Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari maqomi vazir o‘rinbosarlari maqomiga tenglashtirildi

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari maqomi vazir o‘rinbosarlari maqomiga tenglashtirildi

Foto: «Pravacheloveka.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 2-fevral kuni «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari, eng avvalo, joylarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlash, ular bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni olib borish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashga mas’ul etib belgilandi.

Shuningdek, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralarni amalga oshirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil etish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga shaxsan javobgar qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari maqomi, mehnatga haq to‘lash shartlari, moddiy ta’minoti, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha tegishlicha vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi markaziy apparati xodimlariga nisbatan, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-yanvardagi «Hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlari faoliyatini yanada takomillashtirish va moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 1-bandida belgilangan har oylik ustamalar qo‘llaniladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring