Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada qurollangan bosqinchilar qo‘lga olindi

Farg‘onada qurollangan bosqinchilar qo‘lga olindi

Foto: Tergov departamenti

2021-yilning 11-aprel kuni soat 00:30 dan 01:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs yuziga tibbiy niqob taqqan holda Farg‘ona shahri Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan «555» nomli dorixonaga pnevmatik pistolet bilan qurollangan holda bostirib kirib, dorixonadagi navbatchi sotuvchi 28 yoshli O‘.Ulug‘bekni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dorixona g‘aznasida bo‘lgan 600 000 so‘m pullarni olib chiqib ketgan.

Shuningdek, ushbu ikki nafar noma’lum shaxslar Farg‘ona shahri Oybek ko‘chasida joylashgan «Sog‘lom hayot sari» nomli dorixonasiga ham bostirib kirib, dorixonadagi navbatchi sotuvchi 20 yoshli Q.Jasurbekka qo‘llaridagi pnevmatik pistoletni ko‘rsatib, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dorixona g‘aznasida bo‘lgan 400 000 so‘m pul va kuzatuv kamerasining xotira saqlash moslamasini olib hodisa joyidan yashiringanlar.

Farg‘ona viloyati IIB tomonidan yuqoridagi jinoyatlarni issiq izidan fosh qilish hamda jinoyatchilarni shaxsini aniqlash maqsadida JQB, YHXB, PPX, Tergov boshqarmasi hamda boshqa sohaviy xizmatlar xodimlaridan iborat maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilib, ularning sa’y-harakatlari natijasida, yuqoridagi jinoyatga aloqador «Cobalt» rusumli avtomashina har ikki holatda ham aloqadorligi aniqlanib, ushbu avtomashinaning yo‘nalishi sinchiklab o‘rganilganda, mazkur jinoyatni Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarolar 41 yoshli T.Dilshod va 43 yoshli X.Sherzodlar sodir qilganliklari ma’lum bo‘lib, viloyat IIB xodimlari tomonidan yashash manzilida qo‘lga olinganlar.

O‘z navbatida, ularning xonadonlari tintuv qilinganda, xonadonlardan bir dona «PM» rusumli pnevmatik pistolet, bir dona «Kalashnikov» rusumli pnevmatik avtomat, 250 dona dumaloqsimon pnevmatik o‘qlar, 1 juft avtomashina davlat raqami, bir dona aloqa ratsiyasi, bir dona niqob, bir dona qora rangli qo‘lqoplar, 3 dona kuzatuv kamerasi xotira moslamasi, 20 dona «Beeline» uyali aloqa kompaniyasiga tegishli simkartalar, 4 dona pichoq, bir dona «LIZ» rusumli dron (uchuvchisiz uchish apparati). Shuningdek, «Cobalt» rusumli avtomashinadan bir dona chopqi, bir dona otvertka, bir dona ombir va 1 juft avtomashina davlat raqam belgisi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari (bosqinchilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan T.Dilshod va X.Sherzodlar ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, tergov harakatlari davomida, ushbu shaxslarni yana boshqa jinoyatga aloqadorliklari yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Tergov davom etmoqda.

Ayblanuvchilarning fotolari IIV saytida e’lon qilindi va ulardan jabr ko‘rganlar uchun murojaat uchun telefon raqami qoldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring