Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ikki marotaba «bedarak yo‘qolgan» voyaga yetmagan qiz qismati uchun muqarrar javobgarlik ta’minlanadi

Buxoroda ikki marotaba «bedarak yo‘qolgan» voyaga yetmagan qiz qismati uchun muqarrar javobgarlik ta’minlanadi

Maktab direktori o‘rinbosari o‘zi bilan «gapi» chiqqan qiz masalasida aybsiz ekanini bildirmoqda.

Qizi qismatida o‘zini ayblagan ota

Tirikchilik g‘amida bolalar tashvishini o‘ylab, Rossiyaning sovuq mintaqalariga ishlash uchun jo‘nab ketgan ota salkam to‘rt yildan ortiq vaqt oiladan uzoqda bo‘ldi. Joriy yilning may oyida o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahallaning raisi tomonidan bo‘lgan «chaqiruv»ni fuqaro B.E. tok urgandek qabul qildi. Qora mehnat zarbidan yorilib qonagan qo‘llari bilan boshini changalladi. Yelkalari silkinib-silkinib yig‘ladi. «Mana, menga Rossiya bergan meva, mana, menga muhojirlikda kechgan og‘ir kunlarim javobi...» — o‘ksindi ota. U xonadoshlariga ko‘z yoshini ko‘rsatmadi, boshiga tushgan tashvishni sezdirmaslik uchun o‘zini qo‘lga oldi. Topgan-tutganlarini yig‘ib, samolyotga chipta oldi. O‘zbekistonga, Buxoroga qaytdi. Kelgach, o‘z xonadoniga emas, mahalla fuqarolari yig‘ini sari yo‘l oldi. Uni Shofirkon tumanidagi Sultonobod MFY raisi Hamro Sharipov kutib turardi.

«Farzandlarim birovdan kam bo‘lmasin, kemtik o‘smasin, deb xorijga ishga ketdim. 5 nafar bolam ayolim tarbiyasida qoldi. Qizimning bu «yo‘l»ga kirib ketishiga qizim yoki ayolim emas, men sababchiman, men. Pul ishlayman, imorat qilaman, kam-ko‘stimni butlayman, deb bolalar tarbiyasini unutibman. Gulday, xushsuvrat qizim hayotning yengil va nobop yo‘liga tushib qolibdi. Otalik talabi, otalik qattiqqo‘lligini ko‘rmay, erkalikda o‘sgan ziynatim chaqirtoshlarda depsinib, xazon bo‘libdi. Men uni emas, o‘zimni, onasini ayblayman. Qizimning kelgusi hayoti uchun otalik mas’uliyatini ado etolmadim, endi uning ko‘zlariga qanday qarayman! Men aybdorman, men!» — ota tinimsiz yig‘lagan, ko‘z yosh to‘kkan.

Hamro Sharipov shular haqida so‘zlar ekan, 16 yoshli R.A. ning murakkab hayot yo‘liga tushib qolgani, ayni balog‘at yoshida yo‘ldan adashgani, bunda otasi o‘zini aybdor sanayotganini bildirdi.

Hamro Sharipov, mahalla raisi.

«Fuqaro B.E. birinchi turmushidan farzand ko‘rmagach, fuqaro G.Sh. ga uylangan. Ular uzoq yillardan buyon farovon yashab kelishmoqda. 5 nafar farzandli bo‘lishdi. Tirikchilik g‘ami, bolalar tashvishi sabab ota Rossiyaga ishga jo‘nab ketgandi. Bolalarning onasi G.Sh. ham mehnatkash ayol. Doimiy kunlik ishlarga jalb etilgan. Faqatgina yetishmovchilik tufayli bolalarini boqish tashvishi bilan bo‘lib, qizining tarbiyasi bilan shug‘ullanolmay qolgan. Ammo, onasi uzr so‘rab ketgan bo‘lsa-da, uning qiziqqonlik bilan aybni hali uylanmagan yigit – tumandagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosariga ag‘dargani juda xunuk holat bo‘ldi. Ustiga ustak, yigitning ham hali hech bir holat ochiqlanmay turib, maktab direktori talabi bilan ishdan bo‘shatilganini oqlolmayman», — dedi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamro Sharipov.

Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda direktorning ma’naviyat bo‘yicha o‘rinbosari maktab o‘quvchisi bilan yotoqda topildi» sarlavhasi ostida tarqalgan xabardan so‘ng qizning onasi G.Sh. aslida, direktor o‘rinbosari bo‘lgan yigit aybdor emasligi, vajohat va qiziqqonlikda o‘zi bilmagan holda unga nisbatan nohaqlik qilganini aytib, yigitdan ham, maktab direktori hamda mahalla raisidan ham uzr so‘ragan.

Birinchi «yo‘qolish»

Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, R.A.ning birinchi «yo‘qolib» qolishi 2024 yilning 11 fevralida sodir bo‘lgan. Biroq, voqeadan bir oycha ilgari, qizning yurib-turishi, odob-axloqidagi o‘zgarishlar mahalla aholisi o‘rtasida turli gap-so‘zlarni keltirib chiqarayotgani bois ham, mahalla mas’ullari uning xonadoniga borib, tushuntirish ishlarini olib borishgan. Va bu haqda dalolatnomalar ham tuzishgan.

Fuqaro G.Sh. 11 fevral kuni 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktoriga o‘rinbosari Abbos Mannonovga shu maktabning 11-sinfida tahsil olib kelayotgan qizi R.A.ning bedarak yo‘qolgani va uni topishda yordam berishini so‘ragan. Abbos Mannonov bu xabarni maktab direktoriga ham yetkazgan. Maktab direktori holat bo‘yicha zudlik bilan Shofirkon tuman prokuraturasiga ma’lum qilgan. Qiz bir kun ichida, 12 fevral kuni maktab direktori o‘rinbosari tomonidan tongi soat 07:00 larda topilgan va onasining qo‘liga topshirilgan. Bunda qiz maktab direktori o‘rinbosari, mahalla xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi ishtirokida izlangan va qiz dugonasining uyida ekani aniqlangan. Qiz o‘shanda fuqaro U.A. bilan birga bo‘lganini onasiga aytgan. Bu haqda ichki ishlar organlariga ma’lum qilingan. Voqeaning ikkinchi kuni maktab direktori o‘rinbosari yetakchiligida R.A. hamda U.A.lar sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun olib ketilgan. 13 fevralda esa qizning onasi G.Sh. fuqaro U.A.ga da’vosi yo‘qligini bildirib, shikoyat arizasini qaytarib olgan.

Bildirishicha, U.A. sobiq maktab direktori o‘rinbosari Abbos Mannonovning yaqin o‘rtog‘i va u ayni paytda armiyada xizmat burchini o‘tamoqda.

Shundan so‘ng qizning oilasi va yashash joyi jiddiy o‘rganila boshlangan. Otasi xorijda bo‘lgan va onasi doimiy mehnat bilan band bo‘lib, tirikchilik tashvishida bo‘lgani bois, farzand tarbiyasiga e’tibor susayib ketgan bo‘lgan. Qayd etilishicha, R.A. bilan birlamchi profilaktik va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlari samara bermagan. Shu sababli unga huquqiy-moddiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilib, jamiyatga ijtimoiy moslashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Qizning onasi G.Sh. ga kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishda doimo sergak bo‘lishi, nazoratni kuchaytirishi tushuntirilgan.

Otasi olisda, onasi doimiy mehnat bilan band bo‘lgan ayni balog‘at yoshidagi qiz yengil hayot yo‘lini tanlagan bo‘lgan. Uning odob-axloq chegarasidan chiqib, «yo‘qolib» qolishlari onani ancha charchatgan va shundan so‘ng u qizi R.A.ni 14 fevral kuni tuman markazidagi «Idrok» xususiy maktabda tahsilni davom ettirishi to‘g‘risida direktor nomiga ariza qoldirgan. Va qizini boshqa maktabga olib ketgan.

Ikkinchi «yo‘qolish»

Bildirilishicha, onasining tanbeh va nazoratlarini «tazyiq» deb bilib, uyga kelmaslik va oilasidagilardan arazlab yurish odatida bo‘lgan qiz joriy yilning may oyida ham bir kecha «yo‘qolgan». Bu gal «yo‘qolgan»da ham G.Sh. 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, undan qizini topishda ko‘maklashishini so‘ragan. Shunda direktor o‘rinbosari telefon orqali G.Sh.ga u qizini boshqa maktabga ko‘chirib olib ketgani, shunga qaramasdan, imkon darajada unga yordam berishini bildirgan.

Qiz fevral oyidan buyon nazoratda ekani bois, uning yaqin dugona va sinfdoshlaridan so‘rab-surishtirgan. Ancha izlanuvlardan so‘ng bu gal ham qiz maktab direktori o‘rinbosari ko‘magida topilgan va u onasining qo‘liga olib borib berilgan.

Abbos Mannonov, maktab direktori o‘rinbosari.

«O‘shanda fuqaro G.Sh.ni qizining tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga va uni nazardan qochirmaslikka chaqirdim. Mahalla va maktab faollarini ham voqeadan voqif qildim. Suhbat o‘tkazilib, ko‘pchilik tomonidan onasiga farzandlarining kiyinish madaniyati, xulq-atvoriga e’tiborli bo‘lishi uqtirildi. Afsuski, oradan bir necha kun o‘tar-o‘tmay, maktab direktori meni o‘z xonasiga tez yetib borishimni so‘radi», — dedi sobiq o‘rinbosar.

Abbos Mannonovning aytishicha, maktab direktori o‘z o‘rinbosarini xizmat xonasiga chaqirgan va uning ustidan shikoyat borligini, R.A.ning yo‘qolishida uning qo‘li bor ekanligi va qiz bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan shaxs aslida u ekanini va ishdan bo‘shashi kerakligini aytgan.

«Bu men uchun tomdan tarasha tushgandek xabar bo‘ldi. Men faqat onasiga qizining topilishida ko‘maklashganman va yetmaganiga, uning ustidan nazoratini kuchaytirishini talab qilib, mahalla raisi va boshqa mas’ullar bilan nazorat qilishini tushuntirib, kerakli tavsiyalarni berib yurgan bo‘lsam... og‘riqli holat-da!» —deydi  Abbos Mannonov.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktab direktori imzosidagi «Bildirishnoma» xati qiz «yo‘qolgan» kun, ya’ni 2024 yilning 11 fevral sanasida emas, 20 iyun kuni qizning onasi G.Sh. murojaati asosida chiqarilgan. Aslida, fuqaro G.Sh. qizining ikkinchi marotaba – may oyida yo‘qolgan paytida maktab direktori o‘rinbosaridan shubhalanganini bildirgan bo‘lgan. Ona qizi bilan yuzma-yuz jiddiy suhbatda bo‘lgandan keyin R.A.ning may oyida ham bir kecha «yo‘qolib» qolishida Abbos Mannonovning umuman dahli yo‘qligi, vajohat va qiziqqonlikda direktor o‘rinbosariga nisbatan nohaq ayblovda bo‘lganini tan olib, uzr so‘rab, da’vosini qaytarib olgan bo‘lgan.

Ishdan bo‘shash uchun yozilgan ariza

Jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, shundan so‘ng maktab direktori Bekzod Ahrorov o‘z o‘rinbosaridan ishdan bo‘shash bo‘yicha ariza yozishini, bu gap tarqalib, ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketsa, maktab obro‘yiga putur yetishini ta’kidlagan. Va so‘ralgan joyga G.Sh. murojaatiga asosan, Bildirishnoma chiqarganini bildirgan.

«Men avvalo, direktorga u qiz bilan hech qachon ishqiy munosabatda bo‘lmagan, bundan tashqari, ishdan bo‘shaydigan bo‘lsam, yo‘q joydan aybni bo‘ynimga olishim bilan barobarligini aytdim. Direktor esa agar ishdan bo‘shamasam, qiz va o‘zi haqidagi ishqiy munosabatlarni pedkengashga ko‘tarib chiqishini bildirdi. Bu judayam xunuk vaziyat emasmi? Oriyat ustida direktor nomiga mehnat shartnomamni bekor qilish bo‘yicha ariza yozdim. Ammo, o‘shanda ham ko‘plab o‘qituvchilar men ishdan bo‘shasam, xuddi aybni bo‘ynimga olgan bo‘lishim mumkinligini aytishdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, o‘ylab ko‘rdim va direktor nomiga mehnat shartnomamni bekor qilish to‘g‘risidagi arizamni qaytarib olishim haqida yozdim. Adliya vakili ham bunday vaziyatda Mehnat kodeksiga asosan, o‘z vazifamga qaytishga haqli ekanimni bildirdi» — dedi Abbos Mannonov.

Surishtiruv davomida maktab direktori hamda direktor o‘rinbosari bilan yuzma-yuz suhbat olib borilganda, Bekzod Ahrorov o‘rinbosarining o‘z vazifasiga layoqatsiz ekani, ish soatlarida bir necha marotaba o‘rnida bo‘lmagani, faoliyatida xato-kamchiliklar talayligi, buning uchun bir necha marotaba ogohlantiruv va xayfsanlar olganini bildirdi.

Bekzod Ahrorov, maktab direktori

«Mening o‘rinbosarimga qarshiligim yoki adovatim yo‘q. Ammo, ko‘plab ota-onalar ham Abbos Mannonovning o‘rinbosar lavozimida ishlashiga qarshilik bildirishgan.  Uning o‘z vazifasini nechog‘li uddalay olmayotgani o‘rganilsa, uning haqli ravishda ishdan bo‘shatilganini o‘rganish mushkulmas!» — deydi maktab direktori.

Agar direktor o‘rinbosari haqiqatan ham direktor keltirgan vajlar bilan ishdan bo‘shatilgan ekan, qiz va uning ishqiy munosabatda bo‘layotgan vaqtda go‘yoki ularning ota-onasi tomonidan ushlangani xususida oradan besh oy vaqt o‘tgach, ya’ni 20 iyunda Bildirishnoma chiqargani kishini o‘ylantiradi.

«Fevraldagi holat ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilgan. U xatda 11 fevral kuni ota-onasi ishtirokida suhbat uyushtirilgani xususida yozilgan. Yo‘q. Bu paytda qizning otasi B.E. Rossiyada edi. Bizni fuqaro G.Sh. fevral oyida emas, balki qizining ikkinchi marotaba yo‘qolgan paytida, ya’ni may oyida xonadoniga kirishimizga ruxsat bermagan edi. Shundan so‘ng biz zudlik bilan uning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘langanmiz. Va fuqaro B.E. biz bilan qo‘ng‘iroqlashgan kunning ertasiga Rossiyadan uchib kelgan edi. May oyida. Direktor imzosi bilan chiqarilgan Bildirishnomada har ikki «yo‘qolish»dagi voqealar tafsiloti qo‘shib-chatilgan. Bunday vaziyatda direktor o‘rinbosarini hali aybi bo‘yniga qo‘yilmay turib, ishdan bo‘shatilgan», —deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamro Sharipov.

Javobgarlik muqarrarligi ta’minlanadi

Hamro Sharipovning aytishicha, fuqaro B.E.  shu voqeadan keyin qizining taqdiri uchun aslida, o‘zi va ayoli mas’ul bo‘lishi kerakligini, pul topish va tirikchilik yo‘lida farzandi tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘lganini, farzandlarini olib, oilasi bilan poytaxtga ko‘chib ketgan va hech kimdan da’vosi yo‘qligini bildirgan.

R/S: Aytish mumkinki, garchi B.E.lar oilasi qizining qismati uchun hech kimdan da’vosi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, bu holatda voyaga yetmagan qizning «izdan chiqishi»da, shuningdek, bir necha marotaba «bedarak» yo‘qolishida hali shaxsi aniqlanmagan erkaklarning ham «xizmati» yo‘q emas. Va ularning «xizmati» huquq-tartibot organlari e’tibori va nazaridan chetda qolmaydi. O‘rni kelganda, jurnalistlarni hamda boshqa mas’ullarni chalkashtirishga urinilayotgan holatlar qonun doirasida izchil o‘rganiladi.

Huquq-tartibot organi vakilining bildirishicha, hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda va adolat qaror topib, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi.

O‘rinbosar ishiga qaytadimi?

Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limi rahbarining aytishicha, 2023 yildan boshlab, direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va ishdan bo‘shatish maktab direktorining vakolatiga kiritilgan va ayrim holatlarda ushbu masala bo‘lim bilan kelishuv orqali ham amalga oshiriladi.

«To‘g‘risi, bu holat maktabimiz sha’ni, obro‘yi uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Hozirgacha bo‘lgan o‘rganuvlarda bu ishda maktab ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining hen qanday aloqasi bo‘lmagani ko‘rinmoqda. Abbos Mannonovning ishga qaytishi masalasida to‘xtaladigan bo‘lsak, bunga mening moneligim yo‘q. Uning o‘z lavozimiga qayta tiklanishi va yana hamkorlikda faoliyatini davom ettirishi masalasi Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi bilan kelishuv asosida amalga oshiriladi», — dedi maktab direktori.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring