Disko raqqosining asrab olgan qizi
Hind kino olamida insonparvarligi bilan alohida hurmat qozongan aktyorlardan biri Mithun Chakraborti hisoblanadi. Uning asrab olgan qizi Dishani bilan bog‘liq voqea Bollivud tarixidagi eng ta’sirli voqealardan biri hisoblanadi. Quyida shu haqda hikoya qilamiz.
Gazetada chiqqan xabar
Rasmiy manbalarda aniq sanasi qayd etilmagan bo‘lsa-da, voqea 1990-yillarning boshida sodir bo‘lgani aytiladi.
Kalkutta shahrida yangi tug‘ilgan qizaloq axlatxona yonida tashlab ketilgan holda topildi. Uni mahalliy aholi ko‘rib qolib, politsiyaga xabar beradi. Chaqaloqning ahvoli og‘ir bo‘lib, shifokorlar zo‘rg‘a saqlab qoladilar.
Bu voqea mahalliy gazetalarda e’lon qilindi. Mazkur xabarni o‘qigan Mithun Chakraborti qattiq ta’sirlandi va qizchani asrab olishga qaror qildi. Aktyor va rafiqasi Yogita Bali ishga kirishdilar. Barcha huquqiy hujjatlar rasmiylashtirildi. Qizaloq oilaga qabul qilindi. Unga Dishani Chakraborti ism-sharifi berildi. Keyinchalik Mithun o‘z intervyularida qizchani “taqdir sovg‘asi” deb atadi.
Amerikaga yo‘l
Dishani aktyorning asrandi qiz bo‘lsa-da, oilada boshqa farzandlar bilan teng tarbiyalandi. Aktyor uni hech qachon ajratib qo‘ymagan. Chakrabortilar oilasida Maxakshay (Mimoh), Ushmey, Namashi va asrab olingan qiz Dishani bor edi. Kenja qiz oila muhitida mehr va farovonlikda unib-o‘sdi. Oilada u hali hanuz sevimli farzandlardan biri sifatida tilga olinadi.
2000-yillarning boshida Dishani ota-onasi kabi san’at va aktyorlikka qiziqish bildira boshladi. 2014-2016- yillarda esa Amerikadagi maxsus akademiyada aktyorlik bo‘yicha tahsil oldi. Ikkita qisqa metrajli filmda rollar o‘ynadi.
Dishani Chakraborti ijtimoiy tarmoqlarda faol. U kino sohasida mustaqil yo‘l tanlab, asosan, Hollivudda mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Oilasi bilan munosabati juda yaqin ekani doimo ta’kidlanadi.
Farzand asrab olgan boshqa aktyorlar
Mithun Chakrabortidan tashqari Bollivudda yana bir qator mashhurlar ham bola asrab olgan.
Sushmita Sen – ikki qiz farzandning onasi. Ularning ismi Rene va Alisha. Sushmita hind jamiyatida yolg‘iz ona sifatida farzand asrab olgan ilk mashhur aktrisalardan biri hisoblanadi.
Ravina Tandon 21 yoshidayoq ikki qizaloqni asrab olgan. Keyinchalik turmush qurib, o‘z farzandlariga ham ona bo‘lgan.
Salim Xon – mashhur ssenariynavis va aktyorlar oilasi boshlig‘i. U ham qizaloq asrab olgan. Bu qiz keyinchalik mashhur aktrisa – Arpita Xonga aylandi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter