Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tatyana Karimova: «Islom Abdug‘aniyevich bilan to‘yimiz dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tgan»

Tatyana Karimova: «Islom Abdug‘aniyevich bilan to‘yimiz dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tgan»

Foto: Islom Karimov fondi

Islom Karimov fondi saytida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan suhbat e’lon qilindi. Suhbatning to‘liq shaklini keyinroq e’tiboringizga havola qilamiz.

— Islom Abdug‘aniyevichning butun hayot yo‘llari Siz sanagan xislatlar haqida shahodat beradi. Nimagaki erishgan bo‘lsa, bari o‘sha xislatlari tufaylidir. Islom Abdug‘aniyevichning bolaligi urush va urushdan keyingi og‘ir damlarga to‘g‘ri keldi. Kichiklikdayoq peshona teri bilan non topish nima ekanini bildi. Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma’lum. Uning ham oilasi ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Abdug‘aniyevich maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edi, ammo bukilmas iroda, qat’iyat va sobitqadamlik bois maktabni oltin medalga bitirdi. U kishi yozgan insholar namuna o‘laroq butun sinfga o‘qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Abdug‘aniyevichning insholaridan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonida «shpargalka» sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga yetgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O‘sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo‘q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to‘kilgan ona zaminga mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bo‘lib manguga qaytdi.

Sinfdoshlaridan biri Islom Abdug‘aniyevichning shaxsiy maslagini yorqin namoyon etuvchi, maktab yillariga doir bir voqeani xotirlagan edi. Yozgi meva yig‘im-terimi payti yoshi ulug‘ bir kishi bolalardan kelajakda kim bo‘lishlari haqida so‘raydi. Ko‘pchilik uchuvchi, tokar kabi kasblarni egallash istagini bildiradi. Islom Abdug‘aniyevichning javobi esa bolalarni ham, kattalarni ham hayron qoldiradi: «Men Amir Temurga o‘xshasam deyman!»

Maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji — o‘z jonidan kechgan, yuragini mash’ala kabi yoqib, xalqni qutqarib qolgan Danko eng sevimli adabiy qahramoni bo‘lgan. Uning «Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit!» degan shiori yosh Islom Abdug‘aniyevichning yuragida muhrlanib qolgan. Bu keyinroq Prezidentning hayotiy maslagiga aylandi, — deydi Tatyana Karimova.

— Sizlar qanday tanishgansizlar? Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz qalbingizni qanday zabt etgan?

 Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970 yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o‘qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G‘aniyevichning uyida bo‘lgan. Ibod G‘aniyevichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar.

Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O‘shanda opam yo‘ldan kelgan mehmon qo‘lini yuvishi uchun ko‘zadan suv quyib berishimni so‘radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik.

Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so‘rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham qilolmaganim rost. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekan.

Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdi. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda «Menga turmushga chiqasizmi?» deb so‘radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak «ha» deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak… Men «ha» deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv…

Islom Abdug‘aniyevich aprelda ota-onamdan qo‘limni so‘ragani Quvasoyga bordi. To‘yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring