Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Somon g‘arami ustida dumalab yotganmisiz?

Somon g‘arami ustida dumalab yotganmisiz?

Odamlar ko‘ngilxushlik uchun nimalarni o‘ylab topmaydi, deysiz. Masalan, 24-avgust «Kartoshka chipslari kuni»ligini bilasizmi? Yoki bugun «Konserva ochadigan pichoqlar kuni» (Can Opener Day), «Uchgan Yulduzlar kuni» (Shooting Star Day), «Chanqoqlik kuni», Xalqaro «G‘alati musiqa kuni» (International Strange Music Day) ekanligidan xabaringiz bormi? Bugun shuningdek, ayrim xalqlar tomonidan «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni» ham nishonlanadi.

Biz o‘zbeklar uchun odatiy bo‘lmagan, shuningdek, qulog‘imizga g‘alati va kulgili eshitiladigan «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni» Amerikada XVI asrda paydo bo‘lgani aytiladi. O‘shanda qishloq ahli o‘rilgan pichanlarni to‘plab g‘aram qiladi. Oqshom cho‘kkach yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qishloq ahli g‘aram ustida yotib, quyosh botishini tomosha qilishgan.

Amerikada paydo bo‘lgan bayram keyinchalik Yevropaga tarqalgan. Ayni damda «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni» Germaniya, Avstriya, Shveysariya, shuningdek AQShning ayrim shtatlarida nishonlanadi. To‘g‘ri, bu norasmiy bayram, shu kuni odamlar tabiat qo‘ynida qishloq xo‘jaligi va hosil bilan bog‘liq turli tadbirlarni uyushtiradilar (jumladan, pichan va somon g‘aramlari ustida sakraydilar).

Bizda bu kabi bayram qadimda 21-22-sentyabrda «Mehrjon bayrami» sifatida nishonlanar edi (21-martda Navro‘z bahor bayrami bo‘lsa, Mehrjon hosil bayrami edi).

Endi «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni»ga qaytadigan bo‘lsak, taraqqiyot bo‘lgani bois hozirgi shahar yoshlari tugul ba’zi qishloq yoshlari ham pichan, somon nimaligini bilmasa kerak. G‘aram haqida esa tasavvurga ega bo‘lmasalar ham kerak.

To‘g‘ri, shaxsan o‘zim kam pichan o‘rganman (o‘roqni ko‘p ishlatganman-u, ammo chalg‘idan kam foydalanganman). Biroq, somon uchun kolxoz dalasiga chiqqanman. Shu sababli somon hidini ham, pichan hidini ham sog‘inch bilan eslayman. G‘aram hidini unutib bo‘lmaydi. Pichan hidi salomatlik va immunitetni mustahkamlaydi, degan gaplarda jon bor. 

Mening fikri ojizimcha, bizning qishloqdagi pichan g‘aramida tikanaklar ko‘p bo‘lgani, shuningdek ilon chiqib qolishi ehtimoli tufayli, dumalab yotish mumkin emas edi. Ammo somon g‘aramida istagancha dumalash mumkin bo‘lardi. Kombayn bug‘doyni ajratib olgandan so‘ng somonni dalaga g‘aram qilib tashlab ketardi. Biz yoshlar somonni yirik va maydaga ajratardik. Yirik somonni dalada qoldirib, chorvaga ozuqa sifatida maydasini olib ketardik. Yirik somon kolxoz chorvasi uchun press qilinardi.Shuningdek yirik somon loy qorishda ishlatilardi. Yaqinda qishloqqa borib keldim, mayda somonga qiziqish kamayib ketibdi. Aslida aynan mayda somon chorva uchun to‘yimli ozuqa sifatida ko‘rilardi.

Somonga chiqish zavqli edi. Ko‘pincha do‘stlar hashar sifatida somon to‘plashga borardik. Biz uchun somon to‘plashga chiqish bayram emas, shunchaki mehnat edi. Hozir internetda «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni» borligini o‘qib, yoshligim, bolaligim yodga tushib ketdi.

Tabiatan ta’sirchanman. Bolaligimda xoh tun, xoh kunduzi bo‘lsin, osmonga tikilib yotishni yaxshi ko‘rardim. Yozgi ta’tilda qishlog‘imiz dalasida jazirama quyosh ostida somon ustida yotib osmonga tikilganlarim esimda. Bulutlarning harakatlanishini tomosha qilish naqadar maroqli. Hayot bir daqiqaga to‘xtaydi: faqat siz va go‘zal osmon bor, oppoq bulutlar suzib turli shakllar hosil qiladi. Bolalikdagi bu ajoyib tuyg‘ularni tez-tez eslayman.

Bir kuni kechqurun qarindoshimiz O‘tkir akamning «Zil» mashinasida qishloqqa kiraverishdagi Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan tepalikdagi dalaga kelib somon to‘plaganimiz yodimda. O‘shanda bir mashina somon to‘plab bo‘lgach, rahmatli adam va O‘tkir akam qishloqqa ketishgan. Men esa ular kelguncha yirik somonlar g‘arami orasidan mayda somonlarni ajratishim kerak edi. O‘shanda keng dalada yakka o‘zim qolib ketganimdan rosa qo‘rqqan edim. Oradan bir soat o‘tgandir, ikki soat o‘tgandir, bilmayman, ammo men uchun bu vaqt yillarga tatigan edi. O‘shanda ilondan qo‘rqqanmanmi, jinlardanmi yo bo‘rilardan, hozir esimda yo‘q. Ammo uxlab qolishdan qo‘rqib, tilimda Alloh nomini aytib muntazam harakatda bo‘lganim yodimda. Somon g‘arami ustida dumalash xayolimga ham kelmagan.

Ta’kidlanganidek, bizda «Pichan (somon) g‘aramida dumalab yotish kuni» nishonlanmaydi. Biroq, bugun siz qishloqda o‘tgan quvnoq bolalik davringizni eslab qo‘ysangiz, hech narsa qilmaydi. 24 avgust kuni bolalikka qaytishning nimasi yomon?

Biz o‘zbeklar ko‘pincha bulbul, bedanalarning xonishlaridan mazza qilamiz. Ammo qishloq oqshomida «chigirtkalarning chirillashidan mazza qildim», degan insonni ko‘rmadim, adabiyotda ham shu kabi jumlani o‘qimadim. Nima uchundir bolaligimdan menga chigirtkalarning oqshomdagi chirillashlari bulbul ovozidek yoqadi.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring