Adliya vaziri: «Ibodat libosini aniqlashning iloji yo‘q. Qaysidir hujjatda O‘zbekistonda mana shu kiyimni kiyib yurish mumkin emas degan gapni aytish juda qiyin ish»
Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston adliya vazirligida blogelar va jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Adliya vaziri Ruslan Davletov ularni qiziqtirgan qator savollarga javob berdi. Xususan, jurnalist va bloger Temur A’zam amaldagi qonun hujjatlarida ibodat libosi masalasiga juda mujmal ta’rif berilgani, bu esa huquqni qo‘llash sohasida ko‘plab tushunmovchiliklarga va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini aytib o‘tdi. Bloger adliya vaziriga: «Bundan 20 yil oldin qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelmadimikan?» deya savol berdi.
— Ibodat libosi bo‘yicha aytilgan termin bor. Aynan shu termin masalasida [муаммолар] tug‘ilyapti. Ana shu vaqtda (1998-yil nazarda tutilmoqda — «Xabar.uz») bu termin qonunga kiritilgan. Faqat bitta narsa, ruschasiga qaraydigan bo‘lsangiz «kult» degan so‘z tarjimada ibodat so‘ziga o‘zgartirilgan. Lekin ibodat so‘zi unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Barcha dinlarda ibodat libosiga turlicha qarashlar bor.
Agar bu moddaning sud jarayonida qo‘llanishiga qarasangiz do‘ppi kiyib yurgan yoki yaktak kiyib yurgan holatda ham avvallari javobgarlikka tortilgan holatlar bo‘lgan. Biz buni tarixdan eshitgan mutaxassis sifatida tan olishimiz kerak. Albatta bu juda achinarli holat.
Lekin bu qonun O‘zbekiston Respublikasining qonunida, kodeksida hozir ham turibdi. Buni qo‘llash masalasida oydinlik kiritish kerakki, ibodat libosini nimaligini aniqlash uchun juda katta harakatlar bo‘lgan. Men ana shu vaqt ham o‘z fikrimni aytganman. «Ibodat libosini aniqlashning iloji yo‘q. Hamma sharoitlar va barcha dinlarni e’tiborga olib, qandaydir tartibga tushirib, qaysidir hujjatda O‘zbekistonda mana shu kiyimni kiyib yurish mumkin emas degan gapni aytish juda qiyin ish». Shuning uchun bu huquqiy muammoni albatta hal qilish kerak.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham debatlarda ishtirok etgan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ushbu masala bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Qo‘mita ham bu masalada o‘z pozitsiyasini aytib kelgan. Albatta bugungi kunda ushbu masala bor. Buni qayta ko‘rib chiqish masalasi, ushbu terminni qonunchilikdan chiqarib yuborish masalasiga kelsak, faqat Adliya vazirligining o‘zi bu muammoni hal qilmaydi. Shu soha mutaxassislari va jamiyat bilan birgalikda o‘rtaga tashlanib hal qilinadigan masala. Bu masala huquqiy masala bo‘lganligi uchun hal bo‘ladi. O‘zining yechimini topadi. Bu masalaga jiddiy yondashib, masalani hal qilish kerak», — deb aytib o‘tdi Ruslan Davletov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter