Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taqiqlanayotgan nikoh qanchalik xavfli?

Taqiqlanayotgan nikoh qanchalik xavfli?

Foto: «Xabar.uz»

Qator internet nashrlari, jumladan, «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali xabar berganidek, O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaning jamoatchilik keng muhokamasiga sabab bo‘layotgan nuqtasi «ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari o‘rtasida»gi nikohning ham taqiqlangan nikohlar ro‘yxatiga kiritilganidir. Ammo normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali va ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan fikr-mulohazalarga diqqat qilsak, bir nozik jihat ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, ushbu me’yorni qo‘llab-quvvatlayotganlarning aksariyati qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni qo‘llab-quvvatlamasliklarini bayon qilishsa-da, bunday nikohga qarshi kurashishda qonun yo‘li bilan taqiq qo‘yish qanchalik muhim ekanligi to‘g‘risida deyarli to‘xtalmaydilar. Bu esa, ularning fikrlari qonun loyihasiga nisbatan munosabatdan ko‘ra, ko‘proq yaqin qarindoshlar nikohiga nisbatan munosabatga yaqinroq ekanini ko‘rsatadi. Soddaroq qilib aytganda, professional yondashuv kam.

Ayni paytda, bunday taqiqning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lganlarning ko‘pchiligi aynan qonun loyihasi ustida fikr bildirib, unga qarshi fikrlarini qaysidir bir asoslar bilan bayon qilganlar. Zero, ular ham aslida yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni qo‘llab-quvvatlamaganlar. Balki bunday nikohga qarshi kurashish uchun qonun bilan taqiqlash yo‘lidan borishni to‘g‘ri deb hisoblamaydilar, xolos.

Men ham shunday nikohdan qochganman...

Xuddi shunday, men ham yoshligimda yaqin qarindoshimizning qiziga uylanish taklifini zo‘rg‘a rad etgan (qizni yoqtirmaganim uchun emas, balki bu darajada yaqin qarindosh qizni nikohimga olishni hazm qila olmaganim uchun) bir fuqaro sifatida bunday nikohni qo‘llab-quvvatlamasam-da, nikohdek jiddiy ijtimoiy munosabat masalasini tartibga solishga qonuniy taqiq yo‘li orqali borishga qarshiman. Quyida esa ushbu munosabatimni asoslashga harakat qilaman.

Taqiqlanayotgan nikoh qanchalik xavfli?

Avvalo, har qanday insoniy munosabalarni qonun bilan taqiqlash uchun uning xavflilik darajasi yetarlicha faktlar bilan asoslangan bo‘lishi kerak. Zero, bu har qanday holatda ham insonning o‘ta shaxsiy huquqiga doir masala. Xuddi shunday, biz ko‘rayotgan masalada ham aka-uka va opa-singillar farzandlarining nikohini taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlagan Sog‘liqni saqlash vazirligi ham mazkur loyihani tayyorlash uchun, avvalo, bunday nikohlar keltirib chiqarayotgan oqibatlar to‘g‘risida yetarlicha statistik asos ko‘rsatib, shunga ko‘ra xalqning fikrini o‘rganishi lozim edi. Ammo ular bu yo‘ldan bormagan va qonun loyihasini o‘zlaricha tayyorlab, muhokamaga qo‘yganda ham bu haqda sharh bermagan. Qolaversa, bunday statistikani yoki tahlilni vazirlikning saytida ham topa olmadik...

Vaholanki, Portalda o‘z fikrini bildirganlar keltirilgan ma’lumotlar[1]ga ko‘ra, 3-6 foiz holatlardagina bunday nikohdan nuqsonli farzandlar dunyoga kelishi mumkin ekan. Qolaversa, begonalar nikohida ham bu ko‘rsatkich 2-3 foizni tashkil qiladi. Demak, agar shu ma’lumot asosli bo‘lsa (shaxsiy kuzatuvlarimizga ko‘ra ham bu ma’lumotlarni haqiqatga yaqin deb o‘ylaymiz), yaqin qarindoshlar nikohi salbiy ko‘rsatkichni 1-3 foizgagina oshirishi mumkin ekan, xolos. Bu esa, o‘z-o‘zidan, «mana shu kichkina ehtimolni deb ko‘pchilikning huquqlarini cheklash mumkinmi?» degan savolni tug‘diradi.

To‘g‘ri, bu savolga javoban kimdir «bir nafar nogiron bolaning tug‘ilishi ham fojia» ekanligini bizga eslatmoqchi bo‘lar. Ammo, bu e’tirozga ham javob bor — «yaqin qarindoshlar nikohini taqiqlash tufayli yangi ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarish ham fojiali emasmi, bir fojianing oldini olish uchun boshqasiga yo‘l ochib berish mumkinmi?»

Yaqin qarindoshlar nikohi taqiqlansa nima boy beriladi?

Mana endi navbat bunday nikohni taqiqlashning nima xavfi borligi masalasiga yetib keldi. Bu borada men biladigan bir haqiqat shuki, bunday taqiq xalqimiz o‘rtasida minglab yillar davomida shakllangan bir qator milliy an’analarni yo‘qqa chiqaradi. Masalan, xalqimizda keksayib, o‘zini eplay olmay qolgan qariyalar yoki nogironlarni ularga qaraydigan mahram ayol bilan ta’minlashning juda ajoyib usuli mavjud. Ya’ni, o‘sha keksa kishilar yoki nogironlarga mahram bo‘lgan qiz oilaga kelin qilinadi. Bu, asosan, o‘g‘il nevaraga qiz nevarani nikohlash orqali amalga oshiriladi. Masalan, o‘sha qarovga muhtoj kishi bir o‘g‘lining o‘g‘liga boshqa bolasining qizini kelin qilib oladi va xalq orasida bu «nevara kelin» deyiladi.

Bundan tashqari, turli sabablarga ko‘ra ayolidan ajralib qolgan erkaklarning voyaga yetmagan go‘daklar tarbiyasini ularga mehr ko‘rsata oladigan ayolga topshirish uchun ham ko‘pincha bolaga ichi achiydigan yaqin qarindosh qiz-ayollarni bolalarning otasiga nikohlab berishadi. Bu ham bola tarbiyasi bilan bog‘liq jiddiy muammoning eng yengil yechimidir.

Yoki sevgi-muhabbat masalasini olaylik. Odam bolasi nikohi shar’an  taqiqlangan toifadagi qarindoshlar bilan nikohlanishni xayoliga ham keltirmaydi. Ammo qonunda taqiqlash yo‘li bilan amakining qizini sevib qolish yoki ammaning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yish holatlarining oldini olib bo‘lmaydi. Bunday holatda qonun ularning yo‘liga g‘ov bo‘lsa, ayniqsa, yoshlarimiz seriallar domiga tushib qolgan hozirgi bir davrda, nimalar bo‘lishi mumkinligini bir tasavvur qilib ko‘ring-a... To‘g‘risi, men bu haqda o‘ylasam, ko‘z oldimdan nikohsiz orttirilgan bolalar, o‘z joniga qasd qilishlar, birovning to‘yini buzishlar, ajralishlar... o‘tib, yuragim orqaga tortadi...

Targ‘ibot eng og‘riqsiz yo‘l!

Xo‘sh, endi ayting-chi, shunday oqibatlar kutilayotganini bila turib ham qonuniy taqiqni ishga tushirishimiz mumkinmi? Nahotki, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga qarshi kurashishning boshqa hech qanday iloji, samarali usuli bo‘lmasa?

Nazarimda esa, buning iloji bor — eng yaxshi yo‘l aholi o‘rtasida to‘g‘ri targ‘ibot olib borishdir. Qolaversa, shu paytgacha yuritilgan zaifgina targ‘ibotlar ham allaqachon o‘z natijasini bera boshlagan. Bugun jo‘yali sabab bo‘lmasa, bu ishga deyarli qo‘l urilmaydi. Ya’ni, ilgarigidek shunchaki qarindoshlik rishtasini mustahkamlash yoki qarindoshlar orasidagi «yaxshi qizni qo‘ldan chiqazmaslik» uchungina bo‘ladigan nikohlar juda kam. Shunday ekan, taqiqqa shoshishga hojat yo‘q, nazarimda. Nari borsa, targ‘ibot samarasini eng yuqori darajada ushlash uchun FHDYo bo‘limlariga ba’zi mas’uliyatlarni yuklash mumkin. Masalan, nikoh uchun ariza bergan yoshlar va ularning ota-onalari bu borada maxsus tayyorlangan qo‘llanmalar bilan tanishtirish, maxsus roliklarni ko‘rsatish yo‘li bilan ogohlantirilsa, shuning o‘zi kerakli natijani beradi. Bu eng og‘riqsiz kechadigan yo‘l. Zero, shundan keyin ham nikohdan voz kechmaganlarga e’tiroz qilish inson huquqlarining buzilishiga aylanib ketadi.

Nikohlanuvchilar qarindosh emasliklarini isbotlashlari shart bo‘lib qoladi...

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning qonun bilan taqiqlanishi keltirib chiqaradigan yana bir muammo mavjud — nikohni qayd etish jarayonida qo‘shimcha muammolar paydo bo‘ladi. Ya’ni, nikoh uchun ariza berayotganlar FHDYo bo‘limlariga o‘zlarining yaqin qarindosh emasliklarini asoslovchi hujjatlar taqdim etishlari lozim bo‘lib qoladi. Yoki mahalladan ma’lumot olish tizimi o‘zini oqlamagani tufayli undan voz kechayotgan bir paytimizda yana o‘sha tizimga qaytamizmi? Bu yana byurokratiyani, korrupsiyani keltirib chiqazmasligiga kim kafolat beradi?

Yakuniy mulohaza

Albatta, yozganlarimiz — shaxsiy xulosalarimizdir. Ammo, shuncha e’tiroz va salbiy oqibatlar haqidagi taxminlar bor ekan, shuning o‘zi ham masalaga shoshmasdan yondashish lozimligini ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz. Zero, gap agar rostdan ham nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olish haqida ketayotgan bo‘lsa, buning uchun jiddiy ilmiy tahlillar o‘tkazish va barcha sabablarni jamlab, hammasini inobatga olgan holda yaxshi natija bera oladigan yaxlit bir to‘xtamga kelish kerak. Axir bu muammoning narkomaniya, ichkilikbozlik, fohishabozlik, kashandalik, moddiy va ma’naviy qashshoqlik kabi yana qator asoslari ham mavjudligini Sog‘liqni saqlash vazirligi ham, keng jamoatchilik ham yaxshi biladi...

Xullas, taqiq hamisha eng oxirgi chora hisoblanadi. Shunday ekan, avval boshqa choralarni ko‘rib, shundan keyingina taqiq haqida bosh qotirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi...

Nurbek Toshniyoz, jurnalist


[1] Manba sifatida www.cousincouples.com ko‘rsatilgan. Respublikamiz bo‘yicha statistikani topa olmadik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring