Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men tanigan O‘zbekiston — Yangi O‘zbekiston xorijlik olim nigohida!

Men tanigan O‘zbekiston — Yangi O‘zbekiston xorijlik olim nigohida!

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida turkiyalik taniqli olim Kemal Yavuz Atamanning qahramoni va bosh g‘oyasi Yangi O‘zbekiston bo‘lgan «Men tanigan O‘zbekiston» nomli salmoqli asari nashr etildi. Ushbu muhim loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamkorligidagi «Ma’rifat elchilari» dasturi doirasida amalga oshirilib, o‘zbek va turk tillarida keng o‘quvchilar ommasiga yetkazilmoqda.

Mazkur asar oddiy sayohat taassurotlari to‘plami emas. Unda muallifning 1991-yildan buyon O‘zbekiston bo‘ylab qilgan ko‘p sonli safarlari, ilmiy ekspeditsiyalari, arxiv manbalari asosidagi izlanishlari hamda yurtimiz insonlari bilan qilgan samimiy muloqotlari mujassamlashgan. Muallif ko‘hna va yangilanayotgan yurtimiz hayotini xolis kuzatuvchi va tahlilchi sifatida qalamga olgan.

Kitobda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tub islohotlar, mamlakatning barqaror taraqqiyot yo‘li, boy madaniy merosi, xalqimizga xos milliy qadriyatlar hamda yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzi olim nigohi bilan chuqur tahlil qilingan. Har bir sahifada O‘zbekistonga bo‘lgan samimiy mehr va hurmat yaqqol sezilib turadi.

Yaqinda o‘tkazilgan mazkur kitobning taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli olimlar, akademiklar, ziyolilar, taniqli yozuvchi va tarjimonlar, diplomatik korpus xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda asarning xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni alohida e’tirof etildi.

«Men tanigan O‘zbekiston» asari yurtimiz haqidagi haqqoniy ilmiy xulosalar va chin dildan chiqqan iliq taassurotlarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu nashr O‘zbekistonning bugungi qiyofasini dunyoga yaqindan tanituvchi muhim va qimmatli ma’naviy manbaga aylanishi shubhasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring