Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Messini JCh finalida “taqdir hazili” kutmoqda

Messini JCh finalida “taqdir hazili” kutmoqda

Foto: AFP

Futbol muxlislari 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati (JCh) final uchrashuvini intiqlik bilan kutmoqda. So‘nggi hal qiluvchi bahsda Ispaniya va Argentina terma jamoalari jahon chempioni degan nom uchun omonsiz kurashga kirishadi.

Ushbu uchrashuvda dunyo futboli qiroli, 39 yoshli Lionel Messi hamda Ispaniyaning porlayotgan yulduzi, 19 yoshli Lamin Yamal ilk bor bir-biriga qarshi maydonga chiqadi.

Jahon matbuoti bu ikki futbolchining tanishuvi qariyb 20 yil avval ro‘y bergani, o‘shanda 19 yoshli Messi 5 oylik chaqaloq Yamalni o‘z qo‘li bilan cho‘miltirgani hodisasini yodga olmoqda.

2007-yilda “Barselona” sharafini himoya qilayotgan yosh Messi YuNISEF tashkilotining xayriya tadbiri doirasida fotosessiya tadbirida qatnashadi. Klub futbolchilari chaqaloqlar bilan birgalikda suratga olinadi va shu asosda taqvim chop etiladi.

Lamin Yamalning oilasi lotoreyada fotosessiyada qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Eng qizig‘i, qur’a tashlash natijasida chaqaloq Lamin Yamal bilan argentinalik yulduz Lionel Messi suratga tushishi ma’lum bo‘ladi. Messi xayriya tadbiri doirasida chaqaloqni cho‘miltirgan va ko‘targan holda suratga tushadi. 

Messi va Yamalning yigirma yil oldingi ilk “tanishuv”i. Foto: AP

Taqdirning hazilini qarangki, oradan 20 yil o‘tib, Messi o‘z qo‘li bilan cho‘miltirgan va erkalab suratga tushgan Lamin Yamal hal qiluvchi bahsga unga qarshi to‘p suradi.

Messi va Yamal nomi yonma-yon tilga olinayotgani tasodif emas. Zero, har ikki futbolchi “Barselona” deb atalgan “iste’dodlar ishlab chiqarish korxonasi”ning mahsuloti sanaladi.  

Messi 2000-yilda 13 yoshida “Barsa” akademiyasiga kelgan va 17 yoshida jamoaning asosiy tarkibida debyut qilgan bo‘lsa, Yamal 7 yoshidayoq mazkur dargohga kelgan va 15 yoshida dunyoga mashhur jamoaning asosiy safida maydonga tushgan edi. 

Yana bir ramziy shuki, Yamal ham Messi qariyb yigirma yil davomida  egalik qilgan 10-raqamni meros qilib oldi. 

Yarim finalda Ispaniya terma jamoasi Fransiya ustidan ishonchli g‘alaba qozongan holda, haqli ravishda final huquqini qo‘lga kiritdi. Avval xabar berganimizdek, Luis de la Fuente shogirdlari mazkur o‘yinda Dide Desham jamoasiga chinakam futbol sabog‘ini berib qo‘ydi.

Argentina termasi esa Angliyaga qarshi intrigalarga boy o‘yinda so‘nggi 10 daqiqada urilgan ikki gol evaziga g‘alaba qozondi.

JCh kunlarida 39 yoshga to‘lgan Messi uchun bu uchinchi va ehtimol so‘nggi finaldir. Aynan JCh kunlarida 19 yoshni qarshilagan Yamal uchun esa bu birinchi final sanaladi. 

Jurnalistlarning 20 yilgi oldingi surat haqidagi savoliga javob berarkan, Yamal “Men ancha katta bo‘lib qoldim, Leo ham” degan va ushbu bahsni anchadan buyon kutayotganini qayd etgan.

Darvoqe, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan va yakuniga yetayotgan JCh davrida Lamin Yamalning 3 yoshli ukasi Keyn ham ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylandi. Tribunada baqir-chaqir qilgancha akasini qo‘llab quvvatlayotgan bolakayning foto va videolari gohida maydonda ter to‘kayotgan ayrim futbolchilarnikidan ham ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda. Shunga ko‘ra, Euronews Keyn Yamalning stadionlarda paydo bo‘lishini JChning e’tiborga molik hodisalari sirasiga kiritgan.

Ma’lumot o‘rnida: Lamin Yamal 2007-yilda Ispaniyada Marokash va Ekvatorial Gvineya vakillari xonadonida tug‘ilgan. U ham Messi kabi barvaqt mashhurlikka erishdi.

“Inter” bosh murabbiyi Simone Indzagi Yamalni “har 50 yilda bir tug‘iladigan betakror iste’dod” deb atagan edi.   

2025-yil oxirida FourFourTwo talqiniga ko‘ra, Yamal dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

Joriy yil may oyida esa “Barselona” jamoasi hujumchisi Lamin Yamal Falastin bayrog‘ini ko‘targani sabab Isroil rasmiylarining bosimiga uchradi. Falastinning mazlum xalqiga xayrixoh bo‘lgan millionlab odamlar Yamalning bu harakatini olqishladi. Isroil mulozimlari esa kutilganidek bundan darg‘azab bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring