Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mitti hikoyalar: otaning yoqasiga yopishgan qo‘llar, alla va beva...

Mitti hikoyalar: otaning yoqasiga yopishgan qo‘llar, alla va beva...

Vasvasa

– Marhuma oxirgi marta sizning uyingizga kelgan ekan, u qayoqqa ketayotgani haqida biror gap aytganmidi?
– O‘g‘rini topinglar, iltimos! – dodlab yubordi dugonasiga taqinchoqlarini berib turgan Halima boshini changallab...

O‘g‘ilning qo‘li

Besh yoshli Bahromjon ko‘chadan yugurib kelib, onasining «hay-hay»lashiga qaramay mehmonxonaga kirdi. U o‘tirganlarga e’tibor ham bermay dadasining cho‘ntagiga qo‘lini soldi:

− Dada, pul bering, − dedi va hali javobini kutmasdanoq bor pullarni olib, yana ko‘chaga yugurdi.

Bekzod aka ulfatlari oldida nima deyarini bilmay xijolatomuz iljayib, «bola-da» deb qo‘ydi.

Mana yigirma besh yildirki, hech nima o‘zgarmadi, faqat bir holatdan tashqari: endi qo‘llar cho‘ntakdan yoqaga ko‘chgan!

Dadamni qaytaring

Esimda qolgani: dadam har kun ichib kelib uyda janjal qilardi. Ertasiga ertalab «ichmayman, agar yana ichsam it bo‘lay» derdi-yu, ammo kechqurun yana o‘sha ahvol: ust-boshlari chang, bir qo‘llarida portfel, bittasida aroq bilan qaytardi...

Ishga ketib qaytmaganiga uch yil bo‘ldi. Hanuz darak yo‘q. Ukam bilan hamma yoqni izladik, hatto itxonalarni ham...

Agar kimdir bir qo‘lida portfel, bir qo‘lida aroq, ust-boshi to‘zigan odamni ko‘rsa, o‘sha mening dadam bo‘ladi. Iltimos, aytinglar, ko‘p ichmasin va yana aytingki, o‘g‘lingiz Yoqubjon sizni judayam yaxshi ko‘radi, u sizni uyda intizorlik bilan kutyapti, deng.

Dadamni qaytaring, yaxshilar!

Ona

– O‘g‘il kutyapsizmi, qizmi?

– Farzand kutyapman.

Qaynotaning sovg‘asi

– Bugun xotinim bilan ajrashdik.
– Shunga xafamisan?
– Hozir uyga borganimda chemodanda kimning kiyimlari bo‘lishini o‘ylayapman.

Alla

Nigina derazani taraqlatib ochdi-yu, hovlida qo‘g‘irchog‘iga alla aytib turgan ovsinining qizchasiga baqirdi:
− Ovozing o‘chsin, bolamni uyg‘otib yuborasan!

Beva

Bu oddiy operatsiyadan mingdan bir kishi tirik chiqmasligi mumkin edi. Afsus, Nazarov shu omadsizlardan biri bo‘ldi. Lekin operatsiya muvaffaqiyatsiz o‘tganining sababi butunlay boshqa...

Jarroh G‘ulomov Matlubaning bemor Nazarov yotqizilgan palatadan chiqib ketayotganida ko‘rgan, yuragida anglab bo‘lmas hissiyotlar uyg‘ongan edi.

− Bu ayol bemorning kimi bo‘ladi? − deb so‘ragandi u hamshiradan.
− Ikki kundan buyon shu yerda, xotini bo‘lsa kerak...

Nilufar Obidova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring