Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kollejlarni obro‘sizlantirgan haqiqatlar

Kollejlarni obro‘sizlantirgan haqiqatlar

Ilojini qiling, aka!

Ta’lim muassasidagi davomatni nazorat qilgani kelgan organ xodimining so‘zi bo‘g‘zida qoldi.

«Endi aka, to‘g‘ri tushunasiz, sharoit shunaqa, ikki o‘quvchimiz ota-onasi bilan ishlash uchun Qozog‘istonga ketib qolgan. Ikki-uch oyga... » (aslida, kim bilsin, necha yilga ketgan?)!

«Xorijga ketishgan bo‘lsa, qanday qilib darslarda qatnashganlar ro‘yxatida turibdi?» – qoshlari chimirildi organ xodimining.

«Nailoj, o‘zingizdan qolar gap yo‘q... ilojini qiling, aka!»  – talmovsiraydi direktor.

«Hmm...»

«Endi aka, buyog‘ini «kelishtirasiz»,– cho‘ntagiga ishora qildi direktor…

Darslarda qatnashmaslik «narxi»ni savdolashgan direktor

Ota o‘g‘li tahsil oladigan ta’lim muassasiga keldi-da, qabulda kutib turganlarga e’tibor ham qilmay, direktor xonasiga kirdi. Eshikdan kirib kelgan kishiga ko‘zi tushishi hamono direktor o‘rnidan sapchib turib, ikki bukildi.

«Bizni toychoqning o‘qituvchilari «darslarga kel, kel!» deb, xo‘-o‘p bezovta qilishayotgan ekan», –osmonda  turib so‘z qotdi ota.

«Endi talab kuchayyapti, aka, sizdan iltimos, hech bo‘lmasa, bir haftada bir ko‘rinib tursin», –suhbatdoshiga ko‘zoynagi ostidan qaradi direktor.

«To‘g‘ri kelmaydi, savdo ishlari qolib ketadi!»

«Hech bo‘lmasa, bir oyda bir marotaba!»

Haligi kishi biroz jonlanganday bo‘ldi-yu, ammo sir boy bermay:

«O‘zingiz bilasiz, yo‘l ancha uzoq. Shu bir oyda bir marotaba ham biz uchun ko‘p. Darslarga kelmasligi «xarajat»iniyam shunga qarab oshiraman», – deya savdolasha ketdi ota.

O‘quvchisining darslarga «kelmasligi» «narxi» oshaverganidanmi, direktor:

«Ha, mayli, chorakda bir-ikki ko‘rinib tursin, hech bo‘lmasa...» – dedi.

Ota esa nopisand va g‘olibona eshikdan chiqar ekan: «Hm-m, men bir toydan so‘ray-chi, nima deydi, balki darslarga qatnash oralig‘ini yana ozgina cho‘zarmiz!»

Yig‘ilgan pul – to‘kilgan obro‘

«Men xonamga parda olishim kerak! Shunga yordamlashasizlar!» – o‘quvchilarga bildirdi kollej direktori o‘rinbosari.

O‘quvchilar bir ovozdan «Xo‘-o‘p!» – deyishdi.

Ertasiga sinfxonasiga direktor kirdi. Sinf rahbariga o‘shqirdi:

«Sinf xonangni gullar bilan bezolmaysanmi? O‘ttiz nafar o‘quvching bor. Ming so‘mdan olganingdayam o‘n tuvak gul olasan!»

O‘quvchilar jim qabul qilishdi.

Keyingi kun bir fan o‘qituvchisining ilmiy kitobi nashrdan chiqqanini ta’lim muassasasi tantanalar zalida taqdimot qilishdi.

U sinfga darsga kirgach:

«Bu kitobni sotib olasizlar, uni chiqarguncha, ancha-muncha xarajat qilganman. Endi siz o‘quvchilardan menga bir ko‘mak-da!» – «mahorati»ni ko‘z-ko‘z qilib, pulga ishora qildi kitob muallifi.

O‘quvchilar pinaklarini buzishmadi. Chunki ular ko‘nikib ketishgandi!

Kollejlarda o‘qituvchilar bir yilda juda ko‘p marotaba o‘quvchilardan pul yig‘ishardi. Afsuski, ular har pul so‘raganda, shuncha barobar nafaqat, o‘z obro‘larini, balki kollejlar obro‘yini ham to‘kishga katta hissa qo‘shishayotgani haqida o‘ylab ko‘rishmasdi...

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring