri Potter haqida turkum filmlari bilan «Kino san’atiga Buyuk Britaniya hissasini qo‘shgani uchun» maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

Rouling Garri Potter bilan bog‘liq barcha manbalar yangi veb-loyiha – «Pottermore»da jamlanishini e’lon qildi. 2012 yil aprelda, sayt ishga tushgach esa, u Garri Potter ensiklopediyasi ustida ish boshladi. Tushadigan mablag‘ xayriya maqsadlariga yo‘naltirilishi belgilandi.

Milliardermi yoki?..

Rouling o‘zining adabiy agenti Kristofer Litll bilan xayrlashdi va Nil Bler tashkil etgan agentlikka o‘tdi. Bir yildan so‘ng Blerning «Blair Partnership» agentligi o‘z saytida Rouling kattalar uchun asar chiqarishga hozirlanayotganini e’lon qildi. Rouling esa yangi loyiha va Potter turkumi haqida quyidagilarni qayd etdi: «Garchand «Garri Potter»ni yozish menga huzur-halovat baxsh etgan bo‘lsa-da, navbatdagi romanim undan mutlaqo farq qiladi». 12 aprelda mazkur kitob nomi «Tasodifiy lavozim» bo‘lishi oshkor etildi. Rouling hali chiqmagan romani haqida Cheltnem festivali, Charli Rouz shousi va «Lennoxlove» kitoblar anjumanida intervyu berdi va chiqishlar qildi.

«Tasodifiy lavozim» bir million nusxada chop etilib, dunyo bo‘ylab sotildi.

2013 yilning sentyabrida «Warner Bros.» Rouling bilan ijodiy hamkorlikni kengaytirganini e’lon qildi va Nyut Skamander haqida turkum filmlar ustida ish boshladi.

Bugungi kunda Garri Potter dunyo miqyosida brend hisoblanib, 15 milliard dollarga baholangan. Keyingi to‘rtta kitob eng tez sotilgan nashr sifatida tarixda qoldi. Umumiy hajmi 4195 sahifa bo‘lgan mazkur turkum to‘liq yoki qisman 65 ta tilga tarjima qilingan. Eng muhimi esa, «Garri Potter...» kitobdan uzoqlashib, kompyuter va televideniyega yuz burgan o‘smirlar o‘rtasida mutolaaga qiziqish uyg‘otgani bilan qadrlidir.

Bir paytlar ijara uyda istiqomat qilgan Rouling Shotlandiyadan XIX asrga tegishli koshonani sotib olgan. Shuningdek, g‘arbiy Londondagi Kensington shahrida uning 4,5 million funt sterlingga baholangan uyi mavjud. Mazkur mulk joylashgan ko‘cha kecha-yu kunduz maxsus soqchilar tomonidan qo‘riqlanadi.

«Forbes» 2004 yili Roulingni kitob yozish orqali ilk bor milliarder bo‘lgan inson va ko‘ngilochar sohadagi ikkinchi eng boy ayol deb topgan edi. Biroq adiba jurnal hisob-kitobini inkor qilib, puli juda ko‘pligi, biroq milliarder emasligini ta’kidladi. 2012 yili «Forbes» uni milliarderlar safiga qo‘shmadi, buni Joan Roulingning xayriya uchun 160 million dollardan oshiq pul sarflagani va Buyuk Britaniyada soliq stavkalari yuqori ekanligi bilan izohladi.

Rouling Garri Potter tarixi bilan bog‘liq kitoblardan tashqari, bolalar uchun boshqa asarlar ham yozgan. Chunonchi, 2001 yildan 2008 yilgacha «Xayoliy hayvonlar va ularning yashash joyi», «Hazilkash Quyon va uning nodon mazaxchisi», «Sehrli Omad favvorasi», «Uch og‘a-ini haqida ertak», «Afsungarning paxmoq yuragi», «Afsungar va sakrovchi tuvak», «Kviddich qadimdan bizning kunlarimizgacha», «Kuychi shoir Bidlyaning ertaklari» va boshqa kitoblarni yozdi.

Kechirim, vahima va g‘oyalar

Bu orada giyohvandlikdan xalos bo‘lish uchun davolanayotgan Arantes «badfe’l xotinini baqirib yig‘layotgan go‘dak bilan uyining eshigidan chiqarib tashlagani» haqida intervyu berdi. Intervyu «bomba» bo‘lmadi. Hayotda yutqazgan odam kimni ham qiziqtirardi?

Shundan so‘ng Arantes qilmishidan qattiq pushaymon bo‘ldi. Britaniyalik jurnalistlarga bergan intervyusida u ko‘z yoshi to‘kib Joandan kechirim so‘radi. Ertalabki quyosh nurlari ostida gazeta varaqlab, Arantesning tavbasi haqida o‘qigan Joan Rouling yengil tin oldi. Bu qachondir ro‘y berishini u his qilardi. Endi Rouling o‘tmishidan ozod edi.

2013 yilning aprel oyida «Little Brown» nashriyoti tomonidan qandaydir Robert Gelbreytning «Kakku ovozi» nomli ilk romani chiqdi. Nashriyot muallifni «2003 yili fuqarolik xavfsizligi sohasiga ishga o‘tgan shtatlik sobiq harbiy tergovchi» deb tanishtirgan edi. Qattiq muqovada 1500 nusxada bosilgan mazkur kitob boshqa detektiv mualliflari va tanqidchilarning ijobiy bahosini oldi. Hatto kitob «yulduzli debyut» deb nomlandi. Keyinroq «Kakku ovozi» muallifi Rouling bo‘lib chiqdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, kitob sotuvi 4000 foizga o‘sdi va nashriyot uni talablarga muvofiq 140.000 nusxada chop etdi.

Rouling kitobni o‘quvchilar bahosi va xolis fikrlarni bilish uchun taxallus ostida chop etganiga iqror bo‘ldi. Mazkur asarning davomi bo‘lmish «Pilla qurti» 2014 yilning iyun oyida nashr qilindi.

Joan Roulingdan hayotining qaysi pallasida o‘zining mashhurligini his etganini so‘rashganida u shunday deb javob bergan: «Amerika bo‘ylab ikkinchi tashrifim sira unutilmaydi. Bu vaqtda kitoblarim nihoyatda ommalashib ketgan, biroq men hali mazkur jarayon bilan jismonan to‘qnash kelmagan edim. Tadbir o‘tkaziladigan joyga mashinada borayotganimiz yodimda. Odamlar turgan navbat bir nechta mavzega qadar cho‘zilib ketgan edi. Men «Scholastic» nashriyotida ishlaydigan va do‘stimga aylangan Kris Morandan: «Kris, qandaydir sotish aksiyasi bo‘lyaptimi?» deb so‘radim. U esa menga qarab turib: «Aqldan ozmadingmi? Bularning hammasi sen uchun turishibdi-ku!» – dedi. Hayratomuz, shu bilan birga vahimali edi bu. Qo‘rqinchli, chunki men bunday bo‘lishini kutmagan edim. Avvalgi safar bir necha yuz kishi kelgan bo‘lsa-da, biroq hozirgidek tumonat odam yig‘ilmagan, shov-shuv qilishmagan edi.

Rouling omma orasida onda-sonda ko‘rinadi, kam intervyu beradi. Aynan shu bois bo‘lsa kerak, uning shaxsiga qiziqish oshaveradi.

Joan Rouling avvalgidek qo‘lda yozishni yaxshi ko‘radi. Ruchka va qog‘ozdan foydalanib dastlab qoralamalarni bitadi, keyin esa matnni kompyuterda teradi.

– Menda kitob uchun g‘oyalar qayerdan tug‘iladi, tushunmayman, – deydi u. – Bu haqda hech qachon bilmasam kerak. Agar miyamda meni xayol surishga majbur qiladigan shunchaki kichik burma-burma joylar borligi oydinlashsa, barcha xushvaqtliklar yo‘qolib ketsa kerak.

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring