Ravshan Haydarov: «Terma jamoa o‘yinining o‘zgarishi va chempion bo‘lishida Oqto‘ba fojiasi katta ta’sir ko‘rsatdi»
Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bugun Toshkent vaqti bilan 23:50 da poytaxtimizga yetib kelishdi. «Xabar.uz» muxbiri Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarovdan eksklyuziv intervyu oldi.
— Osiyo chempionatida erishilgan tarixiy natija jamoamizning ahilligi, g‘alabaga chanqoqligi tufayli qo‘lga kiritildi, — deb aytdi Ravshan Haydarov. — Biz butun terma jamoa a’zolari — murabbiylar shtabi ham, futbolchilar ham bir maqsad yo‘lida harakat qildik. Final uchrashuvida so‘nggi zaxira imkoniyatidan foydalanishdan oldin oldimda ikkita yo‘l bor edi. Bittasi zaxira darvozabonni o‘yinga tushirib, penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rish yoki hujumchini maydonga tushirib, qolgan 2-3 daqiqa ichida gol urish. Men Allohga tavakkal qilib, ikkinchi yo‘lni tanladim va bu qarorim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Muxbirimizning guruh o‘yinlaridagi sust, ishonchsiz o‘yinlardan futbolchilarimiz qanday qutulishdi, Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida ro‘y bergan fojia olimpiyachilarimizga qanday ta’sir ko‘rsatdi, ko‘pchilik ana shu voqeadan keyin yigitlar o‘zgardi deya taxmin qilishayapti, shu rostmi, degan savoliga murabbiy quyidagicha javob berdi:
— Ushbu fojia barcha yurtdoshlarimiz kabi bizni ham larzaga soldi. O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov terma jamoaga ayni shu haqda maktub yo‘lladi. Biz bu xatni yigitlarga o‘qib berdik. O‘zim ham kutilmagan fojia oqibatida qurbon bo‘lganlar xotirasi uchun ham keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonishimiz shartligini ularga aytdim. Yigitlar ham ro‘y bergan fojiadan qattiq ta’sirlanishdi, so‘zlarimizning ahamiyatini yurakdan his qilishdi va buni maydonda isbotlashdi.
Voqealar rivojini «Xabar.uz» bilan birga kuzatib boring!
Mavzuga doir:
Eksklyuziv! Akrom Komilov Koreyaga qay tarzda gol urganini aytib berdi
Osiyo chempionlari Toshkentga qo‘ndi. Ularni Bosh vazir kutib oldi
«Malibu»lar tayyor: endi taqdirlash qoldi xolos (videoreportaj)
Osiyo chempionlarini kutib olishga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda (fotoreportaj)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter