Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namanganda quruqlikda yashagan eng yirik sut emizuvchi dinozavr suyuklari topildi

Namanganda quruqlikda yashagan eng yirik sut emizuvchi dinozavr suyuklari topildi

Namangan tumani Qoratepa qishlog‘ida Ubaydullayev Najmiddin xonadonida issiqxona tashkil etish maqsadida qazish ishlari olib borilgan. Bir metr chuqurlik qazilganda bus-butun holda saqlangan noma’lum hayvon suyak qoldiqlariga duch kelishgan. Xonadon vakillari bu haqda Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyini xabardor qilgan.

Muzey xodimlari Muzaffar Karimov, Islomjon Karimov Namangan davlat universitetining arxeologiya kafedrasi arxeologi Shukrullo Nasriddinov va Biologiya kafedrasi dotsenti Erkin Ikromov bilan birgalikda xonadonga borib tekshiruv ishlarini olib borishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hayvon skeleti dinozavrlarning Indrikoteriy turiga mansub yirik sut emizuvchi ekanligi taxmin qilinmoqda.

Indrikoteriy, shuningdek, paratseratherium va balujitherium (lotinchada — Indrisotherium) deb nomlanadi. U 23-30 million yil muqaddam Osiyoda yashagan quruqlik sutemizuvchilarning eng yirigi hisoblanadi.

Ilk bor Indrikoteriy tosh suyaklari 1846-yilda Pokistonning Balujiston hududida aniqlangan. Ularning qoldiqlari sifatida tan olingan birinchi suyaklar 1907-1908-yillarda Balujistondagi ingliz geologi Gay Ellkok Pilgrim tomonidan kashf etilgan. Ular yuqori jag‘ suyaklari, pastki tishlar va jag‘ning orqa qismidan iborat bo‘lgan.

Keyinchalik Qozog‘istondagi Orol dengizi yaqinidagi Rossiya Fanlar akademiyasining ekspeditsiyasi shu kabi jonzotning yaxshi saqlanib qolgan skeletini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu hozirgi kunga qadar topilgan eng to‘liq skelet edi, ammo uning ham bosh suyagi topilmagan. 1916-yilda bu qoldiqlar asosida Aleksey Alekseevich Borisyak yangi jinsni tasvirlaydi.

1922-yilda amerikalik kashfiyotchi Roy Chapman Endryus Gobi sahrosida (Xitoy va Mo‘g‘uliston chegarasi) Amerika Tabiat tarixi muzeyi homiyligida o‘tkazilgan ekspeditsiyada Indrikoteriyning katta oyoq suyaklari va deyarli to‘liq bosh suyagini topdi.

2002-2006-yillarda Turkiya-Fransiya qidiruv guruhi Pokistonda ko‘plab yangi qoldiqlarni topdi, natijada ekspertlar suyaklarning Indrikoteriy turiga mansub bo‘lgan hayvonga tegishli ekanligini aytib o‘tishdi.

Indrikoteriy — bu hozirgi kungacha mavjud bo‘lgan quruqlik yashagan eng yirik sutemizuvchilardan biri. Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, uzunligi 8 metr, balandligi 5-6 metr, og‘irligi 15-20 tonnani tashkil etgan. Ular Osiyo, xususan, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Pokiston va Hindiston hududlarida yashagan. Asosan o‘simlik va butalar bilan oziqlangan.

Bu dinozavr turning yo‘qolib ketish sabablari noma’lum. Olimlar bu borada bir qancha omillarni keltirib o‘tishgan. Ular orasida iqlim o‘zgarishi, sekin ko‘payish, bu turning yashash joyini sezilarli darajada o‘zgarishi, ko‘plab o‘rmonlarning yo‘q bo‘lib ketishi, oziq-ovqat miqdorining kamayib ketishi asosiy unsur bo‘lib xizmat qiladi.

Bunday qoldiqlar 2006-yilda Namangan shahrini obodonlashtirish ishlari mobaynida Chorsu dahasidan ham topilgan. Bunda noma’lum hayvonning yirik kalla suyagi o‘rganilgan. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, aynan shu kalla suyagi ham bundan 20-25 million yillar avval yashagan Indrikoteriyga mansubligi aniqlangan. Demak, bu topilmalar Namangan viloyati hududida qadimgi eralar davrida ham hayot mavjudligini yana bir bor isbotladi, deyishmoqda Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi ilmiy xodimlari — Islomjon Karimov va Muzaffar Karimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring