Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elektron davlat xizmatlaridan kim ko‘proq manfaatdor: davlatmi yoki xalq? (video)

Bugun elektron davlat xizmatlari portali qanchalik o‘zgardi? Sohadagi asl muammo nima: professional mutaxassislar yetishmasligimi, aholining onlayn xizmatlardan foydalanish malakasi sustligimi yoki tizim bilan bog‘liq boshqa davlat idoralarining o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan qaramayotganimi?

Shu kabi savollar bilan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining Operatsion va funksional jarayonlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Nig‘matilla Sharafutdinovga yuzlanamiz.

– Siz faoliyat yuritayotgan bo‘lim nima ishlar bilan shug‘ullanadi? Elektron hukumatda uning o‘rni qanchalik muhim?

– Operatsion va funksional jarayonlarni muvofiqlashtirish bo‘limi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi barcha vaziyat va holatlarni optimallashtirish, ortiqcha qadamlar, fuqarolardan talab etilayotgan ma’lumotnomalar, turli qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarni aholi yoki tadbirkorlardan emas, balki davlat tashkilotlarining axborot tizimlaridan olib, elektron hamkorlik orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etilishini yo‘lga qo‘yadi. Ya’ni maqsadimiz – fuqarolarga qulayliklar yaratib, ortiqcha sarsongarchilik, ovoragarchiliklarning oldini olishdir. Ushbu jarayonda ko‘zga ko‘rinmagan holda axborot tizimlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha texnik va texnologik yo‘riqnomalar ham tasdiqlanadi. Shuningdek, axborot tizimlari kerakli ma’lumotlarni tegishli so‘rovlarga muvofiq elektron ko‘rinishda taqdim etadi.

Bo‘limning asosiy vazifalariga Markazga kelib tushgan boshqa vazirlik idoralari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlari, ma’lumotlar bazasining texnik topshiriqlarini o‘rganish ham kiradi. Biz ushbu jarayonda yaratilayotgan axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarining kelgusida qaysi sohalarda qo‘llash mumkinligini ham inobatga olib qo‘yamiz. Keyinchalik ishga tushirilganda esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish, umuman fuqarolarga qanday qulayliklar yaratilishini e’tiborga olamiz. Shu tariqa davlat xizmatlari ko‘rsatilishida qaysidir qadamlar osonlashtiriladi yoki olib tashlanishi mumkin.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlaridan kelib tushgan so‘rovlarni yoki Davlat xizmatlari agentligi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkilotlarni o‘rganamiz. Hozir biznes jarayonlarini optimallashtirishda Davlat xizmatlari agentligi vakolatli organdir. Elektron davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda esa bizning Markaz hamda bo‘limimiz xodimlari ishtirok etishadi.

– Tushunarliroq bo‘lishi uchun misol keltirsangiz...

– Masalan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilganda yoki biror xizmatdan foydalanish uchun ariza to‘ldiriladi. Bunda fuqaroga tegishli asosiy ma’lumotlar JShShIR kiritilgach avtomat tarzda chiqib keladi. Ya’ni yashash manzili, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan vaqti va joyi kabi ma’lumotlar. Aslida bu tizim ishlashi uchun juda ko‘p bosqichlardan o‘tilgan bo‘ladi. Misol uchun, fuqaroning yashash manzili Ichki ishlar vazirligining, shaxsning o‘ziga tegishli ma’lumotlar Davlat personallashtirish markazining, STIRi – Davlat soliq qo‘mitasi axborot tizimlaridan olinadi. Xullas, barcha davlat tashkilotlariga tegishli axborot tizimlari integratsiya qilinganligi uchun ushbu ma’lumotlar Yagona portaldan foydalanganda  fuqarolardan qayta-qayta so‘ralmaydi.  

– Davlat tashkilotlari bilan ishlaganda muammolar ham yuzaga kelishi aniq. Bunday vaqtda qanday yechim topiladi?

– Davlat tashkilotlari bilan ishlaganda, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga tayanamiz. Va ushbu hujjat doirasida o‘z taklif hamda talablarimizni beramiz. Agar masala yechimi juda murakkablashib, har xil yondashuvlar bo‘lsa, tegishli bildirgi yoki ma’lumotnomalar tayyorlab, vakolatli organlar – AKT vazirligi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga kiritamiz. Muammo yechimi yuzasidan, lozim topilsa, tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilib, jarayonga tatbiq etiladi.

– Sizning bo‘limingizda ham mutaxassislar yetishmasligi muammosi bormi?

– Aynan bizning yo‘nalishda kadrlar kamligi juda og‘irli nuqtamiz. Chunki bunday mutaxassislarni tayyorlovchi alohida o‘quv kurslari, ta’lim muassasalarida esa yo‘nalishlar yo‘q. Dunyo tajribasi o‘rganilganida ham biznes jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

– Elektron davlat xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishidan kim ko‘proq manfaatdor: davlatmi yoki xalq?..

– 2020 yilda butun dunyo qiyin ahvolda qoldi. Uning oqibatlarini esa haligacha ko‘rib turibmiz. Pandemiya davrida masofadan ishlash bilan birga davlat xizmatlariga bo‘lgan talab ham oshdi. Ko‘p davlat tashkilotlari tomonidan talay xizmatlar shoshilinch ravishda, sinov tarzida tezkorlik bilan joriy qilindi. Ya’ni davlat xizmatlarini masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Bundan nimani ko‘rish mumkin? Demakki, elektron xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, raqamlashtirish siyosatini har bir jabhaga yo‘naltirishning iloji bor. Bundan xalq ham, hamkorlar ham, davlat tashkilotlari ham foydalanadi. Ortiqcha vaqt, mablag‘ sarfi kamayadi, qog‘ozbozlik, byurokratiya yo‘qoladi. Fuqarolar yoki tadbirkorlik sub’yektlar sutkaning istalgan vaqtida, o‘ziga qulay paytda ariza jo‘natishlari mumkin.

Lekin bu o‘rinda davlat tashkilotlariga qo‘yiladigan talab, har bitta xizmatni o‘z ma’muriy reglamentiga muvofiq, belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqishidir (ish kunida). Bu ham qulaylik bo‘lib, ilgari ushbu arizani jo‘natish uchun fuqaro davlat tashkilotiga borishi, mas’ul shaxsni kutishi, hujjatlarda kamchilik topilsa, yana qaytib ketishiga to‘g‘ri kelardi. Keyin javobini olish uchun yana kelib-ketardi.

Elektron ko‘rinishida esa bunday ovoragarchiliklar yo‘q. Masofadan ariza to‘ldirish jarayonida asosiy hujjatlar biriktiriladi. Ortiqcha hujjatlarni talab qilish yoki mas’ul shaxslar tomonidan shartlar kiritish imkoniyati mavjud emas. Shuningdek, fuqaro davlat xizmatlarini olishda arizasining ko‘rib chiqilishini har bir bosqichda kuzatib turishi mumkin. Bunda ariza ko‘p hollarda bir nechta vazirliklar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

– Bugungi kungacha nechta elektron ko‘rinishdagi davlat xizmatlari amaliyotga joriy etilgan?

– Shu kungacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari (my.gov.uz) portalida 210 dan ortiq elektron davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda fuqarolarimiz elektron hukumat identifikatsiya tizimidan o‘tib, portalda mavjud barcha davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishlari mumkin. Ushbu jarayonda biz foydalanuvchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni o‘rganib, eng murakkabidan boshlab, har bitta xizmatga tegishli video yo‘riqnomalar ishlab  chiqib, keng ommaga imkon qadar yetkazyapmiz. Ya’ni xizmatdan foydalanish qulay bo‘lishi uchun har bitta bosqich bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar joylashtirib boryapmiz.

2021 yil rejalari xususida ham to‘xtalsangiz...

– Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida aytib o‘tilgan, shu bilan birga «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq 2021 yilda elektron ko‘rinishga o‘tkaziladigan davlat xizmatlari ro‘yxati ishlab chiqildi. Unga 60dan ortiq davlat xizmatlari kiritildi. Hozircha bu o‘sha davlat xizmatlarining elektron ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi. U tasdiqlanganidan so‘ng bizning asosiy ishimiz boshlanadi. Ya’ni mavjud holatni o‘rganib chiqish, keyin uni elektron ko‘rinishga o‘tkazish hamda ko‘plab jarayonlar va bosqichlarni avtomatlashtirish bo‘yicha harakatlar...

Shuningdek, bu yilgi asosiy maqsadimiz – aholining axborot texnologiyalari, umuman, raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarini oshirish orqali Yagona portal foydalanuvchilarini ko‘paytirish hamda davlat xizmatlari sonini 300taga yetkazish. Xo‘sh, Yagona portal foydalanuvchilari qachon ko‘payadi, qachonki, biz joriy etayotgan xizmatlar talabgir bo‘lsa. Bunga faqat fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan talab yuqori bo‘lgan xizmatlarni joriy etib, ularning qulay, tushunarli va soddalashtirilishi orqali erishishimiz mumkin.

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring