O‘zbekiston HHK Braziliyaning C-390 Millennium samolyotini qabul qilib oldi
Braziliyaning Embraer kompaniyasi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga ilk C-390 Millennium ko‘p vazifali harbiy-transport samolyotini topshirdi. Topshirish marosimi kompaniyaning Braziliyadagi Gavian-Peyshotu ishlab chiqarish majmuasida o‘tkazildi.
Marosimda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burxonov va «O‘ztextreyd» davlat muassasasi direktori Olimxon Baqiyevich Rustamov ishtirok etdi.
O‘zaro shartnoma 2024-yil oxirida imzolangan bo‘lib, u samolyot bilan birga mutaxassislarni tayyorlash, texnik qo‘llab-quvvatlash va ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham nazarda tutadi.
Shu tariqa, O‘zbekiston C-390 Millennium samolyotidan foydalanadigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylandi.
C-390 Millennium 26 tonnagacha yuk ko‘tarishi, soatiga 470 uzel tezlikda parvoz qilishi mumkin. Samolyot yuk va harbiylarni tashish, havodan yuk tushirish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv, yong‘in o‘chirish va gumanitar operatsiyalarda qo‘llanishi mumkin. U tayyorlanmagan yoki vaqtinchalik uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalana oladi.
Maxsus jihozlar o‘rnatilganda C-390 havoda boshqa samolyotlarga yoqilg‘i quyish yoki o‘zi havoda yoqilg‘i qabul qilish imkoniyatiga ega.
Embraer kompaniyasining ma’lum qilishicha, mazkur samolyot Braziliyadan tashqari Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, BAA, Slovakiya, Kolumbiya va Litva tomonidan ham tanlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter