Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namangan shahridagi uyidan tashlandiq joyga quvilgan xalq nolasi (foto)

Namangan shahridagi uyidan tashlandiq joyga quvilgan xalq nolasi (foto)

Foto: «Namnews»

Namangan shahridagi Boburshoh ko‘chasining ikki tarafi buzilib, ko‘p qavatli turar-joy bunyod etildi. Ular bitmasidan oldinoq sotib olindi ham. Ko‘plab savdo maishiy xizmat shoxobchalari daromadga kirdi. Ana shu joylarda tug‘ilib, kindik qoni to‘kilgan tub aholi esa shaharning bir chekkasiga ko‘chirildi.

Foto: «Namnews»

— Uylarimiz buzilib, o‘rniga yangi binolar tushishini aytishganda na quvonishimizni, na xafa bo‘lishimizni bilganmiz. Sababi biz barcha sharoitlarga ega uyimizni tashlab, hokimiyat tomonidan ajratib berilgan mana shu joylarga ko‘chib chiqdik, bu yerda yashash uchun umuman sharoit yo‘q, lekin uylarimiz buzilishidan oldin bizga boshqacha va’dalar berilgan edi, — deydi Mavluda opa Karimova.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 6500 aholi ko‘chib chiqishi lozim edi. Ayni paytda hech bir mahalla tarkibiga kiritilmagan, na raisi, na posboni bo‘lgan qaysidir mutasaddilar tomonidan og‘zaki ravishda «Barkamol avlod» deb nomlanmish bu maskanda taxminiy hisobga ko‘ra 1200-1500 atrofida aholi istiqomat qilmoqda. Bu haqda «Namnews» nashri xabar berdi.

Ularning bir qator muammolar qiynab kelmoqda.

Birinchi muammo

Foto: «Namnews»

Avvallari tashlandiq hudud hisoblangan bu yerlarni tarbiyasi og‘ir, jinoyatga moyil insonlar o‘ziga pakka qilgan. Ayni paytda aholi ko‘paygan bo‘lsa-da, hamon eski joyini qo‘msaganlar bu maskanni tark etmagan. Qabriston va oqar suv atrofi tunda umuman yoritilmaydi. Kechqurun yo‘ltasarlar o‘tgan ketganni tunash, ayol-qizlarga tegajoqlik qilish hollari kuzatilmoqda. 2017-yilning 31-dekabr kuni tashlandiq tegirmonga bezorilar bir yigitni urib, tashlab ketishgani mahalladoshlar tomonidan ta’kidlandi.

Yechim

Ushbu maskanni shahar IIB va keng jamoatchilik ishtirokida Jinoyatchilikdan xoli hudud deb e’lon qilish lozim.

Ikkinchi muammo

Foto: «Namnews»

Ichimlik suvi va yo‘l-ko‘prik tizimi umuman talabga javob bermaydi. Yaqinda 85 yoshli otaxon kechqurun tumanda zovurga tushib, ertalabgacha qolib ketgan va hayot bilan vidolashgan.

Bu hududdagi ariq va zovurlarda ikkita terakni kesib, barpo etilgan «qilko‘prik»lar mavjud. Ichimlik suvi soydan oqib keluvchi ariqlardan, ariqlarning yuqori qismida istiqomat qiluvchi terifurushlar — ko‘nchilar hovlisidan o‘tib keladi va aholi tomonidan iste’mol qilinadi.

Yechim

Foto: «Namnews»

Har bir xonadonga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish lozim. Buning uchun vaziyat o‘ta darajada muammoli emas, suv tarmog‘i yaqin. Aholi ehtiyojlarini o‘rganib chiqib, kichik ko‘priklar qurish lozim. Yo‘llar asfaltlanishi, xavfli burilish qismlari kengaytirilishi kerak.

Uchinchi muammo

Foto: «Namnews»

Mahalla fuqarolar yig‘ini yo‘qligi bois, mahalliy aholi uch-to‘rt yildan beri buzilib ketgan uylarining propiskasida. Nogironlar, kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtojlar sansalorlikka mahkumdirlar.

Yechim

MFY tuzish lozim! Aholi muammolarini yechish o‘ta zarur!


Ilova: mana shu hududda istiqomat qilayotgan aholi o‘tgan davr mobaynida juda ko‘plab mutasaddilarga va turli tashkilot, idoralarga murojaat qilishgan, lekin ayni paytgacha rahbarlar bu masalalarga panja ortida qarab kelishmoqda. Ular bizga murojaat qilish orqali muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratishni maqsad qilishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring