Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘ining sobiq 1-o‘rinbosari oqlandi
Yaqinda saytimizda (23.02.2019y.) Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosari Umid Klichev sudga tortilgani haqida xabar berilgan edi. Unda u mansabdor shaxs bo‘lgani holda Guliston shahar hududida chet el valyutalarini noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan Adham Sidiqov bilan go‘yoki til biriktirib, jinoyat sodir etgani natijasida 177-modda 3-qismi «a» bandiga ko‘ra (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish), aybdor deb topilib, ikki yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga mustahiq etilgani aytilgandi.
Ta’kidlash shart: mazkur xabar «Sirdaryo haqiqati» gazetasi rasmiy saytida berilgan materialga tayangan holda e’lon qilingan bo‘lib, tegishli havola ko‘rsatilgan edi.
Ushbu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi. Bir xabar ortidan boshqa haqiqat ochildi.
Oydinlashdiki, U.Klichevga tegishli jazo tayinlash haqidagi hukm O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi protestiga asosan Oliy sudda bekor qilinib, apellyasiya bosqichida qayta ko‘rib chiqish uchun Jizzax viloyatiga yuborilgan ekan.
Saytimizda yuqoridagi xabar chiqishidan ikki kun avval jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi apellyasiya instansiyasi Umid Valerevich Klichevni (sodir etilgan jinoyatga dahli bo‘lmagani uchun) oqlash haqida ajrim chiqaribdi.
Bu haqda tahririyatga tegishli sud ajrimi nusxasi taqdim etildi.
Sud hujjatidan anglashiladiki, U.Klichevdan jinoyatchi «yasash» — fitna mahsuli bo‘lib, unga qarshi ko‘rsatmalar «jinoiy sherigi» A.Sidiqovga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazish orqali qo‘lga kiritilgan. Sudda A.Sidiqov ham buni ro‘y-rost tan olgan.
«Hatto stolbalarni qamash» mumkin bo‘lgan yaqin o‘tmishda ayrim mansabdorlar uchun birovni soxta ayblovlar bilan javobgarlikka tortishdan osoni yo‘q edi, go‘yo. Shu ma’noda qirqqa to‘lmay Guliston shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga munosib ko‘rilib, so‘ng ikki yil o‘tmay viloyat IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosarligiga tayinlangan U.Klichevning faoliyati kimlargadir yoqmagan ko‘rinadi. Uni soxta ayblov bilan «yo‘ldan olib tashlash» ko‘pam qiyinchilik tug‘dirmagandir balki. Biroq qasd qilganlar murodiga yetdi, deyish qiyin. Chunki, U.Klichev va uning qator hamkasb-safdoshlariga «sudlangan» tamg‘asini bosganlarning o‘zi o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib, uzoq yillarga ozodlik mahrum etilibdi.
Haqiqat egilishi mumkin, ammo sinmaydi, degan hikmatning amaldagi ifodasi shu bo‘lsa kerak.
Albatta, taqdirning og‘ir sinovini yengib, nihoyat, oqlandim, deganda ommaviy axborot vositalarida go‘yoki jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabarlar paydo bo‘lishi, juda yumshoq aytganda, yoqimsiz, albatta. Shu ma’noda U.Klichevning bosiq ohangdagi achchiq e’tirozlarini bosh ustiga qabul qildik, turgan gapki, uzr ham nasiyaga qolmadi.
Pirovardida, xabar boshqa manbadan olib berilgani, bu jarayonda saytimiz tomonidan hech kimning sha’ni, qadr-qimmatiga qasddan dahl qilinmaganini yana bir karra takrorlash foydadan xoli bo‘lmasa kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter