Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

«O‘zbekiston» sanatoriylari Amir Olimxonnikimi?

«O‘zbekiston» sanatoriylari Amir Olimxonnikimi?

Foto: «Tonkosti.ru»

Sochi, Kislovodsk va Yalta shaharlarining har birida «O‘zbekiston» nomli sihatgohlar bor. Ularda dam olgan kishilar o‘zlari bilan bir olam taassurotlarga qo‘shib, albatta, bu sihatgohlar bilan bog‘liq turli afsona va rivoyatlarni ham olib kelishadi. Ulardan eng ko‘p tarqalgani bu sihatgohlar va ular joylashgan yerlar Buxoro hukmdori Amir Olimxonning mulki ekani va hozir ham ular O‘zbekistonga tegishli ekani haqidagi gap.

Bu narsa qanchalik haqiqat? Bugun shu haqda suhbatlashamiz.

Sochidagi «O‘zbekiston»

Foto: Arxitektura Sochi

Sochidagi «O‘zbekiston» sanatoriysining tantanali ochilish marosimi 1977-yilning 7-yanvarida bo‘lib o‘tgan. Demak, boshidan aytib qo‘yaveramiz: bu sihatgohning Amir Olimxonga aloqasi yo‘q.

Hammasi o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovning tashabbusi va bu ishning boshida turib, Moskvaning ruxsati bilan sihatgoh uchun yer olish, loyiha chizdirishi bilan boshlangan. Rashidovning o‘zi Sochiga borib, sihatgoh barpo etiladigan joyni qadamlab aylanib chiqqan va o‘z takliflarini bergan. Rashidov sihatgoh qurilishi uchun O‘zbekiston hisobidan katta mablag‘ ajratgan va juda ko‘p ustalar, rassomlarni yuborgan. O‘zbekistondan borgan duradgorlar, naqqoshlar, yog‘och o‘ymakorligi san’ati ustalari sharqona uslubdagi sihatgohni qisqa muddatlarda qurib, bezab bo‘lishgan.

Sihatgohning loyihasini V.Shavernev, A.Potrebich, B.Usmonov va D.Latipovlar bilan hammualliflikda chizgan I.Yaroshevskiy va V.Ochinskiylarga  Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti berilgan.

Sihatgohga shaxsan Sharof Rashidov tavsiyasi bilan «O‘zbekiston» nomi berilgan.

Afsuski, ma’lum sabablarga ko‘ra sihatgohning loyihalangan ikkinchi qismi qurilmasdan qolib ketgan...

Sochidagi «O‘zbekiston» ittifoq tarqalgach, ancha vaqt hech kimga kerak bo‘lmay yotdi va nurashni boshladi. Oxir-oqibat u xaroba holiga kelib qoldi.

Bugungi kunda «O‘zbekiston» sihatgohi qo‘shni – Rossiya IIVga qarashli «Salyut» sanatoriysi tarkibiga kiritilgan va faqat ko‘p qavatli binosigina olimpiada o‘yinlari munosabati bilan ta’mirlangan.

Kislovodskdagi «O‘zbekiston»

Foto: «uzbekistan-kmv.ru»

Bu sihatgoh 1932-yilning 7-noyabrida Oktyabr to‘ntarishining 15 yilligi sharafiga tantanali suratda ochilgan. Demak, bu sihatgohning ham Amir Olimxonga aloqasi yo‘q.

Bu sihatgoh dastlab bir qavatli yozgi uylar ko‘rinishida barpo etilgan. Urush yillarida bu yer harbiy gospitalga bo‘shatib berilgan.

Bu sihatgoh ham 1971-yildan boshlab N.Qorjibekov boshchiligidagi toshkentlik arxitektorlar tomonidan loyihalanib, qayta qurilgan. Asosiy ishlar 1980-yillarda amalga oshirilgan va bu sihatgohning obod bo‘lishida ham davlatimizning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov jonbozlik ko‘rsatgan.

Bugungi kunda ham «O‘zbekiston» sihatgohi O‘zbekiston Prezidenti ma’muriyati qoshidagi tibbiy markazga qarashli. Sihatgohning bosh shifokori, shuningdek, ko‘plab mutaxassislar ham O‘zbekiston fuqarolari. Albatta, sihatgohda faoliyat yuritayotgan vrachlar, hamshiralar orasida Rossiya fuqarolari ham oz emas.

Kislovodskdagi «O‘zbekiston» sihatgohi 1,5 gektar maydonni egallagan va u yil bo‘yi ishlaydi. Sihatgoh bir yo‘la 170 kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Yaltadagi «O‘zbekiston»

Foto: «Tonkosti.ru»

Yaltadagi «O‘zbekiston» sihatgohi joylashgan binolar 1907 — 1911-yillar davomida rus arxitektori N.Tarasov tomonidan loyihalashtirilib, sharqona (mavritaniya) uslubida, Kerch toshlaridan qurilgan.

Mana shu sihatgohning Amir Olimxonga aloqasi bor.

Sihatgoh joylashgan hududni haqiqatan ham 1898 yilda Amir Olimxonning otasi, Buxoro hukmdori Sayyid Abdulahadxon Rossiya hukumatidan sotib olgan. Sayyid Abdulahadxon yoz oylarini Yaltada o‘tkazishni xush ko‘rar edi. Shuning uchun ham bu yerda o‘z qarorgohini barpo etishni ixtiyor etdi. Dastlab sotib olgan yerida ajoyib bog‘ barpo qildi. Bu bog‘ni amir Dilkusho deb atadi. Keyinchalik birin-ketin to‘rtta qasr bino qildi. Barchasini Buxorodan yuborilgan xalq ustalari sharqona uslubda qurdi va bezatdi. Afsuski, bugungi kungacha Sayyid Abdulahadxon qurdirgan binolardan birgina qasr saqlanib qolgan.

1911-yilda Sayyid Abdulahadxon vafot etgach, Buxoro taxti ham, uning Yaltadagi qarorgohi ham uning o‘g‘li Amir Sayyid Olimxon mulkiga aylandi.

1917-yilgi to‘ntarishdan keyin barcha narsa yo‘qsillar mulki deb e’lon qilingani singari Amir Olimxonning yozgi qarorgohi ham xalq mulki deyildi. Xayriyatki, amirdan qolgan deya to‘pga tutilmadi va bu yerda 1921-yilda Yalta Sharq muzeyi ochildi.

O‘sha paytdagi sho‘roning kattalarida oz-moz insof bo‘lganmi yoki bizning kattalar qattiq turib, haqini talab qilganmi, Sayyid Abdulahadxonning Rossiya imperatoridan olgan vasiqasi kuchini ko‘rsatganmi, haytovur, 1924-yilning 23-mayida qabul qilingan Qirim MIQ prezidiumi qarori bilan Amir Olimxonning mulki abadiy foydalanish uchun O‘zbekiston mehnatkashlari ixtiyoriga berildi. E’tibor bering: abadiy!

Ana shundan keyin bu yer «O‘zbekiston» sanatoriysi nomini oldi va har yili yurtdoshlarimiz bu yerda dam olib, salomatligini tiklab keladigan bo‘lishdi.

1924 — 1927-yillarda bu yer dam olish uyi, ya’ni «dom otdixa» edi. 1927 — 1969-yillarda sil kasalini davolaydigan sanatoriyga aylandi. 1969-yildan boshlab, sihatgoh asab va jismoniy kasalliklar bartaraf etiladigan sanatoriy sifatida faoliyatini davom ettirdi.

Urush davrida sihatgoh, ayniqsa amir qasri jiddiy shikastlandi. Fashistlar quyosh vannasi qabul qiladigan inshoot, meteostansiya va boshqalarni yo‘q qildilar. Bog‘ni ham vayron qildilar. Sayyid Abdulahadxon yiqqan noyob osori atiqalar, maftunkor suratlar ham o‘sha yillari o‘g‘irlab ketildi.

Yaltadagi «O‘zbekiston»da ham asosan 1970-yildan keyin Sharof Rashidov jonbozligi bilan katta ta’mirlash, obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

Yana bir narsani qayd etish lozimki, Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon Yaltani juda yaxshi ko‘rar, bu shaharning obodonchiligi uchun juda katta mablag‘lar sarflagan edi. Uning shahar ma’murligi uchun qilgan xizmatlarini Yalta shahrining rahbarlari ham munosib qadrladilar va Sayyid Abdulahadxonni Yaltaning faxriy fuqarosi deb e’lon qilgan edilar. Yaltadagi ko‘chalardan biri uning nomi bilan atalgan edi...

Aytgancha, Buxoro amiri Jeleznovodsk shahrida ham qasr qurdirgan edi.

«O‘zbekiston» sihatgohi Amir bog‘ida joylashgan, ammo amirning qasriga Qora dengiz flotining «Yalta» sanatoriysi «kirib olgan»...

Yaltadagi «O‘zbekiston» sihatgohi ham yil bo‘yi ishlaydi va bir yo‘la 240 dam oluvchiga xizmat ko‘rsata oladi.

«Puling bo‘lsa xaltada, dam olasan Yaltada»

Xalq bu iborani bekorga to‘qimagan. Yaltadagi oromgohlarni Buxoro amiri qurganda ham, sho‘rolar bu maskanlarni xalqning dam oladigan sihatgohlari deb e’lon qilganda ham, hatto Sharof Rashidov qurgan yo obod qilganda ham «xaltasida» puli bo‘lmagan oddiy odamlar bu joylarda dam ololmagan. Amir zamonidan beri u joylarda boylar, keyinchalik partiya va davlat arboblari, rais bobo, raykom bobo, obkom bobolar, eng kami OblONO, RayONO mudirlari bo‘lgan bobolar dam olishgan.

Faqat mustaqillikka erishganimizdan keyingina tom ma’noda xalq dam oladigan maskanlarga aylangan o‘sha oromgohlarda pul topishga aqli yetgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, tijoratchilar ham dam oladigan bo‘ldi. Ammo shunda ham istagan kishi borib, dam olib kela olmaydi. Sababi, borib kelish, samolyot chiptasining o‘zi falon pul, sihatgohning yo‘llanmasi ham pismadon pul. Misol uchun Urgut tumanining butun boshli Jalasoy degan qishlog‘idan Amir Olimxon zamonidan beri rais bobodan boshqa faqat bir kishi,  ya’ni ushbu satrlar muallifi «O‘zbekiston» sanatoriysida dam olgan va u ham bo‘lsa mashaqqatli mehnati sharofati bilan...

So‘ngso‘z o‘rnida

Kim va qachon qurdirganidan qat’i nazar Qora dengiz bo‘yidagi dam olishga mos bu uchala shaharda ham faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston» sihatgohlari yurtimizning bir bo‘lagidek, xalqimiz faxrlanishiga arziydigan inshootlardir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, bu sihatgohlarni ta’mirlash, obod qilish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda va ularda har yili minglab yurtdoshlarimiz dam olib, o‘z salomatliklarini tiklab qaytishmoqda.

Ming marta gapirgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal deydilar. Yaxshisi, o‘zingiz boring va bu shaharlarning, «O‘zbekiston» sihatgohlarining go‘zalligini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring!

Sihatgohlarning ma’murlari Kavkazning shunaqa joylarini ko‘rsatishadiki, yo‘lboshlovchilar shunaqa rivoyat va afsonalarni aytib berishadiki, bu joylarni sevib qolasiz va takror-takror borishni odat qilasiz.

Ishonchimiz komilki, maqolani o‘qib, yozda «O‘zbekiston» sihatgohlaridan biriga borishni niyat qildingiz. Niyatingizga yeting! Keyin o‘z taassurotlaringizni bizga yozib yuborishni ham unutmang!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring