Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi tuman hokimligi tan oldi, o‘quvchilarga haqiqatan asfaltda dars o‘tilgan

Qarshi tuman hokimligi tan oldi, o‘quvchilarga haqiqatan asfaltda dars o‘tilgan

Foto: Facebook / «Potrebitel.uz»

Qarshi tumanidagi 6-maktabda o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlari asfalt ustida o‘tkazilganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi, biroq tuman xalq ta’limi bo‘limi bu xabarlarni rad etayotgan edi. Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Qarshi tumani hokimligi ushbu holatni o‘rganib chiqdi va dars haqiqatan ham asfalt ustida o‘tkazilganini tasdiqladi.

Aniqlanishicha, maktabning 6-«G» sinfining birinchi guruhiga ingliz tili fanini o‘qituvchi Dilafro‘z Hasanova o‘tsa, ikkinchi guruhga Maftuna Zaripova dars beradi. Sinfda o‘quvchilar soni 32 nafarni tashkil etadi.

Asfalt ustidagi dars mashg‘uloti 10 oktyabr kuni Dilafro‘z Hasanova rahbarligida o‘tkazilgan. O‘qituvchi ushbu harakatini o‘sha kuni o‘tilgan mavzu tabiat bilan bog‘liqligi va o‘quvchilarga tabiatni jonli tarzda ko‘rsatishni maqsad qilgani bilan izohlagan.

Mavzu tabiat manzaralariga oid bo‘lganligi bois, o‘qituvchi dars mashg‘uloti tugashiga 10 daqiqa qolganida o‘quvchilarni maktab hovlisiga olib chiqqan va mavzuga doir ma’lumotlarni o‘quvchilarga shu yerda tushuntirishga harakat qilgan.

Ingliz tili fani metod birlashma rahbari D.Erkayeva esa dars mashg‘ulotini o‘qituvchi Nodira Qo‘ziboyevaning telefoni orqali videoga olgan. D.Erkayevaning aytishicha, u shunchaki tasvirga olgan va videolavha bunday tarqalib ketishini bilmaganligidan afsuslanmoqda.

Bunday holatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganligidan o‘qituvchi Dilafro‘z Hasanova ham afsusda ekanligini bildirgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mamatqulovning aytishicha, maktab quvvati 1060 o‘rinli bo‘lib, ayni paytda mazkur ta’lim dargohida 1884 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Unda 141 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Maktab uchun 2018 yil 420 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib barcha jihozlar, parta va stullar bilan ta’minlangan. Maktabda sinf soni 60 ta. Darslar 2 navbatda o‘qitiladi.

Qarshi tuman hokimligi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, maktabda o‘quvchilarga joy yetishmasligi muammosi yo‘q. Mazkur holat yuzasidan ishchi guruh tomonidan maktab jamoasi va mas’ullarga tushuntirish berilgan va ta’lim-tarbiya jarayoniga yanada e’tiborli bo‘lishlari ta’kidlangan.

Avvalroq Zarafshondagi 2-maktabda 4-sinf o‘quvchilari, Farg‘onada esa 24-maktabda 1-sinf o‘quvchilari polda o‘tirgani, Sho‘rchida esa Surxondaryo viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internatida o‘quvchilar polda yotgani aks etgan fotosuratlar tarqalgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring