Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbek orzusi»: unga qanday erishiladi? Loyihani taniqli tadbirkorlar ham qo‘llab-quvvatlashyapti

«O‘zbek orzusi»: unga qanday erishiladi? Loyihani taniqli tadbirkorlar ham qo‘llab-quvvatlashyapti

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbek orzusi» loyihasi haqida OAVda e’lon qilingach, aholining kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha bilimlarini oshirishga o‘z hissasini qo‘shish niyatida bo‘lgan 65 nafar volontyor loyihaga qo‘shildi.

Loyiha rahbari Timur Allayarovning ma’lum qilishicha, «O‘zbek orzusi» o‘zining dastlabki natijalarini ko‘rsata boshlagan.

«Avvaliga biz volontyorimizga imkon qadar ko‘proq axborot va bilimlarni berishni rejalashtiryapmiz, axir ular loyihaning asosi va tayanchi hisoblanishadi, — dedi Timur. — Bugungi kunga qadar volontyorlarimiz uchun ikkita maxsus trening o‘tkazdik. Ularga Myunxen universiteti doktoranti ishtirokida bahsli holatlarga yechim topish va shaxsni shakllantirish, shuningdek elektron hukumat tizimidan foydalanish bo‘yicha tayyorlangan dastur tanishtirildi. Avvalambor, biz volontyorlarimizni elektron hukumat tizimining to‘laqonli foydalanuvchisiga, tahliliy va ijodiy fikrlaydigan, psixologiyaning asosiy tushunchalariga ega istiqbolli mutaxassislarga aylantirishni istaymiz. Shu maqsadda joriy yilning 20 yanvarida «O‘zbektelekom» AK ko‘magida «Respublikada faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari» mavzuida maxsus konferensiya tashkil etmoqchimiz.»

E’tiborlisi, yurtimizda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ham ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqishmoqda. Ular loyiha doirasida kam ta’minlangan va qiyin sharoitli yoshlarga o‘z bilimlari va tajribasini ulashish niyatidalar. Misol uchun Hasan Mamasaidov (Dekos rahbari) va Zafar Hoshimov (Korzinka.uz supermarketlari rahbari) biznesni tashkil etish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

Loyihaning tajriba talqini «O‘zbek orzusi» volontyorlarining maxsus tayyorgarligi yakunlanishi bilan Toshkent shahrining Sergeli tumanida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyihaga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK ko‘magida mamlakatimizning faol yoshlari bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalar hamda qiyin sharoitli yoshlarga kompyuter savodxonligini o‘rgatish va ingliz tili bo‘yicha maxsus kurslarni tashkillashtirish maqsadida asos solingan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring