Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«To‘lov» yoxud og‘ir badal haqida og‘ir kino

«To‘lov» yoxud og‘ir badal haqida og‘ir kino

foto: kino TV. ru

O‘n yildan beri tinch-totuv yashayotgan baxtli oila. Ularning bir nafar qizi bor – ismi Sofi. Er-xotin bir-birini juda hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi. Ularning hamma narsasi – uyi bor, erkakning yaxshi kar’yerasi. Ammo kunlardan bir kun 5 yoshli qizalog‘i Sofini yangi enaga garovga oladi. Ishga ketayotgan er-xotinni esa bir erkak. Voqealar shundan keyin shiddat bilan rivojlanadi.

Kanada, Buyuk Britaniya kinoijodkorlari tomonidan 2007-yilda tasvirga olingan «To‘lov» (Vikup) yoki «Badal» triller, drama janridagi ushbu kinoni rejissyor Mayk Barker ishlagan. Tom Rayan rolini mashhur aktyor Pirs Brosnan o‘ynagan. Doimo ijobiy qahramon rolidagi aktyorni bu safar bosqinchi, zo‘ravon rolida ko‘rasiz.

Baxtli oilaning boshlig‘i Neyl Rendell rolida esa yana bir mashhur aktyor Jerar Batler o‘ynagan. Uning xotini Ebi Rendell – Mariya Bello ijrosida.

Betoqatlik, betoqatlik yana betoqatlik

Ha, siz er-xotinni garovga olgan anavi zo‘ravon erkakning har bir hatti-harakatidan nafratlanasiz, ichingiz qiziydi, betoqatlanasiz – qani endi do‘pposlab tashlasam deysiz. Avvalo, u oila boshlig‘i Neylning bankdagi barcha pullarini qo‘l qo‘ydirib oladi.

140 ming dollar, hazilakam pul emas. Oladi... va shunchaki yoqib suvga tashlab yuboradi. Bir chemadon pul-a. Demak talonchiga pul kerak emas – unda nima kerak? Tom er-xotinni chizgan chizig‘idan yurishga majbur qiladi. Yana siz har daqiqasi jumboqqa aylanib borayotgan ushbu filmda er va xotinga ichingiz achiydi, ularning ruhiy muvozanati buzilayotganiga, asabiylashayotganiga, chorasizligiga teng sherik bo‘lasiz. Anavi er-xotin birlashib bir urib hushidan ketkazsa bo‘lmaydimi, yo‘q sening aytganingni qilmayman desa bo‘lmaydimi, qo‘lidan chiqib qochib ketsa bo‘lmaydimi, deysiz. Yo‘q bo‘lmaydi. Axir uyda enaga qizi Sofini garovga olgan. Sofining ota-onasi bu erkakning aytganini qilmasa Sofi o‘ladi, uni boshqa hech qachon ko‘rishmaydi.

Talonchi Tom bir sahnada Ebining qo‘liga hujjatni beradi, erining boshlig‘iga yetkazishi uchun va shu bilan Neylning kar’yerasiga putur yetkazilishini aytadi. Ayol hujjatni boshliqqa bermay desa qizi Sofi, beray desa eri qamalib ketishi mumkin. Shunda kinoning yanayam jumboqli, yanayam intrigali joyi keladi. Tom Neylga «xotiningga telefon qil, hujjatni rahbaringa bermasin», deydi. Sizning esa battar jahlingiz chiqadi, bu erkak o‘zi nima istaydi... axir ayol hujjatni berishiga bir qadam qoldi... Neyl  ko‘z oldida boshlig‘iga hujjatni berayotgan ayoliga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatni berma, deydi. Ammo ayol ikkilana-ikkilana hujjatni boshlig‘iga uzatadi –bum! tamom... Ayol u yerdan chiqqach Neyl:

– Ebi men senga hujjatni rahbarimga  berma degandim, – deydi.

Ayol aytadi:

– Hujjatni bermasam u Sofini o‘ldirardi... berma deb yana o‘zi aytdimi?

Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, ayol hujjatni boshliqqaa berib bo‘ladi. Bu o‘rtada qanchadan-qancha asab tolalari chirt-chirt uziladi. Siz esa anavi ruhiy kasal erkakdan nafratlanasiz, hozir oldingizda paydo bo‘lsa bir urib sulaytirib qo‘ygingiz keladi.

Yana bir sahnasi: Oila boshlig‘i Neyl tepalikdan qo‘rqadi. Ammo unga Tom soat sakkizgacha bajarishi uchun topishmoqli topshiriq beradi. Neyl topshiriqni tushunmaydi. U yoqqa qaraydi, bu yoqqa qaraydi va juda tepada, juda balandlikda soatni ko‘radi. Soat sakkiz bo‘lishiga 10 daqiqa qolgan. Ha demak o‘sha tepalikka chiqish kerak, garovga olgan erkak uning tepalikdan qo‘rqishini biladi hatto, ammo u oilasi uchun, qizi uchun ham chiqishi kerak. Tepaga chiqadi, emaklab qoladi, axir u tepalikdan qo‘rqadi. Shunda Tom pastdan unga baqiradi: (eslatib o‘taman bu paytda u Ebiga to‘pponcha o‘qtalib turadi)

– Neyl o‘sha tepalikda tik tur?  Eng chegarasida, qirg‘og‘ida tuuur.

Pastda xotini yig‘laydi:

– Unday topshiriq berma, axir u tepalikdan qo‘rqadi... Neyl ehtiyot bo‘l, deydi.

Oila boshlig‘i qaltirab, tushib ketay, tushib ketay deb o‘sha tepalikning qirg‘og‘iga chiqadi. Siz esa ishqilib Neyl affekt holatida o‘zini pastga tashlab yubormasin yoki oyog‘i toyib tushib ketmasin, deb jon hovuchlaysiz. Yana anavi bosqinchining boplab yuzini bejagingiz, do‘pposlagingiz keladi.

Ammo osmon uzoq yer qattiq...

Erkak yana ular bilan o‘yin o‘ynashni boshlaydi, ularga bir soat vaqt beradi: «Mana bu qutini bir joyga olib borasanlar». Lekin ular quti bilan qo‘lga tushishlari mumkin. Balki unda jinoiy ashyo bordi, balki narkotik... Yo‘l- yo‘lakay politsiyalar oldidan har bir lahzasi do‘zaxga aylanib qo‘rqa-pisa o‘tishadi. Va birdan Neyl: «axir bir soat vaqtimiz bor, Sofini qutqaramiz bu qutini ochib ko‘ramiz», deydi va qutini ochishsa – bo‘m-bo‘sh. Bu paytda siz haliyam anavi jinni erkakka nisbatan nafratingizni jilovlay olmayotgan bo‘lasiz.

Talonchi o‘zi bulardan nimani xohlaydi? Ichingiz qizib ketdi-a. Mening ham ichim qizib ketdi. Na dardini, na maqsadini aytadi. Na motivni bilolmaysiz. Faqat er-xotinni azoblayapti, u yoqda esa qizaloq. Keyin Neylning esiga mashinada ko‘rgan qog‘oz keladi. Unda mehmonxona va xonaning raqami bor edi. Qog‘ozni balki zo‘ravonning o‘zi bular ko‘rishi uchun atay qo‘ygandir. Bu Tom pixini yorgan tullak, juda aqlli chiqdi... Xullas er-xotin mehmonxonaga yuguradi.

Qo‘riqchini chalg‘itib kalitni olishadi va xonaga kirishadi – Sofi va enaga shu yerda bo‘lishi mumkin.  

Endi Sofini, qizaloqni topisha qolishsa edi. Yo‘q, Sofi yo‘q, uning o‘rniga uning o‘yinchoq quyonchasini topib olishadi. Er-xotin aldanganini tushunib shundoq orqasiga qarashsa boyagi erkak turibdi-da. Xuddi kuzatuv kamera qo‘yilgandek ularning qutini olib bormasligini, mehmonxonaga kelishini qayoqdan bildi? Kimdir er-xotinning miyasidagi fikrlarini uqib olayotgandek va unga yetkazayotgandek, lekin hech biriga chip  o‘rnatilmagan.

Endi yanada ichingizni qizdiradigan, asabingizni buzadigan, anavi erkakka battar nafratingizni oshiradigan voqealar boshlanadi. Oila boshlig‘ini landavurlikda ayblamoqchi bo‘lasiz, ammo u qizining taqdirini o‘ylab jim bo‘lishi, hamma shartga ko‘nishi kerak. Tom Ebiga yengiltabiat ayollar kiyadigan harir ichki kiyimni berib kiyishga majburlaydi. Oila boshlig‘ining g‘ururi (har qanday erkak xotini boshqalar oldida yechinishini hazm qilolmaydi) toptaladi, haqoratlanadi, go‘yo jahli chiqib uni urmoqchi bo‘ladi – shunda anavi erkak aytadi: g‘ururing oldida qizingning taqdiri bir chaqami? Tamom, Neyl qizi haqida eshitib bo‘shashadi. Siz esa voqealar rivoji davomida anavi erkakdan har narsani kutasiz – ishqilib ayolga zo‘ravonlik qilmasin. Ammo...ammo shu yerda o‘z-o‘zidan sizda anavi erkakka hurmat uyg‘onadi desam noto‘g‘ri bo‘ladi, olijanoblik qilganiga tan berasiz. Axir hammayam bunaqa paytda o‘zini jilovlay olmaydi, ayniqsa cheksiz o‘ch olish (o‘zi nega o‘ch olayapti haliyam noma’lum)istagidagi odam bo‘lsa...

Xullas, erkak shu yerda to‘xtaydi. Er-xotin bir-birini quchoqlab, falokatdan, sharmandalikdan qutulganiga shukr qiladi. Shunda anavi erkak aytadi: «Mana shu yo‘qotish tuyg‘usini, lahzalarini eslab qolinglar, yana davomi bor».

Ilojsiz, chorasiz, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan er-xotin yana uning yetovida mashinada yo‘lga tushadi. Boyagi erkak bir uy oldida to‘xtaydi: Mana shu sening boshlig‘ingning uyi, kirib uni ot deydi...

Yana Tomga nafratingiz kuchaydi, uni urib tashlagingiz keldi, oila boshlig‘ining qo‘liga to‘pponchani berganda «e nima bo‘lsa bo‘ldi, Tomni shart otib tashlasin yoki shart otib tashlardim» deb o‘ylaysiz. Ammo Sofi bor, uni garovga ushlab turgan enaga tirik. Erkak uyga kiradi... boshlig‘ini qidiradi... Qidiradi, qidiradi... ana bo‘lmasa uning o‘rniga ayol chiqib keladi. Ayolni boshlig‘ining xotini deb o‘ylaysiz... Ammo ayol kelib uning bo‘yniga osiladi... Demak Tom Neylni xiyonat qilishga majburlamoqchi deb o‘ylab, pastkash Tomdan yanada nafratlanasiz...nafratlanasiz, nafratlanasiz...ijirg‘anasiz. Ammo Judi Neylning tanishi bo‘lib chiqdi, iye, buyog‘i qandoq bo‘ldi?... Shu payt Neylning ko‘zi nimaga tushdi, deb o‘ylaysiz. Topolmadingiz, balki topgandirsiz, anavi pastkash, talonchi, ruhiy xasta Tomning suratiga tushdi.

Bu kim deb so‘ragingiz kelib ketadi.

– Bu kim deb so‘raydi Neyl Judidan:

– Erim...

Voh... o‘ylashga vaqt yo‘q, vaqt tugayapti.

Neyl:

– Seni o‘ldirishim kerak deb bo‘yniga osilayotgan ayolga to‘pponcha o‘qtaladi...– Ering bizning uchrashishimizni bilib qolib meni ne ko‘ylarga solmadi, u bizdan mana shunday o‘ch olmoqchi.

Ayol uning qo‘liga yopishib yig‘laydi. Ammo Neyl shartta to‘pponchaning tepkisini bosadi – chiq... otilmadi... Shunda xonaga Tom kirib keladi... Neylga tashlanadi. Og‘ir gaplar aytadi. Sen xotiningga, Judi menga xiyonat qildilaring.

Ana bo‘lmasa, boyagi nafrat qayoqqa yo‘qoldi. Sizda ham shunday bo‘ldimi? O‘rnini Neylga nafrat egalladi. Tom aytadi: «Sen mening xotinimni emas meni quchoqlagansan shu paytgacha tushunayapsanmi, qani meni quchoqla...» Tom Neylni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yay deydi. Judining yalinib yolvorishlari bilan uni qo‘yib yuboradi. Neyl uydan qochib chiqib mashinada kutib turgan Ebining odiga boradi. Ebi «Nima bo‘ldi», deb so‘raydi. Bir xiyonatkorni men orqali jazolamoqchi bo‘ldi deydi, jabrdiyda Neyl.

Uyga kelishsa, Sofiga hech narsa bo‘lmagani, enaga bilan yashinmachoq o‘ynab o‘tirgani ma’lum bo‘ladi.

Hali qizig‘i oldinda

Kinoning finali juda kutilmagan. Yana qanday«syurpriz» kutayapti Neylni va sizni?

Neylning do‘zax azobini ko‘rishiga xotini Ebi ham bosh-qosh bo‘ladi aslida. Ebi Tom bilan kelishib shu ssenariyni tuzishadi, ana bo‘lmasa...

Neyl: – Sen hali mening orqamdan pichoq urdingmi, do‘zax azobini tortishimga sen sababchimisan?

Ebi: – Sen menga xiyonat qilganingdagi og‘riqni his qilishingni xohladim. Ko‘rdingmi, buning og‘rig‘i qanchalar ulkan deydi...Yolg‘izlikni, sotqinlikni, yo‘qotishni his qildingmi?

Neyl: – Mening kar’yeramni ham tugatding, pulimni ko‘kka sovurding.

Ebi: – Hammasi sen o‘ylaganchalik emas. Puling yongani yo‘q, o‘rniga qog‘ozlar yondi, boshlig‘ingga sahifalari bo‘m-bo‘sh hujjatni olib borganman... Men seni yaxshi ko‘raman, ammo xohlamayman... Sening kar’yerang bor, sening qizingga hech narsa qilmadi. Qizimiz Sofi, uy-joying, hamma-hamma narsang o‘z holicha qoldi... faqat mendan boshqa...

Tugadi.

Nima deb o‘ylaysiz, ularga birga yashashda davom etadimi? Bu menga ham qiziq, judayam qiziq...

Bir kino orqali bevafolikning to‘lovi qimmatga tushishini angladik. Oila xiyonatni kechirmaydi, uning badali og‘ir, nima dedingiz?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring