Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Holvani hokim yeyaveradimi?

Holvani hokim yeyaveradimi?

Foto: «Xabar.uz»

Hammasi risoladagiday ketayotgandi. Kutilmaganda hokimlikdan sovuq mujda keldiki, parranda-marrandangni yig‘ishtir, Sultonov, inshootlaring buzilib, o‘rnida namunali uylar qad rostlayajak!

Jamol Sultonov avvaliga jindek tixirlik qildi. Rost-da, nega qilmasin? Birinchidan, inshoot — xususiy: yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilayotgan payt — 2008-yilda Yakkabog‘dagi sobiq Sh.Rashidov shirkat xo‘jaligining mol-mulklari ko‘tara savdoga qo‘yilganda (garajning bir qismini) to‘qqiz million uch yuz mingga sotib olgan. Ikkinchidan, bu inshootlar garovga qo‘yilib, bankdan kredit olingan, axir?! Garovdagi mulkni buzish mumkinmi o‘zi?

Holatni yoyibroq tushuntirsak, Jamol Sultonov oradan o‘n yillar o‘tib salkam urfga kiradigan tovuq boqishni o‘sha paytdayoq boshlab yuborgandi. Shu bois avvaliga sotib olgan inshootini parranda boqishga moslashtirishdi. Shuning o‘ziga qancha harakat va xarajat qilganini tasavvur qilavering. So‘ng alohida korxona tashkil etib, epaqaga keltirgan bino va inshootlarini uning balansiga o‘tkazdi. O‘sha paytda qayta kadastr qilinganda mulklarining kadastr bahosi o‘n uch million so‘mdan oshdi. Va ularni garovga qo‘yib, «Mikrokreditbank»ning Yakkabog‘ filialidan yigirma million so‘m kredit oldi. Shu tariqa to‘rt mingta broyler jo‘ja va kerakli ozuqa g‘amlab, ishni boshlab yubordi. Hammasi risoladagidek ketayotgan paytda, yuqorida aytdik, Yakkabog‘ tumani hokimligidan sovuq xabar keldi: bu joylar buziladi, o‘rniga...

Hokimlik mutasaddilari tadbirkorning hay-haylashiga qarab o‘tirishmadi. Bino va inshootlar kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilganiga ham parvo qilishmadi: ekskavator yordamida surib tashlab qo‘ya qolishdi. Jamol Sultonov avji parvarishda bo‘lgan jo‘jalarini saqlab qolishga ulgurdi, xolos (keyinchalik jo‘jalarni arzonga sotishdan boshqa chorasi qolmadi).

Bankdagilar ham garovdagi mulklar he yo‘q-be yo‘q buzilganiga hayron bo‘lishdi, tadbirkorga achinishdi hatto. Biroq bu nimaniyam o‘zgartiradi?! Bank kreditdan kecharmidi?!

Xullas, Jamol Sultonov kreditni foizlari bilan yopishga majbur bo‘ldi.

Shu tariqa tadbirkor ham mulkidan ayrildi, ham tamoman qarzga botdi.

Albattaki, tuman hokimligi mulkingiz bahosiga barobar mulk, olib qo‘yilgan yer maydonicha yer beramiz, deya va’da quyuq qilgandi o‘shanda. Biroq birovning mulkini buzish masalasida qaysi mahalliy hokimiyat va’da-yu majburiyatini qachon o‘z vaqtida ado etgan? Hatto bugunga kelib, davlat va jamiyat manfaatlari uchun olib qo‘yiladigan yer maydonlari uchun avvaldan kompensatsiya to‘lash masalasi qat’iylashganiga qaramay, ming g‘urbat, ming g‘avg‘o kelib chiqmoqda?! Ho‘-o‘, 2012-yildagi ahvolni-ku qo‘yavering...

Yakkabog‘ tuman hokimligi tadbirkorning mulki buzilganidan bir necha yil o‘tib, tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 42-maktabning eski binosini 0,15 gektar yer maydoni bilan ajratib beradi. Biroq otamzamondan qolgan bu inshootning kadastr bahosi 10 million so‘mga yetmaydi deng. Tadbirkorning buzilgan mulklari bahosi bundan to‘rt yarim barobar (45 366 000 so‘m), olib qo‘yilgan yer maydoni (0,75 gektar) esa besh barobar katta bo‘lgani e’tiborda tutilsa, qanaqa adolat haqida gap bo‘lishi mumkin? Bunga mulk garovda turganiga qaramay buzib tashlangani, olingan kreditdan bir tiyin naf ko‘rmay, aksincha, foizlari bilan to‘lashi oqibatida yetkazilgan zararlar bunga qo‘shilmadi hali...

Tadbirkorni ko‘cha tilida aytsak — mazaxlash, qonun tilida aytganda — sarson qilish shu bilan nihoyasiga yetgani yo‘q.

J.Sultonovning tinimsiz yozgan shikoyatlari natijasida, nihoyat 2017-yilning 12-aprel kuni tuman hokimi maishiy xizmat binolari qurish uchun 0,48 gektar yer maydoni ajratib berdi. Qayerdan, deng?! O‘sha, olti yil avval tuman hokimligi buzib tashlagan tadbirkorning parrandachilikka mo‘ljallangan bino-inshootlari o‘rnidan?! Nima, bu joyga namunali uylar qurilmadimi, dersiz?! Yo‘q-da, yo‘q! Aksincha, bir insonni qaqshatib, garovdagi mulkini buzgan holda, «namunali uylar quriladi», deya olib qo‘yilgan yer maydoni... bir necha fuqarolarga shaxsiy uy-joy qurish uchun ajratib berilgan ekan?! Bunisiga nima deysiz?

Bu hali hammasi emas. Tadbikor bir paytlar o‘zi tasarruf qilgan, hokimlik olib qo‘yib, endilikda yana uning o‘ziga ajratib bergan 0,48 gektar yer maydoniga endiyam egalik qilolmayotganiga nima deysiz?! Nega? Chunki, bu yer maydonlari ham imi-jimida kimlargadir xatlab berilgan chog‘i, «yer meniki!» deya qurilish qilishiga to‘sqinlik qiluvchilar chiqmoqda.

Vaziyatga oydinlik kiritib beradigan mutasaddilar topilmayapti hozircha...

Tuman prokuroriga arz qilgandi, javob qisqa va lo‘nda bo‘ldi: «Sudga boring!».

Qizig‘-a, oddiy fuqaroning uy-joyimi yoki biror mulkimi buzilishga tushsa, masalani sud orqali, jilla qursa, tomonlarning mas’uliyat va majburiyatini belgilovchi shartnoma tartibida hal qilishni birov o‘ylab ko‘rmaydi. Ammo hokimiyat tomonidan fuqaroga zarar yetkazilsa, javob naqd: sudga boring! Fuqaro sudga borib, ming azobda qaror chiqartirdi ham deylik. Shundayam uning ijrosida ming muammoga giriftor bo‘ladi. Moliya organlaridan bir so‘m undirish, sud qaroriga bo‘lishi qaramay, o‘limdan qiyin!

Yakkabog‘ tumani hokimligi tomonidan tadbirkorga zarar yetkazilgani faktmi? Garovdagi mulkni buzish qonunsizlikmi? Olti yildan buyon sarson-sargardonlikdan Jamol Sultonov rohat qilyaptimi?

Shunday ekan, uning manfaatlarini ko‘zlab, prokurorning o‘zi sudga da’vo kiritishi maqsadga muvofiq emasmi aslida? Jamol Sultonovga o‘xshaganlarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarini prokuratura himoya qilmasa, ular kimga va qayerga borsin?!

Aks holda holva hokimlardan ortmaydi, kaltak esa yetimlardan...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring