Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kambag‘alni urma, so‘kma...» yoxud shudgordagi quyruq

«Kambag‘alni urma, so‘kma...» yoxud shudgordagi quyruq

Fotokollaj: «Xabar.uz»

«Obod qishloq» dasturi butun yurt bo‘ylab yoyilgan paytda hamma xursand bo‘ldi. Obodlik, faravonlik, shinamlik... Oqlangan uylaru tozalangan ko‘chalarni ko‘rib, dilingiz yayraydi. Biroq bo‘yoqlarning ko‘pi ham ziyon. Negaki, ortib qolgan bo‘yoqlar katta-yu kichik rahbarlar tomonidan yerli aholi va yurt rahbarlarining ko‘ziga ham ishlatildiki, buning ortidan ancha muncha odam ziyon ko‘rdi.

So‘zimiz shu haqda.

Samarqand viloyatining Nurobod tumani Jom qishlog‘idagi Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Burhon Shukurov maktab ko‘rganu, biroq xat savod masalasida ozgina muammo bor. Birovga ziyoni tegmaydi, yolg‘on yashiqni bilmaydi. Betga choparligi yo‘q. Hatto o‘z haqini ham talab qilib ololmaydi. Shundanmi qo‘l uchida kun ko‘radi. Ikki bolasi bor. Bir qizini amal-taqal qilib, uzatgan. Bir o‘g‘li va bir xotinni boqish uning bo‘ynida. Eskichilik bilan shug‘ullanadi. Bir dahliz va ikkita do‘ltaxonali uyi bor. Qo‘li kaltaligidan molxona, somonxona qura olmagan.     

O‘tgan yili «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha uning kambag‘alu nochorligi inobatga olinib, viloyat nazorat taftish boshqarmasi vakillari homiyligida uyi joriy ta’mir qilinib, atrofi olti sotixli qilib, blok g‘isht bilan o‘raldi. Xonadon egasi bunga qarshi bo‘ldi: «akalar, menga bu yerni o‘rash kerak emas, shunisiga katta rahmat, ana ko‘ryapsizlar, hovlimning atrofini chuqur kovlab o‘rab qo‘yibman. Erta bir kun bu meni boshimga balo bo‘ladi», dedi. Biroq viloyat nazorat taftish boshqarmasi (KRU) vakillari: «aka, xavotir qilmang, bizni ham to‘g‘ri tushuning, buni rasmga olib tepaga xo‘jayinlarga ko‘rsatamiz, hisobot uchun», deyishdi.

Balo ham payt poylab turgan ekan, darrov keldi...

Suv balosi – qo‘shni balosi

Bahorda yoqqan yomg‘irdan keyin Jom qishlog‘iga sel kelib, Burhon Shukurovning soylikda yashaydigan qo‘shnisi – Pardaboy Do‘stovga ziyon yetadi. Pardaboyga davlat tomonidan tovon puli to‘lanaldi. U Nurobod shahridan uy ham oladi. Biroq Do‘stovni bu qanoatlanmaydi. Anidisha-yu, yurtda mavjud elchilikning barcha rasmu rusumlarining jamiki pardalarini yig‘ishtirib qo‘yibmi, yoki biz adashayotgan bo‘lsak, «yon qo‘shni — jon qo‘shni»ligiga boribmi, «xokimning qarori qo‘limda, sizlar menga uylaringning chetida joy berasilar», deb Burhon Shukurovni holi joniga qo‘ymaydi. Unga qo‘shilib, mahalla raisi, uchastka noziri, posbon, tuman kadastri vakili va zemlyamer (tanobchi)lar ham kelib: «Burhon, yeringdan Pardaboyga ber, hokimni qarori bor, unda» deya, tinchini buzishadi. Xalq g‘amini yeydigan vallomatlarning safarbarligiga havasingiz keladi. Kiroyi davlat xizmatkori bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da, deysiz.

Bu holat har kuni takrorlanaverganidan Burhon Shukurov va uning xotini: «Qani o‘sha qaror? Unda bizning yeridan olib berilsin, degan joyi bormi?» deb so‘raydi. Biroq hojatbarorlar qarorni ko‘rsata olishmaydi. Barchasi tuyaqushdek boshi va yelkasini qisishadi.

Pardaboy Do‘stov tabiiy ofatni pesh qilmasdan, yurtga, qo‘shnisiga do‘stlik yuzasidan, andisha pardasini uloqtirmasdan berilgan tovon puliga olgan uyi bilan kifoyalansa ham bo‘lardi-ku! Yana hokim qarorini ro‘kach qilib, kambag‘al va bechora qo‘shnisi shunchalar azobga solishidan ne naf ko‘radi? Mahalla raisi, uchastka noziri, tuman kadastr bo‘limi xodimi, zemlyamer (tanobchi)lar kimning tegirmoniga suv quyayotganini bilmaydimi?

Tuman hokimining qarori 2018 yil 17 noyabr kuni №1399-Q raqam bilan chiqqan ekan. Bu og‘zaki gap. Biroq shuncha surishtirdik, o‘sha qarorni bizga ko‘rsatishmadi. Bu qanday sirli va sehrli qarorki, u bilan tanishishning umuman iloji bo‘lmasa-ya?! Uning ijrosini ta’minlash mahalla raisi, uchastka noziri, posbon, kadastrchi va tanobchi zimmasiga yuklatilgani-chi?! Ajab, ajab... Hattoki, tuman hokimining yordamchisi tuman hokimi bilan gaplashtirish u yoqda tursin, hattoki, bu qarorning jamolini ham bizga ko‘rsata olmadi. Burhon Shukurovning tomorqasi xokimning zahira yeriga qanday qilib kiradi? Axir u inson rejani bajarmagan fermer emaski, dod dedirib yerini zahiraga olishsa?

Bu yoqda Pardaboy Do‘stov va uning «do‘stlari» Burhon Shukurovning oldiga har kuni kelib, yerni olaman, deb janjal qiladi. Butun qo‘ni-qo‘shnilarning oldida janjal ko‘taradi. Burhon Shukurov va xotini: «qarorni hokim chiqargan bo‘lsa, hokim kelsin, qani u bizning yerimizni sizlarga qanday qilib berib yuborar ekan», deydi. Bundan natija chiqmagach, Shukurovning xotini o‘zimga olov qo‘yaman, deya baqirishgacha boradi. Jondan o‘tkazib yurishdi-da, axir?!

O‘ynashmagin arbob bilan...

Eng yomoni, keyinroq bo‘ldi. Ya’ni, 2018-yilning 25-dekabr kuni Nurobod tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi Burhon Shukurov oilasi bilan necha yillardan beri yashab turgan, davlatga yer solig‘ini to‘lab kelayotgan tomorqasidan sel kelganda uyiga ziyon yetgan qo‘shnisi — da’vogar Do‘stov Pardaboy Xushvatovichga 6 sotix yerini olib berish haqida qaror chiqardi. Sud qayd etishicha, «Noqonuniy egallab olingan yer maydonini qaytarish to‘g‘risida» da’vogar Pardaboy Dustov sudga murojaat qilgan ekan...

Sirasini olganda, Burhon Shukurov suddan chaqiruv qog‘ozini 26 dekabr kuni oladi. Ochiq sud majlisida u ishtirok etmasa-da, uning ahvolini o‘zidan yaxshi bilib turgan tuman yer kadastr va zemlyamerlar — juda yaxshi biladigan — vakillar qatnashib, da’vogar foydasiga yeri xamirdan qilni sug‘urgandek olib berishadi.

Aslida, bu mashmashalar boshlanishidan oldin Burhon Shukurov o‘tgan yili 23 noyabrda Tuman kadastriga yerini rasmiylashtirib berish haqida ariza ham bergan, hatto to‘lovini ham qilgandi. Ammo rasmiylashtirishni to hozirgi kungacha orqaga sudrab yurishibdi. Shudgorda quyruqning ko‘ringani shu yerdan boshlanadi.

Masala yuzasidan biz tuman kadastri rahbari Jamshid Jiyanov, tuman hokimi o‘rinbosari O.Bo‘tayev va boshqa rahbarlari bilan suhbatlashdik. Masalani tushuntirganimizda, mutasaddilar bo‘ldi, yer Burhon akaniki, ko‘nglini xotirjam qilsin, deb aytishgandi. Biroq arboblarning gapi boshqa-yu ishi boshqa ekanligini sud qaroridan keyin bildik.

Xullas, sirli-sirli jarayonlardan o‘tib, ayni paytda sud qarori chiqqan. Navbat MIBchilarga edi, ular ikki oyoqni bir etikka tiqib turganini sezib turgan bo‘lsangiz kerak...

Qaydasan haqiqat, ovoz ber?

Muhtaram o‘quvchi, keling, masalaning mohiyatiga INSON TAQDIRIga qaragan kabi nazar tashlaylik. Burhon Shukurovning qo‘li kaltaligi bu — qo‘shnisi va boshqalarga oyoq osti bo‘lishi kerak, degani emas-ku? Pardaboy Do‘stovga yer kerak ekan, u nega aynan qo‘shnining joyini tanladi? Bunga tuman hokimi, o‘rinbosarlari, tuman yer kadastri bo‘limi mutasaddilari, mahalla raisi, uchastka noziri, hattoki, respublika nomidan hal qiluvchi qaror chiqaradigan sud aql ko‘zi bilan emas, balki boshqa ko‘z bilan qaradi? «Kambag‘alni urma, so‘kma, yoqasini yirt», degan naql amaldorlarga qo‘l kelyaptimi? Bularni so‘raydigan inson bormi?

Notavon va g‘arib Burhon Shukurovning yeriga chang solishdan oldin hokimiyat, sud, kadastrchilar Prezident qaroriga asosan o‘z yerini o‘ziga bir martalik aksiya doirasida rasmiylashtirib bersa, asakasi ketarmidi? Bir g‘aribning ko‘ngli shod bo‘lardi-ku!

Nuroboddagi rahbarlar «xalqni rozi qilish» ishlarini ana shunday tashkil qilishganmi? Nahotki, andisha qilmasdan, kambag‘al bechoraning yerini zo‘ravonlar tortib olsa? Shunday bo‘lgan taqdirda, yurt egalari bu masalaga adolat nuqtai nazaridan qarashmasa? Bu holat  yurtimizda olib borilayotgan o‘zgarishlarga nisbatan ishonchiga soya solmaydimi?

Samarqand viloyatining sobiq hokimi yerni qanday sotganligi haqidagi gaplarni eshitgansiz. Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida ming afsuski, Nurobod tumanida uning hali oqovasi bor ekanligiga to‘liq ishondik.

...Tasavvur qiling: butun Jom elini yig‘ib, «OBOD QIShLOQ» dasturi bo‘yicha qilingan ishlarni aytib, tuman hokimi maqtandi. Keyin esa Burhon Shukurovning uyiga keldik, tuman hokimi va uning a’yonlari tantanali ravishda, poyiga to‘shalgan poyondozlardan yurib, alvon tasmalarni kesib, tomorqaning bir burchagidan «noqonuniy o‘zlashtirib olingan» yerdan olingan olti sotixli joyni, Pardaboy Do‘stovga olib berdik. Chapakbozlik. Qanday yaxshi manzara...

Aslida hokim fuqaroning ahvolidan xabar olmagani xato, u zor qaqshab huzuriga borganda kiritmagani xato, o‘zining qaroriga imzo chekib, bir g‘arib bechorani azobga qo‘yishi xato...

Darvoqe, xatomikan yoki jinoyat?

Ul zoti sharif haqiqatni kursisida o‘tirib emas, davlat rahbari aytganidek, xalq orasida yurib, ularining dardi malham bo‘lishdan topishi zarurligi eslatib qo‘yish biz kabi qalam sohiblarining burchi ekanini qayd etdik, xolos.

Shodiyor Hazrat Ismat o‘g‘li

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring