Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Parkentda yangi sihatgoh ochiladi

Parkentda yangi sihatgoh ochiladi

Muassasa nafas yo‘llari va asab xastaliklarini davolashga ixtisoslashgan.

Toshkent viloyatining Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida faoliyat yuritib kelgan «Zarkent» nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimiga o‘tkazilib, bu yerda keng ko‘lamli qurish-qayta qurish ishlari bajarildi va 128 o‘rinli zamonaviy sihatgohga aylantirildi.

Dengiz sathidan 800 metr balandlikda, xushmanzara va so‘lim joyda joylashgan: tevaragi keng bargli o‘rmonzor bilan o‘ralgan, shifobaxsh suvli buloq va bir nechta ziyoratgohlar yaqinidagi «Zarkent» muassasasi turiga ko‘ra tog‘-iqlimiy sihatgoh hisoblanadi.

Kislorodga boy, shifobaxsh efir moylari aralashgan tog‘ havosi nafas tizimi a’zolari va asab kasalliklari, allergik holatlardan forig‘ bo‘lishga yordam beradi. Tog‘ bulog‘idan chiqib, sanatoriy hududidan oqib o‘tuvchi tabiiy ma’danlarga boy suv esa ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni sog‘lomlashtirishga samarali ta’sir qiladi.

Dam oluvchilarni sog‘lomlashtirishda jismoniy davolar, giyohli va tuzli suvlarda cho‘milish kabi keng turdagi suvli muolajalar, uqalash, davolovchi jismoniy tarbiya, miqdorli yurish (terrenkur), tuzli g‘or, giyohli damlamalar va parhez taomlardan keng foydalaniladi. Davolanuvchilarga 60 nafardan ziyod malakali xodimlar xizmat ko‘rsatadi.

Sihatgoh hududida dam olish uchun madaniyat saroyi, kutubxona ham mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda Toshkent viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va sog‘lomlashtirish maqsadida yangi barpo etilgan sihatgohning «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da qurilib, foydalanishga topshirilgani ham ramziy ma’noga kasb etadi.

Sihatgohning ochilish marosimi joriy yilning 6 iyun kuniga belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring