Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nok daraxti, xarili uy, o‘ta qahrli qish...

Nok daraxti, xarili uy, o‘ta qahrli qish...

Foto: sun’iy intellekt

Bu yorug‘ olamga kelgan har bir insonning shaxsiy hayoti, yaxshi-yomon kunlari bo‘lgani kabi, boshqa jonzotlar, dov-daraxtlar, ulkan bino va inshootlar ham o‘ziga yarasha tarixu taqdirga ega bo‘ladi, degan gapni eshitganmisiz?

Rahmatli dadam 82 yil umr ko‘rdilar. Katta akam Umarjon hofiz: «Xudo xohlasa dadamning yoshiga yetaman», derdilar. Niyatlari ijobat bo‘ldi.

Hovlimizda bir tup nok bo‘lardi. Dadam: «Umarjon tug‘ilgan yili ekkanman», derdilar. Mevasi yirik, sersuv, po‘sti xol-xolak, mazasi boshqa noklardan farq qiladi. Shu nok hovlimizda rosa to‘qson yil yashadi, shuncha vaqt meva berdi. Bir marta kasallanib, tanasi egilib, yorilib, shoxlari quriy boshlaganini bilaman.

Rahmonjon akam: «Ha, bo‘ldimi, qurimoqchimisan, mana senga», deb u yer-bu yerini arralay boshlagan edi, ayvonda yonboshlab yotgan dadam hay-haylab to‘xtatdilar, «Qo‘y, arralama, Xudo xohlasa tuzalib ketadi, mana ko‘rasan, hali ko‘p nok yeymiz», dedilar.

Shunday bo‘ldi ham. Bahorda nok qaddini rostladi, yon shoxlari o‘sib, tanasidagi jarohatlari bitib ketdi.

Dadam elliginchi yillarning boshida bir kishidan yigirma so‘mga bir tup baqaterak sotib olgan ekanlar. Yo‘g‘on va uzun tanasini ustalarga taroshlatib, xarili uy qurganlar. Bunday uyning tomiga xari uzunasiga yotqizilib, ikki yoniga to‘sinchalar ustidan bir-biriga yuzma-yuz qilib mindiriladi, boshqa uylarga nisbatan keng, issiq bo‘ladi.

Shu uyda katta bo‘lganmiz. Oradan ko‘p yillar o‘tdi, xarili uylar urfdan chiqdi. Akalarim uyni yangilashdi. Xarini hovli chetiga olib chiqib qo‘ydik. Shu yerda bir-ikki yil turgach, hovli chetidagi yangi  og‘ilxonamizning tomiga ishlatildi. Molxona buzilgach, bostirmaga uzun sarrob bo‘lib o‘tdi.

Vaqti kelib hovlini qayta qurish navbati menga keldi. Bostirmaga hojat qolmadi. Buzdik. Ikki uchi chiriy boshlagan xari yana ishsiz qoldi. Bu orada dadam vafot etdilar. Xarini ko‘tarib darvozamizdan tashqarisiga olib chiqdik. Ta’ziyaga kelganlar ustiga ko‘rpacha yozib, shu yerda dadamning ruhiga tilovat qilishdi. Mahallada bo‘ladigan issiq-sovuq ma’rakalarda odamlar ko‘p yillar uning ustida o‘tirishdi, ko‘p duolarga guvoh bo‘ldi. Keyin...

Bir yili qish o‘ta qahrli keldi. Ko‘mir yo‘q, tezak oz. Umri yakuniga yetgan xarini maydalab o‘choqqa yoqdik, cho‘g‘ini sandalga ko‘mib, omon-eson bahorga chiqib oldik.

Ahmadjon Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring