Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Jinoyat kodeksining 235-moddasini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu hujjat loyihasi bilan 235-moddada nazarda tutilgan jinoyatning og‘irlashtiruvchi holatlar doirasini qiynoqqa solish natijasida odam o‘limi kelib chiqqanligi uchun alohida qismda javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, bunday yondashuv kelajakda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik ta’minlanadi.

Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, amaliyotda qiynoq oqibatida odam o‘limi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Misol tariqasida, 2020-yil 30-may kuni Andijon viloyati IIB 6 nafar xodimlari tomonidan, shuningdek, 2023-yil 4-iyun kuni Bo‘ka tumani IIBning 2 nafar xodimlari tomonidan sodir etilgan qiynoq oqibatida gumon qilinuvchilar vafot etgan. Ularning harakatlari Jinoyat kodeksining 235-moddasi bilan bir qatorda, 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan qo‘shimcha malakalangan.

Jinoyat kodesiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq esa, 235-modda 3 va 4-qism bilan to‘ldirilyapti.

Ya’ni, unga ko‘ra:

  • ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring