Uch oyda necha nafar shaxs oqlandi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2019-yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yida sudlarda ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha muxtasar hisobot tayyorladi. Oliy sud matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, shu davrda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 9 946 nafar shaxsga nisbatan 7 750 ta ish ko‘rib chiqildi.
Mazkur ko‘rsatkichlar 2018-yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 31,5 foizga, ishlar bo‘yicha esa 29,9 foizga kamaygan.
Jumladan, 147 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilingan. Sudlangan shaxslarning umumiy soni 7 649 nafarni tashkil etib, shundan 1 954 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish, 5 309 nafariga esa boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 386 nafar shaxs shartli hukm qilindi.
Shuningdek, 708 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ochiqqa chiqarilgan. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganlar soni 6 218 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 1 928 nafar shaxsga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan. Bundan tashqari, 1 814 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositasini olib qochish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.
Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 1 804 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Yetkazilgan 115,4 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 953 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.
Alohida qayd etish joizki, barcha ishlarning qariyb 45,7 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter