Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentga sport bo‘yicha axborot berildi: tafsilotlar

Prezidentga sport bo‘yicha axborot berildi: tafsilotlar

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida axborot berildi.

Avvalo, ommaviy sportni va olimpiya harakatini yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari jami 39 ta medalni qo‘lga kiritib, yuzlab davlatlar orasida 13-o‘rinlarni egallagan edi. Bu mamlakatimiz sporti tarixida eng yuqori natijalar bo‘ldi.

Mazkur nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan o‘yinlarga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish, yo‘llanmalar soni va turini ko‘paytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari tomonidan sport turlari bo‘yicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi.

Misol uchun, Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika bo‘yicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjud. Lekin vakillarimiz ularda 5 va 4 ta yo‘llanma bilan qatnashdi, xolos.

Tennis, o‘q otish, gimnastika, velosport bo‘yicha federatsiyalar ham, sharoit ham bor. Yunon-rum kurashi, ot sporti, qilichbozlik, eshkak eshish bo‘yicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarini ham rivojlantirish zarur.

Mazkur sport federatsiyalari ishini jonlantirish, o‘quv-mashg‘ulotlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Olimpiya va paralimpiya harakati ommaviy sportdan kuch olishi ta’kidlanib, mahallalarda seleksiya ishlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni professional etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, kelgusi yil yurtimizda yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Toshkentda Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda.

U yerga tashrifi chog‘ida Prezidentimiz bu majmua mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘lishi zarurligini aytgan edi.

Shunga muvofiq, Osiyo o‘yinlaridan so‘ng, Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun “Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan ma’muriy boshqaruv tashkil etiladi. U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Ustuvor sport turlari bo‘yicha yillik reja tasdiqlanib, hududlardagi sportchilarning Olimpiya shaharchasida o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, bu tuzilmaga ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ijara va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Olimpiya harakati haqida gap ketganda, qishki o‘yinlarni ham nazardan qochirmaslik zarur. Shunday sport turlaridan biri bu xokkey. 

Bugungi kunda bu bo‘yicha 4 ta sport klubi va 3 ta sport inshooti mavjud. Xokkey bo‘yicha U-16 terma jamoamiz 2023 yilda Osiyo va Okeaniya kubogida 1-o‘rin bo‘lgan edi. Bu yil mazkur musobaqa ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilib, U-18 terma jamoamiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Shularga asoslanib, bu sport turini rivojlantirish, keyinchalik Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasini qurish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari aholini jimoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring