Quyoshning tarixdagi eng aniq tasvirlari e’lon qilindi — ular muhim sirni ochishi mumkin
Inouye teleskopida olingan ushbu suratda Quyosh sirtidagi Kelvin–Gelmgoh nobarqarorliklari deb ataluvchi hodisa belgilari aks etgan.
Astronomlar Quyoshni Gavayida joylashgan dunyodagi eng kuchli Inouye quyosh teleskopi orqali kuzatib, quyosh dog‘i yaqinidagi magnit faol hududda o‘lchami 20 kilometrdan ham kichik bo‘lgan yangi tuzilmalarni aniqladi.
Bu tasvirlar Quyosh yuzasida kechayotgan jarayonlarni misli ko‘rilmagan darajada namoyon etmoqda. Ular olimlarni o‘nlab yillardan beri o‘ylantirib kelayotgan savol — Quyoshning tashqi atmosferasi, ya’ni toji nega uning yuzasidan millionlab daraja issiqroq ekaniga javob topishga yordam berishi mumkin.
«Bu Quyosh yuzasining hozirgacha olingan eng yuqori fazoviy aniqlikdagi tasvirlaridir», — dedi AQSh Milliy quyosh observatoriyasining katta ilmiy xodimi doktor Fridrix Vyoger. Mazkur teleskop Maui orolidagi Haleakala vulqoni cho‘qqisi yaqinida joylashgan.
Avvalgi kuzatuvlar Quyosh yuzasi qariyb Fransiya hududiga teng donador tuzilmalardan tashkil topganini ko‘rsatgan edi. O‘sha paytda 30 kilometrgacha bo‘lgan detallarni ajratib ko‘rish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, yangi tasvirlar teleskopning texnik imkoniyatlari chegarasida olingan.
Foto: NSO/Aura/NSF
So‘nggi tasvirlarda Quyosh yuzasidagi mayda girdobsimon tuzilmalar olimlar Kelvin–Gelmgols nobarqarorliklari (KHI) deb ataydigan hodisaning belgilari sifatida aniqlandi. Bu hodisa tez harakatlanayotgan plazma sekinroq harakatlanayotgan plazma qatlami yonidan siljiganda, ularning chegarasida hosil bo‘ladigan siljish tufayli yuzaga keladi. Natijada Quyosh plazmasida kichik buzilishlar paydo bo‘lib, keyinchalik qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinlarga o‘xshash aylanma girdoblarga aylanadi.
Olimlar Kelvin–Gelmgols nobarqarorliklarini ko‘llar va okeanlarda, Yer atmosferasidagi bulutlarda, shuningdek, Yupiter va Saturn atmosferalarida kuzatgan. Biroq ularning Quyoshda mavjudligi ilk bor tasdiqlanmoqda. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida e’lon qilingan.
Quyosh chaqnashlari, plazma oqimlari va koronal massa chiqarilishlari kabi portlashsimon hodisalar yulduz ichidagi o‘ta kuchli va doimiy o‘zgarib turuvchi magnit maydonlari ta’sirida yuzaga keladi. Bunday portlashlar Yerda elektr tarmoqlari, sun’iy yo‘ldoshlar, GPS navigatsiyasi va global aloqa tizimlari ishida keng ko‘lamli uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Foto: NSF/NSO/Aura/MPS
Magnit maydonlari Quyoshdagi qizigan, elektr zaryadlangan plazmaning harakati natijasida hosil bo‘ladi. Biroq bu jarayonning fizik xususiyati hali to‘liq o‘rganilmagan. Olimlarga ma’lumki, magnit maydoni chiziqlari o‘rilgan soch tolalari kabi bir-biriga o‘ralib, katta kuchlanish hosil qiladi. Chigallashgan chiziqlar uzilganda esa bu energiya bir zumda chiqib ketadi. Ammo bu jarayonni aynan nima boshlashi hozirgacha aniq emas.
Endilikda olimlar aylanma girdoblarni aynan shu jarayonning asosiy sababchilaridan biri deb hisoblamoqda. Ular magnit maydoni chiziqlari nega dastlab o‘ralib ketishini tushuntirishi, shuningdek, Quyosh toji harorati nega bir necha million darajaga yetishi, Quyosh yuzasi esa Selsiy shkalasi bo‘yicha atigi 6 ming daraja atrofida bo‘lishining sababini izohlashi mumkin.
«Bu quyosh fizikasi va astrofizikada so‘nggi yarim asrdan buyon saqlanib kelayotgan eng katta sirga yechim bo‘lishi mumkin. Tizimda bunday nobarqarorlik yuzaga kelganda, energiyani yanada maydaroq miqyoslarga o‘tkazish juda osonlashadi. Ma’lum bir paytda esa bu energiya issiqlik ko‘rinishida tarqaladi. Aynan shu jarayon Quyosh va unga o‘xshash yulduzlarning tashqi atmosferasi — tojining o‘ta issiq bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin», — dedi tadqiqot guruhi a’zosi doktor Devid Kuridze.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter