Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Onasini izlagan mamontcha yoxud Panchning qalbni titratuvchi hikoyasi (video)

Bolaligimizda bir qo‘shiq bo‘lardi, esladingizmi, ha “Mamontcha uchun ona” (Mama dlya mamontyonka).... Qo‘shiq shunday boshlanardi: Ko‘k dengiz bo‘ylab, yashil yer tomon, Oq kemamda suzib boraman...

O‘shanda balki kattalar uchun bu shunchaki multfilmdagi obraz bo‘lgandir. Bolalar uchun esa — onasini yo‘qotgan mamontchaga cheksiz achinish hissi. Kim o‘ylabdi deysiz, o‘shanda bizga bu qo‘shiq hayvonlarning ham qalbi borligini, ular ham sog‘inishini anglatmoqchi bo‘lganini? Va aynan shu qo‘shiq bugungi hayotimizda o‘z aksini topishini...

Yaponiyaning Itikava zooparkida Panch ismli maymunchaning taqdiri mamontchaning qismatiga juda o‘xshash. Qizig‘i shundaki, unga atab yozilgandek tuyulgan bu qo‘shiq bundan 65 yil oldin yaratilgan. Bu voqea oldindan bashorat qilinganmikan yoki taqdirning ajoyib va alamli o‘yinimi?

Onasiz maymunchaning qanday mehrga zorligi TikTok, Instagram  va boshqa platformalarda juda tez tarqaldi, ushbu videoga yozilgan izohlarda odamlar yig‘lagan smayliklar qo‘yishmoqda va tuyg‘ularini yozishmoqda, fan-artlar chizishmoqda, hatto Yaponiyada  “Panch, chidamli bo‘l!”  xeshtegi paydo bo‘ldi.

Yolg‘izlik va sariq “ona”

Panchning onasi u tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay voz kechdi. Kichkinagina, himoyasiz mavjudotni boshqa makakalar guruhiga qo‘shishga harakat qilishdi. Lekin tabiat ba’zan shafqatsiz: boshqa maymunlar uni qabul qilishmadi. Hatto bir videoda katta makaka uni qo‘pollik bilan itarib yuborganini ko‘rish mumkin. O‘sha payti maymunchani holatini ko‘rib o‘z-o‘zidan eng bag‘ritosh odamning ham ko‘zi yoshlanishi tabiiy.

Shunda zoopark xodimlari unga bir sariq, yumshoq o‘yinchoq berishdi. O‘sha kundan boshlab bu o‘yinchoq uning butun dunyosiga, “onasiga” aylandi. Panch qo‘pollik bilan rad etilganda sariq yumshoq “onasi” bag‘riga yotganini ko‘rish biram qayg‘uli.

Ko‘k dengiz bo‘ylab, yashil yer tomon,

Oq kemamda suzib boraman ...

Panch o‘yinchoqni hech qachon qo‘lidan tushirmaydi. U bilan birga o‘ynaydi, yelkasiga ortib yuradi. Eng ta’sirlisi, uxlayotganda unga suyanib, yuzini yumshoq yunglariga bosib oladi. Go‘yoki shu issiqlik unga onalik mehrini berayotgandek. Ba’zida u o‘yinchoqning qo‘lini mahkam ushlab oladi, xuddi onasining qo‘lidan tutgan bolakaydek.

Panch ovqat yeyishga borganda ham o‘yinchog‘ini sudrab boradi. Boshqa maymunlar uni yana itarib yuborishsa, u xafa bo‘lib orqaga qaytadi va o‘yinchog‘i bilan “gaplashadi”, unga dardini aytadi. Bu manzarani ko‘rgan millionlab odamlarning qalbi parchalanmoqda.

Na to‘lqin qo‘rqitar va na shamollar,
Onamni izlayman,
yakkaman ayro
Dunyoda yagona onam yoniga,
Suzaman shamollar, to‘lqinlar aro.

 Ammo Panch faqat o‘yinchoq bilan chegaralanib qolmayapti. U juda jasur va qo‘rqmas. U insonlarga, ya’ni zoopark xodimlariga yaqinlashadi, qo‘llarini cho‘zib quchoqlashni so‘raydi. Uning ko‘zlaridagi mung har qanday tosh qalbni eritadi.

Yaqinda esa xushxabar tarqaldi: Panch baribir guruhga moslashishga harakat qilyapti. Bir katta makaka uni o‘z yoniga o‘tirishga ruxsat berdi va hatto uni parvarish qilishni boshladi. Shu yerda yana bir bor hayvonlarning qalbi borligini anglaysiz. Panch hali ham o‘yinchog‘ini qo‘ldan qo‘ymagan, lekin endi uning yonida tirik, issiq nafas bor.

Mayli, onam eshitsin, mayli, onam tez kelsin,

Meni tezda  topsin u, mehri bilan quchsin u!

 Panchning hikoyasi, bu faqat bir maymuncha haqida emas. Bu, mehr sog‘inchida yashayotgan har bir tirik jonning nidosi. U o‘zining yumshoq sariq “onasi” va dunyoga: “Men shu yerdaman, meni yaxshi ko‘ring!” demoqda. Va u mehr istagandi, millionlab odamlarning mehriga erishdi, qalblarni eritdi.

Yaponiyada hozir “Panch, chidamli bo‘l!” xeshtegi mashhur. Odamlar unga atab suratlar chizishmoqda, uni ko‘rish uchun zooparkda uzun navbatlar hosil bo‘lmoqda.

Panch, sen albatta baxtli bo‘lasan. Sening kemang allaqachon mehr sohillariga yaqinlashib qoldi. Chunki dunyoda bolalar hech qachon yo‘qolmasligi, yolg‘iz qolmasligi kerak.  

Zero, o‘sha mashhur qo‘shiqda aytilganidek, dunyoning eng oliy adolati ham aynan shunda:

Axir bunday bo‘lmas hech qachon,

Bola onasiz, mehrsiz sarson.

 Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring