Rossiyaning yana bir qamoqxonasida isyon: xodimlar garovga olingan, qurbonlar bor
Rossiyaning Volgograd viloyatidagi Surovikino jazoni ijro etish koloniyasida bir guruh mahkumlar isyon qilib, ayrim xodimlarni garovga olgan. Qurbonlar va jabrlanganlar borligi aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda o‘zlarini «Islomiy davlat» jangchilari deya tanishtirayotgan 3 nafar shaxs muassasa xodimlarini garovga olganini e’lon qilgan.
Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati ham mazkur holatni tasdiqlab, Volgograd viloyatidagi 19-jazoni ijro etish koloniyasida intizomiy komissiya yig‘ilishida mahkumlar qamoqxona xodimlarini garovga olgani, ayni paytda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha harakatlar olib borilayotganini bildirgan.
Garovga olganlar 2 million dollar, uchuvchisi bo‘lgan bir vertolyot hamda «Rossiyadan qochish uchun janubi-sharqdagi havo yo‘lagi»ni talab qilmoqda.
Volgograd masjididan mulla garovga olinganlar bilan muzokaralar olib borish uchun koloniyaga olib kelinadi, deb xabar berdi Mash nashri.
Ayrim manbalarga ko‘ra, garovga olinganlarning besh nafari turli darajada jarohatlangan. Tergov qo‘mitasi Volgograd koloniyasida garovga olish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Eslatib o‘tamiz, bu Rossiya qamoqxonalaridagi so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi xuddi shunday holat bo‘lib, avvalroq Rostov viloyatidagi 1-sonli tergov hibsxonasida ham xodimlar mahkumlar tomonidan garovga olingan va ular maxsus amaliyot paytida jismonan yo‘q qilingani aytilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter