Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ahmoqona qarori uni dunyoning eng boy odamiga aylantirdi. Jeff Bezos va «Amazon» tarixi

Ahmoqona qarori uni dunyoning eng boy odamiga aylantirdi. Jeff Bezos va «Amazon» tarixi

«Amazon» asoschisi, dunyoning eng boy odami Jeff Bezos.

Foto: «MarketWatch»

Bir kunda 4 milliondan ortiq buyurtma va 350 million turdagi gajetlar, kiyimlar, maishiy texnika va tasavvur qilish mumkin bo‘lgan boshqa narsalar. Bularning barchasi dunyodagi eng katta savdo maydoni — «Amazon»da.

2014-yildan buyon «Amazon»ning narxi deyarli ikki barobarga oshdi: 180 millard dollardan 350 millard dollarga yetdi, uning asoschisi Jeff Bezos esa dunyoning eng badavlat kishilaridan biriga aylandi. «Bloomberg»ga ishonadigan bo‘lsak, uning boyligi 2017-yil oxirlarida 99,6 milliard dollarga yetgan (ikkinchi o‘rinni esa «Microsoft» asoschisi Bill Geyts 91,3 milliard dollar bilan egalladi).

«Amazon»da birinchi kitob — dasturlash bo‘yicha qo‘llanma — 1995 yilning 3 aprelida sotilgan. Foto: «Fortune»

Bundan 22 yil oldin «Microsoft» o‘zining mashhurlik cho‘qqisiga chiqqan edi, biroq «Amazon» haqida bunday bo‘lishini hech kim o‘ylamagan ham. Kompaniyaning hatto nomi ham yo‘q edi, Bezos esa eski eshik taxtasidan yasalgan stol qarshisida o‘tirganicha, kimdir kitoblarini sotib olishini umid qilardi... 

«Keyinchalik afsuslanmaslik uchun»

«Haqiqatda ozod bo‘lish uchun, ozgina ahmoq bo‘lish kerak», deyishadi. Jeff Bezos buni o‘z misolida isbotlab bergan. U Uoll-Stritda hamda Nyu-Yorkdagi yetakchi fondlardan birida vitse-prezident bo‘lib ishlagan. Uning o‘z uyi, hisobida bir necha yuz ming dollari bo‘lgan. Hatto u baland bo‘yli qorasoch qizga ham uylangan. Boshliqlari hurmat qilgan va raqib kompaniyalar uni ishga chorlagan. Biroq Bezosga bularning barchasi kamlik qildi.

Bu ishni men bajarmasam, boshqa birortasi amalga oshiradi.

Xizmatda Bezos internet-biznes bo‘limiga — 90-yillardagi yangi yo‘nalish bo‘lib, AQShda endi rivojlana boshlagan yo‘nalishga javobgar bo‘lgan. U yo‘q joydan paydo bo‘lib, o‘n minglab mijozlarga ega bo‘lgan kompaniyalarni ko‘rib-bilib yurardi. Jeff buni o‘z rahbari bilan muhokama qiladi va ular yaqin kelajakda mutlaq barcha narsa sotiladigan hamda har qanday tovarni to‘g‘ri xaridorning uyiga yetkazib beruvchi internet-do‘konlar paydo bo‘ladi, degan xulosaga keladi. Bezos buni qanchalik ko‘p o‘ylasa, shunchalik ushbu g‘oya unga yoqa borgan.

«Bu ishni men bajarmasam, boshqa birortasi amalga oshiradi», — shunday deya Jeff Bezos kunlarning birida ishxonasidan bosh olib ketdi.

Ishdan bo‘shagan Jeff rafiqasi bilan Sietlga ko‘chib keldi va o‘z sayti konsepsiyasini ishlab chiqa boshladi. Unga intervyulardan birida bunday ahmoqona qadamni qo‘yishga nima majburlagani haqida savol berishganida, Bezos shunday javob qaytargandi: «Agar sinab ko‘rmasam, butun umr afsuslanib yurishimni bilardim».

Ismi bor epopeya

Jeff Bezosda har qanday mahsulotni sotishga mo‘ljallangan do‘konni ochish g‘oyasi bo‘lgan. Uni amalga oshirishda esa odatdagi to‘siqlar yuzagan keldi: cheklangan budjet, bozorni yaxshi tushunmaslik va sarmoyadorlarning yo‘qligi. Birinchi haftadayoq bankrotlikka uchramaslik uchun Bezos ishni oddiy usulda boshlashga qaror qildi. Internet orqali yaxshi sotilishi lozim bo‘lgan tovarlarni 20 guruhga bo‘lib chiqdi. Unga kompyuter dasturlari, filmlar, musiqalar, ofis anjomlari va boshqa mahsulotlar kirardi.

Ammo birlamchi mahsulot sifatida kitoblar yaxshi sotilgan — ular yengil va yetkazib berish oson. Axir uni kim sotib olayotganining ahamiyati yo‘q, buning ustiga internetdagi tanlov oddiy kitob do‘konidagiga nisbatan ko‘proq.

1994 yilda Jeff Bezos Sietlda «Kadabra» kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazib, kitob sotishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Biroq ishlari yurishmadi: kompaniya nomi talaffuz qilinganida cadaver so‘zini («o‘lik tana») eslatib yuborgan. Ikkinchi variant esa «Relentless» («shafqatsiz») bo‘lgan, biroq biznesmenning do‘stlari ushbu nom ham juda qo‘rqinchli ekanligini aytgan. «Relentless.com» manzili hamon Bezosning nomiga rasmiylashtirilgan va ushbu manzilni tersangiz sizni «Amazon.com» saytiga yo‘naltirib yuboradi.

Jeff yaxshiroq nom topish ilinjida Oksford lug‘atini varaqlab chiqadi va «Amazonka» so‘ziga duch keladi. Bu dunyodagi eng katta daryo (Bezos ham o‘z do‘konini dunyoda eng kattasi bo‘lishini niyat qilgan), shuningdek, «A» harfidan boshlanadi (u vaqtlarda «Google» bo‘lmagan va foydalanuvchilar yangi saytlarni onlayn-kataloglar orqali qidirgan) — barchasi bitta suratda mujassam. «Amazon.com» 1994-yilning noyabrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va tarmoqda 1995-yilda paydo bo‘ladi.

Biznes-g‘oyamizda o‘ziga xos hech nima yo‘q. Bularning barachasi ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bilasizmi «McDonalds»dan ham boshqalar ko‘chiradi, ammo u baribir yetakchi. Bu yerda ko‘p narsa nomga bog‘liq. Unga ishona bilish kerak. Ayniqsa, bu real hayotdan ko‘ra onlayn olamda muhimroq. Nom — foydalanuvchilar sizda ko‘radigan birinchi narsa.

Jeff Bezos

Birinchi qadam

Saytda birinchi kitob — dasturlash bo‘yicha qo‘llanma — 1995-yilning 3-aprelida sotilgan. O‘sha vaqtda «Amazon»ning ma’lumotlar bazasida milliondan ortiq kitoblar saqlangan — shunchaki oq fondagi qora matnlar. Jeffning o‘zini birorta ham kitobi bo‘lmagan: buyurtmani qabul qilgan Bezos uni hamkorlikdagi offlayn-do‘konlariga yuborgan, shundan so‘ng tovarni qabul qilib olgan. «Amazon»ning Sietldagi omborida atiga 2 ming dona kitob saqlangan — ular ham yaqin vaqt ichida mijozlarga yuborilishi lozim bo‘lganlari.

Foto: «AppleInsider»

Keyinchalik buyurtmalar hajmi oshganidan so‘ng, xodimlar (Jeff birdaniga 5 nafar odamni ishga yollagan) kunduzi kompyuterda buyurtmalarni ko‘rib chiqib, kechasi bilan omborda mahsulotlarni firma qutilariga joylashtirish bilan shug‘ullanishgan.

«Amazon»ning ishlari do‘konni «Yahoo» qidiruv tizimining bosh sahifasida chiqa boshlaganidan so‘ng yurishib ketdi. Ikki oydan so‘ng savdolar hajmi haftasiga 20 ming dollargacha o‘sdi va Jeff muntazam ravishda yangi xodimlarni yollay boshladi. Uning orqasidan birinchi sarmoyadorlar ham paydo bo‘ldi, ular sayt dizayni va serverlarini yaxshilashga 1 million dollar bergan. Bu esa «Amazon»ni chiroyli ko‘rinishiga olib kelib, resurslardan tovarlarning suratlari ham o‘rin ola boshlagan. Shu tariqa loyiha muvaffaqiyatli chiqqani barchaga oydinlashdi.

O‘sish fazasi

O‘sha vaqtlarda «Amazon»ning biznes-rejasi juda qiziqarli bo‘lgan: kompaniya barcha daromadini o‘zini rivojlantirishga sarflagan. «Biz yo birinchimiz, yoki yutqazdik», — ushbu konsepsiyadan keyinchalik «Google», undan so‘ng «Facebook» foydalangan. Ammo 90-yillarda bu kabi yondashuv yangilik hisoblanardi va sarmoyadorlar kompaniya besh yildan beri daromad keltirmayotganidan tashvishga tushishadi.

2000 yilning mart oyida dotkomlar pufaki yorilib, yuzlab internet-kompaniyalar bankrot bo‘lganida, faqatgina «Amazon» kabi kompaniyalar unga qarshi tura olgan. Aksiyalar narxi 107 dollardan 7 dollarga tushib ketadi (hozirda «Amazon»ning bir dona aksiyasi 800 dollardan qimmatroq turadi), biroq firmaning «xavfsizlik yostiqchasi» mavjud bo‘lib, o‘z pullarini sarflash imkonini bergan. Inqiroz vaqtida onlayn-do‘kon o‘z raqiblarini sotib olgan va yanada kengaygan.

Jeff Bezos biznesi startida ikkita finishni mo‘ljallagan:

  • agarda 2000-yilga kelib kompaniya yiliga 74 million dollarlik tovarlarni sotadigan bo‘lsa, bu — yaxshi natija;
  • agarda 2000-yilga kelib kompaniya yiliga 144 million dollarlik savdolarni amalga oshirsa — bu muvaffaqiyat.

Aslida esa 2000-yilda «Amazon»ning savdo hajmi 1,6 milliard dollardan ortib ketdi. U onlayn-bizneslar tarmog‘ida eng yirik ishtirokchilardan biriga aylandi.

Kompaniya nafaqat kitoblar, balki «DVD»ga yozilgan musiqalarni ham sota boshlagan. Birinchi navbatda bosma mahsulotlar savdosi auditoriyani cheklagan. Ikkinchidan esa, «Amazon» o‘sha vaqtda Bezos o‘z firmasini «dunyodagi eng yirik kitob do‘koni» deya atagani uchun taniqli kitob do‘konlari bilan sudlashib yurgan. «Amazon» boshqalardan ko‘ra ko‘proq bosma mahsulotlarni sotishiga hech kimda shubha bo‘lmagan, biroq yuristlar «do‘kon» so‘ziga yopishib olgan. Bezos da’vogar do‘konlarga kattagina pul to‘lashga majbur bo‘lgan va masala sud devorlaridan tashqarida hal etilgan.

1998 — 2000-yillarda saytda o‘yinchoqlar va elektronika bo‘limi ochilgan. 2003-yilda esa firmaning o‘z IT-markazi, undan keyin eng faol mijozlar va Peris Xilton taqinchoqlar liniyasi ixlosmandlari uchun «Amazon Prime» servisi paydo bo‘lgan. «Amazon» «Twitch», «IMDB» kabi onlayn servislarni o‘ziga qo‘shib olgan, «Audible» audikotoblar servisini 300 million dollarga sotib olgan va o‘zining birinchi gadjetini — «Kindle»ni yaratgan.

Foto: «NY Daily News»

2009-yilda «Amazon» 1,2 milliard dollarga dunyodagi eng katta onlayn kiyimlar do‘konini — «Zappos.com»ni sotib oladi. Hozirda Jeff Bezosning shaxsan o‘zi Amerikaning eng yirik gazetalardan biri hisoblanuvchi «Washington Post»ga egalik qiladi.

Yakkahokimlik

«Amazon» hamon o‘sishdan to‘xtagani yo‘q. U muntazam ravishda yangi kompaniyalarni sotib olib, yangidan-yangi servislarni taqdim etmoqda. Yaqinda ular dronlarni yetkazib berishni boshlashdi, shuningdek, «Amazon Go» offlayn-do‘konini ochishdi. Bu shunday joyki, xarid qilingan narsa uchun pul to‘lab o‘tirmaysiz: tizim avtomatik ravishda xarid qilgan narsangiz narxlaydi va pulni sizning «Amazon»dagi akkauntingiz hisobidan yechib oladi. 

Foto: «CNNMoney»

Hozirda kompaniya global iqtisodiyotning muhim qismiga aylanib ulgurdi:

  • Amerikada amalga oshiriladigan barcha onlayn xaridlarning uchdan bir qismi «Amazon.com «hisobiga to‘g‘ri keladi;
  • Kompaniyada 270 ming odam ishlaydi («Google» xodimlaridan 4 barobar ko‘p);
  • «Amazon.com» — eng mashhur saytlar orasida 7-o‘rinda turadi;
  • «Amazon»ning yillik aylanma mablag‘lari — 107 milliard dollar («Google» va «Microsoft»nikidan ortiq);
  • Kompaniyaning 304 milliondan ortiq faol foydalanuvchilari bor, ular har oyda 120 milliondan ortiq xaridni amalga oshiradi. 
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring