Yaponiyada Xirosimadagi atom bombasi qurbonlari xotirlandi
Yaponiya aholisi Xirosimaga atom bombasi tashlanishi oqibatida qurbon bo‘lganlarni xotirladi.
Asosiy xotirlash marosimi Xirosima markazidagi Tinchlik xotira bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Butun mamlakat bo‘ylab mahalliy vaqt bilan soat 08:15 da bir daqiqalik sukut saqlash e’lon qilindi — 1945-yilning 6-avgustida xuddi shu vaqtda AQSh tashlagan atom bombasi portlagan edi.
An’anaga ko‘ra, Xirosima meri Kadzumi Matsui tinchlik deklaratsiyani o‘qidi, unda dunyo yadroviy quroldan voz kechishga chaqiriladi. So‘ngra Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida nutq so‘zladi.
Xirosima va Nagasakiga atom bombalarini AQSh Ikkinchi jahon urushi nihoyasida Yaponiyani tezroq taslim qilish maqsadini rasman e’lon qilib tashlagan. Bu insoniyat tarixidagi yadroviy quroldan jangovar maqsadda foydalanilgan birinchi va oxirgi holatlar.
Turli hisob-kitoblarga qaraganda, Xirosimaga atom bombasi tashlanishi oqibatida bir kunda 70 mingdan 100 ming kishigacha halok bo‘lgan. 1945-yil oxiriga borib, nurlanish va turli jarohatlar oqibatida shifoxonalarda vafot etganlar hisobiga qurbonlar soni 140 ming nafargacha oshgan. Yaponiyada atom bombasidan qurbonlar jami soni hozirda 350 mingdan oshgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter