Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishi mumkin
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Malayziyaning robototexnika yechimlari bo‘yicha yetakchi kompaniyasi bo‘lgan «Meraque Group» bilan strategik hamkorlikka doir anglashuv memorandumini imzoladi.
Ushbu hamkorlik ikkala tashkilot uchun muhim bosqich bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sohasida innovatsiyalar, hamkorlik va o‘sishni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro majburiyatlarini ifodalaydi.
O‘zbekiston keng qishloq xo‘jaligi yerlariga ega bo‘lib, qariyb 4,3 million gektar yer dehqonchilikka, jumladan, bir million gektar paxta va yana bir million gektar boshqa turli ekinlarga mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha, «Meraque» kompaniyasi bozorning ulkan salohiyatini tan olgan holda, ushbu hamkorlikni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorida inqilob qilish uchun dron texnologiyalari va robotli yechimlar bo‘yicha o‘z tajribasini kengaytirish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
Kelgusi uch yil ichida kompaniya O‘zbekistonda ilg‘or ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 20 million Malayziya ringgiti (taxminan 4,78 mln AQSh dollari) miqdorida sarmoya kiritmoqchi. Ushbu tashabbus 1000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratishi va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatishi kerak.
Kompaniya, shuningdek, mintaqa bo‘ylab qishloq xo‘jaligi texnologiyasini yanada rivojlantirish uchun 30 million Malayziya ringgiti (taxminan 7,12 mln AQSh dollari) miqdorida potensial investitsiyani jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Ushbu hamkorlikning muhim jihatlaridan biri «Meraque» kompaniyasi qishloq xo‘jaligi uchun dronlar ekotizimini yaratish siyosatini ishlab chiqishi bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistondagi 100 mingta fermerning samaradorlik va barqarorligini oshirishiga umid qilinyapti.
Malayziya kompaniyasi shuningdek, dron operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv dasturlari orqali o‘qitish va bilim almashishga e’tibor qaratadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter