Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parlament Quyi palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi

Parlament Quyi palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shunga ko‘ra, beshta siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga mazkur siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar partiya ro‘yxatidagi nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, milliy saylov tajribasida ilk marotaba beshta siyosiy partiya tomonidan barcha darajadagi deputatlik o‘rinlariga 100 foiz nomzodlar ko‘rsatildi.

Xususan, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga jami 875 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 3 625 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga jami 24 850 nafar nomzodlar, ya’ni barcha saylov okruglarida nomzodlar to‘liq ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning:

  • o‘rtacha yoshi 47,2 yosh. Ulardan 44,2 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 44,3 foizi – 45-60 yoshdagilardir. Nomzodlar orasida eng yoshi 25 yosh.
  •  nomzodlarning 99,3 foizi oliy ma’lumotli. Shundan iqtisodchilar – 20,2 foiz, pedagoglar – 27,9 foiz, muhandislar – 7,9 foiz, shifokorlar – 9,1 foiz, huquqshunoslar – 16,5 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 18,4 foizni tashkil etadi. 
  • nomzodlarning 42,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Bundan tashqari, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Qaror bilan Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti 2024 yil 22 sentyabrdan boshlanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi saylovning aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimi asosida o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring