Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mirziyoyev xorijiy davlatlarning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi

Mirziyoyev xorijiy davlatlarning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi

Bugun, 6-mart kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Misr Arab Respublikasidan Tamer Fatxi, Italiya Respublikasidan Pergabriyel Papadia de Bottini, Qirg‘iz Respublikasidan Duyshonqul Chotonov, Belarus Respublikasidan Aleksandr Ogorodnikov, Gruziyadan David Kotariya va Turkiya Respublikasidan Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Dunyoda ziddiyatlar keskinlashib, geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda do‘st davlatlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi har qachongidan ham muhim ekani ta’kidlandi.

Bunday sharoitda O‘zbekiston o‘zining ochiq va pragmatik tashqi siyosati bilan o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlab, dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va global moliyaviy institutlar bilan amaliy sheriklikni rivojlantirmoqda.

Prezident umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va integratsiya mintaqasiga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida raislik qilmoqda va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan tarixiy sammitga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Bo‘layotgan jadal o‘zgarishlar tufayli mintaqamizga qiziqish tobora ortib, «Markaziy Osiyo plyus» muloqot maydoni kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Joriy yil aprel oyida mamlakatimizda «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti, may oyida esa «Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab mamlakatlari» formatidagi ikkinchi uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida 11 ta rezolyusiya qabul qilingani alohida qayd etildi.

Joriy yilda mamlakatimizda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi va YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi, 2027 yilda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi ham davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.

O‘tgan yili jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarni tashkil etib, eksport 27 milliard dollardan oshgan. Yangi innovatsion formatda o‘tkaziladigan Toshkent investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

- Islohotlarimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad - har bir inson manfaatlarini ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish, «kelajak iqtisodiyoti» va ilg‘or infratuzilmani barpo etish, jozibador investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashdan iborat. «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi doirasida belgilab olgan ulkan maqsad va rejalarimizni amalga oshirish uchun bizda yetarli salohiyat va imkoniyatlar, eng muhimi, kuchli intilish va siyosiy iroda bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun diplomatik missiyalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari Misr Arab Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi.

Siyosiy maslahatlashuvlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, 3 ta yirik biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlashda muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.

Misrning yetakchi tashkilotlari va kompaniyalari ishtirokida energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, geologiya, turizm, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Arab davlatlari ligasining yaqinda o‘tgan sammitida Misr Prezidenti tomonidan ilgari surilgan G‘azoni tiklash rejasini qabul qilish tashabbusini yuqori baholadi.

O‘zbekiston yetakchisi Italiya ulkan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim strategik sherik ekanini ta’kidladi.

Bugungi kunda Italiya kompaniyalari bilan «yashil» energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Tashqi ishlar vazirlarining «Italiya - Markaziy Osiyo» formatidagi muloqoti davom etmoqda. Turin politexnika  va Piza universitetlarining Toshkent shahridagi filiali samarali faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yili birinchi marta yetakchi oliy ta’lim muassasalari forumi o‘tkazildi. Yaqinda Rim va Viarejio shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.

Yaqin kunlarda Hukumatlararo ishchi guruh yig‘ilishi va biznes forumi, Lombardiya gubernatorining O‘zbekistonga tashrifi hamda Hududlar kengashi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Italiya Bosh vazirining mamlakatimizga javob tashrifini tashkil etish asosiy vazifa etib belgilandi.

Qirg‘iziston O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi va strategik sherigidir.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ortdi, qo‘shma korxonalar soni 300 taga yetdi. Hududlarda avtomobil zavodi, to‘qimachilik fabrikalari, tibbiyot markazlari, agroklasterlar ishga tushdi.

O‘tgan yil dekabr oyida «Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi boshlangani muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

Shu oyda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari ishtirokida uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tadi.

Hukumatlararo va parlamentlararo komissiyalar, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘tgan yil fevral oyida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi.

Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, qo‘shma korxonalar soni 240 taga yetdi. Yaqin kunlarda siyosiy maslahatlashuvlar, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ishbilarmonlik tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Hududlararo, tibbiyot va ta’lim forumlarini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya Janubiy Kavkazdagi ishonchli hamkorimiz ekanini ta’kidladi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Yuk tashish hajmi ortmoqda, bank sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.

Hukumatlar va parlamentlar darajasidagi aloqalar faollashdi, madaniy va turizm almashinuvlari kengaymoqda.

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening kuni kecha O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Tovar ayirboshlashni yanada oshirish, logistika va tranzit, turizm, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda hududlar biznes forumi, milliy mahsulotlar yarmarkasi, madaniyat kunlarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya elchisiga murojaat qilar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash 3 milliard dollarga, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2 milliard dollarga, qo‘shma korxonalar soni 2 mingtaga yetdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilmoqda.

Yangi istiqbolli yo‘nalishlar va aniq loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilda O‘zbekistonda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, sheriklikni mustahkamlash uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy biznes vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida o‘zlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini ta’kidladilar.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring