Aktyor Tolib Hojiyev 4,5 litr qon yo‘qotgani va uch marta operatsiya bo‘lgani haqida gapirdi
O‘zbek tomoshabinlariga, asosan, Aka Sharif roli orqali yanada tanilgan aktyor Tolib Hojiyev bugun TVda ancha ozg‘in ko‘rinmoqda. Bu esa ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Ilgari ancha basavlat, qorin qo‘ygan edi-da! Demak, salomatligi bilan muammo bo‘lgan. Biz komik aktyor bilan shu haqda gaplashdik...
– Men Xudodan 126 yoshga kiraman, deb so‘rab yuraman, – deydi Tolib Hojiyev. – Bu yoshga kirish uchun tani joningiz sog‘, to‘rt muchangiz omon bo‘lishi kerak. Xudodan so‘raganlarim ijobat topdi. Mening qand kasalim bor edi, shundan qutuldim. Oktyabr Teshayev degan professor-vrach, tibbiyotda «Oktyabr nazariyasi»ga asos solgan olimning nazariga tushdim. Qand kasalining hammasi ham operatsiya qilinavermas ekan. Ikkinchi tip bo‘lsa, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin ekan. Xudoga shukr, men shunga to‘g‘ri keldim. U kishi qars etkazib jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi va meni qand kasalidan xalos etdi. 50–55 kilogramm vazndan qutuldim. Bir yuz qirq kilo edim. Shuncha yukni zo‘rg‘a ko‘tarib yurardim.
Mana, hozir yosh bolalardek tetikman. Ichki bir yengillik, ichki yoshlik qaytdi. Xudoga beadad shukrlar qilib, muxlislarga qo‘rqmasdan aytamanki, Tolib Hojiyevning, Aka Sharifning ikkinchi umri boshlandi. Va mana shu boshlangan umr faqat xalqqa xizmat bilan, elning hurmatini qozonib, unga kulgi, xursandchilik ulashish uzoq yillar davom etishini Allohimdan zorlanib, iltijolar qilib so‘rayman.
Shu orada o‘timniyam olib tashlashdi. Karantin vaqtida qattiq koronavirusga yo‘liqdim, suyak yemirilishini boshdan kechirdim. Tabiblar ham davolayapti. Hassaga tayanib qolgan edim, Xudoga shukr, u bir chekkada qolib ketdi. Suyak yemirilishining ham davosini topib, bemalol chopqillab yuribman.
Koronavirusni aytmay qo‘ya qolay. Ikki o‘pkam to‘qson besh foiz xastalandi. Besh foiz qolgan o‘pkam bilan Alloh meni bu yorug‘ olamga qaytardi. Yigirma foiz bilan o‘lib ketganlarning soni qancha! Demak, qismatga yozilgan ekan. Butun tibbiyot hayratda: o‘pkasi to‘qson besh foiz xastalangan birorta bemor bu yorug‘ olamga qaytmagan-da! Suyak yemirilishi shularning asorati tufayli bo‘ldi. Davosi topildi.
Harbiylarning «O‘zekspomarkaz» kovid-markazida yotib davolandim. Xotinim ham yonimda edi. O‘sha paytda qonni suyultiradigan geparin degan ukolni to‘xtovsiz qilishgani bois ko‘zim ketib qolibdi. «Turing o‘rningizdan», – deganida turmoqchi bo‘ldim. Nimadir tars etdi. «Tomirim uzildi», – dedim. Bungacha xotin ko‘p gapirsa, jahlimni chiqarsa, ko‘p gapirma, hozir tomirim uzilib ketadi, derdim. Xotin: «Yana boshladingiz-a, – dedi. – Sal o‘zingizga kelsangiz, tomir uzilib ketdi, deysiz», – dedi. «Yo‘q, – dedim, – bu safar aniq uzildi», dedim.
Aytganimday bo‘lib, bir katta tomir uzilgan ekan. To‘rt litrdan ziyod qon teriga chiqib ketdi. Gematoma (g‘urra) boshlandi. Meni operatsiya stoliga olishdi. «Bu kishini tezgina, yigirma besh-yigirma sakkiz daqiqa mobaynida operatsiya qilib, narkozdan chiqarmasak, komaga tushib, shu bilan o‘lib ketadi», deyishdi. Men tilxatga qo‘l qo‘yib berdim, chunki boshqa ilojim yo‘q edi. Tanimda qonim qolmagan. Gemoglobin elikka tushib ketgapn. O‘g‘illarim, qizlarim, ayolim ham tilxatga qo‘l qo‘yib berishdi. Orqaga yo‘l yo‘q. Bitta iltijo Allohga, tamom!
Yarim soatning ichida juda katta operatsiya bo‘ldi. O‘ng ko‘kragimning tepasidan 30 santimetr ochib, tomirni bog‘lashdi. Ya’ni, uzilib ketgan tomirni ulab, to‘rt yarim litr qon quyishdi menga. Yarim litr qolgan ekan tanamda.
Bir koreys anesteziologi meni urib-urib, narkozdan ko‘zimni ochtirdi. «Talib aka, kuzingizni oching», deydi. Ismimni so‘ragan-da! Men o‘zimga kelmagandan keyin tars-tars yuzimga uryapti. Agar komaga tushsam, rostdan tamom bo‘lar ekanman. Og‘zimda trubka turibdi. Yana bir qizning ovozi kelyapti qulog‘imga. «Tolib aka, tishlamang», deydi. Trubka to‘g‘ri o‘pkamga borib taqalgan ekan. Xullas, ming azob-uqubatlar bilan ko‘zimni ochgan edim, koreys anesteziologi baqirib yubordi. Menga qarab, «Urtok general, uzingizga keldingiz, sizga soglik tilayman», dedi. U meni iste’fodagi general deb o‘ylagan ekan. Meni tanishtirishdi. «Bu harbiy general emas, aktyor, o‘z sohasining generali», deyishdi.
O‘pka dardi og‘ir ekan. Bitta vrach: «Agar tuzalaman, desangiz, kislorodni olib tashlang», dedi. U dangasa qilib qo‘yar ekan, kislorodni olgandan keyin ba’zilar o‘la boshladi. Turamiz, bitta bemor yo‘q, turamiz, uchta-to‘rttasi yo‘q! «Nafas ololmayapman», – dedim. «O‘lmaysiz, – dedi vrach. – Agar yashayman desangiz, kalta nafas bo‘lib, ikki-uch qadam, to‘rt qadam yuring», dedi. Men sutkalar davomida qadamlar sonini oshirib bordim.
Oradan yigirma kun o‘tib, 3-qavatdan yarim soatda tushaman, 48 daqiqada tepaga chiqaman. Ana shunday amallar tufayli, Xudoning amri bilan o‘pkaning yo‘li ochildi. 2022 yil 12 sentyabrda «saxar»dan xalos bo‘ldim. 2024 yil fevralda o‘t qopida to‘lgan toshlarni olib tashlashdi.
Xullas, birin-ketin katta narkozda uchta katta-katta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdim.
Narkoz xotirani pasaytiradi, deyishadi. Shundaylarni mening oldimga jo‘nating, xotirani nihoyatda o‘tkir qilishning yo‘lini ko‘rsatib beraman. Bugun ertalab she’r o‘qib boshlasam, keyingi kuni ertalabgacha davom etaman. Hammasi «Dil kunam, olam ro gul kunam» degan ajoyib matalga kelib taqaladi. Xohish, ichki istak bo‘lsa, inson o‘zini bemalol boshqarishi, o‘ziga o‘zi sog‘liq bag‘ishlab, o‘zini kurashga chorlashi mumkin ekan.
Xullas, kesilmagan joyim qolmadi. Georroy, ko‘richak, o‘tni olib tashlashgan. Bilmadim, yana nima qoldi, men o‘ylab ko‘rib aytaman!
Bemorlarga maslahatim: Allohga qalban bog‘lanishsin. Dard beruvchi ham, shifo beruvchi ham Alloh. Ixlos bilan yashasinlar. «Mana buni ichsamu yordam bermasa-chi? Falon odam iste’mol qilgan ekan, foydasi bo‘lmabdi», deyishsa, bunday muolajaning keragi yo‘q.
Men Abdulla Oripovning «Qarsak chaling» she’ri asosida bir aktyor teatrini tayyorlaganman. 28 iyun kuni Respublika qo‘g‘irchoq teatriga keling, meni boshqacha kashf qilasiz. 25 daqiqalik. Shoirning ajviy, falsafiy she’rlari asosida. Soat 15.00 da. Ko‘rasiz, baho berasiz.
Biz bu dunyoda Xudo bergan umrni yashaymiz. O‘zbeklarimiz sog‘lig‘i huv oxirgi nuqtaga borganidan keyin tabib bilan jarrohga murojaat qilmasdan oldin bir-bir nazoratdan o‘tib turishsin. Yiliga ikki marta o‘tib tursalar, yomon kasalliklarmi, tromblarmi, doimiy surunkali qon bosimi oshishi paydo bo‘ladimi, bartaraf etiladi. Ming afsuski, «mana bu ishni bitirib olay, unisini tugatay» deydi-yu, shu bilan o‘zi ketadi!
Rahmatli Muhriddin Xoliqov o‘lganida men xonadoniga yig‘lab kirib borganman. «Jo‘rajonim, qadrdonim, nega bolalaringni tashlab ketding? Bular endi qanday yashaydi?» – desam, sizga o‘xshagan donishmand menga qarab: «Aka Sharif, bu gapingizga salgina aniqlik kiritsam maylimi?» – dedi». «Mayli», – dedim. «Shuni esdan chiqarmang, – dedi. – O‘g‘liyam, qiziyam, qolganlar ham amallab kunini ko‘radi. O‘lgan hamma narsani yo‘qotadi, tamom», – dedi. Ha, shunaqa!
Mening hayotdagi falsafam, shiorim bitta: «Bizga olam tinch bo‘lib, do‘stlar salomat bo‘lsa bas».
Yaxshidir achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg‘on yomon.
Ul shirin yolg‘onga mendek
Aldanib qolg‘on yomon.
Shunday ekan, shirin yolg‘onga aldanmasdan o‘zimizga, do‘stimizga, atrofga befarqlik qilish yomon. Shuning oldini olib, chiroyli yashasak, biz dovon oshamiz, ezgu maqsadimizga erishamiz.
Mana shunday yurtni bergan Xudoyimga shukr. Ertalab dasturxonni ko‘rib aytyapman: to‘rtta o‘rik yemay o‘tib ketayotganlar qancha! Bitta handalakni hidlab, bahramand bo‘lolmayotganlar-chi? Pomidorning shirin suvini icha olmayotganlar yo‘qmi? Bunday Vatanni tuprog‘ini yotib o‘ping, deyman.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter