U daraxtlar kesilib ketdi...
Ijtimoiy tarmoqlarda vaqti-vaqti bilan bir xil gaplar aylanib qoladi: «Sovet davrida hamma narsa bepul edi». «Ruslar kelmaganida maktab ham, universitet ham, zavod ham bo‘lmasdi». «Bizga taraqqiyotni ular olib kelgan». Hatto: «Rossiya bo‘lmaganida, hozir Afg‘onistonga o‘xshab qolardik», degan gaplarni ham eshitamiz. Bu gaplar bugun paydo bo‘lgan emas. O‘ttiz yil avval ham aytilgan, yigirma yil avval ham. Bundan keyin ham aytiladi.
Chunki odam xotirasi qiziq: vaqt o‘tgan sari qiyinchiliklarni unutadi, yoshlikni esa davr bilan adashtirib yuboradi. Yigirma yoshida sog‘lom, ota-onasi bag‘rida, do‘stlari davrasida yurgan odam ellik yildan keyin o‘sha kunlarni eslasa, tabiiyki, yuragi iliydi. Ammo bu uning yoshligi yaxshi kechganini anglatadi, tuzum mukammal bo‘lganini emas. Shuning uchun tarixga xotira bilan emas, dalil-isbot bilan, teran nigoh bilan qarash kerak.
Avvalo bir narsani ochiq aytaylik: sovet davrida O‘zbekistonda maktablar, institutlar, zavod-fabrikalar, yo‘llar, elektr tarmoqlari, kasalxonalar qurilgan. Ilm-fan rivojlangan, ko‘plab kuchli olimlar, muhandislar, vrachlar, o‘qituvchilar yetishib chiqqan. Bularni inkor qilish ham tarixni buzish bo‘ladi.
Ammo masalaning boshqa tomoni bor. Bir mamlakatni boshqarib, uning boyliklaridan foydalanib, aholisini mehnatga jalb qilib, keyin o‘sha hududda qurilgan maktablar va zavodlarni «sizga biz qurib berdik» deyish to‘g‘rimi? Davlat yo‘l qurishi, maktab ochishi, shifoxona barpo etishi shart — uning vazifasi. Bu hech qaysi xalqning boshqa xalq oldida abadiy qarzdor bo‘lib qolishi uchun asos bo‘lolmaydi.
Mustamlakachilik tarixida ham shunday bo‘lgan: imperiyalar temir yo‘l qurgan, port ochgan, telegraf o‘tkazgan. Chunki bu infratuzilma o‘sha hududni boshqarish, xomashyoni tashish, qo‘shinni harakatlantirish va iqtisodiy tizimni ishlatish uchun ham zarur edi. Shuning uchun asosiy savol «Nima qurildi?» emas. «Kimning mablag‘iga, kimning mehnati bilan, qanday maqsadda qurildi va uning evaziga nima olib ketildi?» Masalaning mohiyati shu yerda. «Bizga ma’rifatni ular olib kelgan»mi? Bu iddao ayniqsa g‘alati eshitiladi. Chunki Markaziy Osiyoda ta’lim, ilm va kitob tarixi Rossiya istilosidan yuzlab yillar oldin mavjud edi.
Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi allomalar dunyo ilm-fani tarixini o‘zgartirgan davrda Rossiya imperiyasining Turkistondagi ma’muriy tizimi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi.
Albatta, buyuk o‘tmish bilan XIX asrdagi muammolarimizni berkitish ham to‘g‘ri emas, XIX asr oxiriga kelib Buxoro, Xiva va Qo‘qon jamiyatlarida jiddiy qoloqlik, ichki nizolar, boshqaruv va ta’limda muammolar yuzaga kelgan edi. Lekin «bu yerda hech qanday ta’lim bo‘lmagan» deyish ham tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Tadqiqotlarda XIX asr boshlarida Buxoro shahrining o‘zida 200 atrofida madrasa bo‘lgani qayd etiladi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1914-yilga kelib Buxoroda 350 ta madrasa mavjud bo‘lgani ko‘rsatiladi. Madrasa an’anaviy ta’limning yuqori bosqichi edi.
Albatta, bu raqamlarni keltirib, «demak, hamma savodli, ta’lim mukammal bo‘lgan», deya olmaymiz. Aksincha, o‘sha davr ma’rifatparvarlarining o‘zi eski ta’lim tizimini qattiq tanqid qilgan. Dunyoviy fanlar yetishmasligi, dars berish uslubining qoloqligi, yillar davomida bir xil kitoblarga bog‘lanib qolish kabi muammolar mavjud edi.
Ammo eng muhim jihat boshqa: bu muammolarni tushunib, ularga yechim izlayotgan mahalliy ziyolilar allaqachon bor edi. Jadidlar yangi usul maktablarini ochdilar. Fonetik usulda savod o‘rgatishni, arifmetika, geografiya, tarix kabi fanlarni kiritishni, yangi darsliklar chop etishni talab qildilar. Gazeta-jurnal, teatr, kitob nashri orqali jamiyatni isloh qilishga harakat qildilar. Demak, taraqqiyotning yagona yo‘li mustamlaka bo‘lish emas edi. Xalqning o‘z ichidan ham yangilanish kuchlari yetishib chiqayotgan edi.
Mana shu yerda «biz sizlarga faqat ma’rifat olib keldik», degan afsona eng og‘ir to‘siqqa duch keladi. Agar maqsad faqat xalqni o‘qitish, taraqqiy ettirish va ozod fikrli qilish bo‘lgan bo‘lsa, nega millatning eng ilg‘or farzandlari yo‘q qilindi?
Nega mustaqil fikrlagan ziyolilar «xalq dushmani»ga aylandi? Nega Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi yuzlab ziyolilarning boshiga kulfat tushdi? Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1937–1953-yillarda O‘zbekistonda 100 ming kishi siyosiy qatag‘onga uchragan, ularning 13 ming nafari otib tashlangan. Faqat 1937–1938-yillarning o‘zida qariyb 7 ming kishi qatl etilgan.
Bu raqamni bir tasavvur qiling. Yuz ming inson. Ularning ortida yuz mingta taqdir, oila, ota-ona, farzand bor. Shunday ekan, o‘sha davrni faqat «bepul maktab», «arzon non», «sanatoriy» bilan eslash — tarixning yarmini ko‘rib, yarmini ko‘rmaslikdir. Rossiya imperiyasi Turkistonga «sizlarni rivojlantirib qo‘yaylik» deb kirmagan. Bu haqiqatni hech kim inkor etolmaydi.
Toshkent 1865-yilda harbiy harakat natijasida bosib olindi. Keyingi yillarda Buxoro Rossiyaga qaram holatga tushdi, Xiva protektoratga aylandi, 1876-yilda Qo‘qon xonligi butunlay tugatildi.
Ya’ni, bu jarayonning nomi — istilo, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Andijon, Toshkent isyonlari ham, 1916 yilgi qo‘zg‘olonlar ham o‘z-o‘zidan chiqmagan. Rossiya imperatori Nikolay II ning mahalliy aholini front orti ishlariga safarbar qilish haqidagi farmoni Turkiston bo‘ylab qattiq norozilikka sabab bo‘ldi. Jizzaxda qo‘zg‘olon shafqatsiz bostirildi. Qurbonlar soni bo‘yicha manbalar bir-biridan farq qiladi; ayrim tadqiqotlarda Jizzax uyezdida 15–20 minggacha mahalliy aholi halok bo‘lgani haqida baholar keltiriladi.
1918-yilda Turkiston muxtoriyatining Qo‘qonda kuch bilan tugatilishi ham ommaviy qon to‘kilish bilan yakunlangani tarixdan yaxshi ma’lum. Qurbonlar soni bo‘yicha turli raqamlar mavjud, shuning uchun bu yerda bir raqamni mutlaq haqiqat sifatida keltirish to‘g‘ri emas. Ammo voqeaning o‘zi — tinch siyosiy muxtoriyat tajribasining qurol bilan tugatilgani — bahssiz tarixiy faktdir. Yurt ozodligi uchun kurashgan bobolarimizni «bosmachi» tamg‘asi bilan qirib tashlashgani ham ayni haqiqat. Demak, Turkiston aholisi «o‘z ixtiyori bilan katta og‘a bag‘riga kirgan», degan tasavvur ham tarixiy reallikka to‘g‘ri kelmaydi.
Xo‘sh, sovet davrida qurilgan zavodlar, shaharlar, kanallar, maktablar-chi, deyishingiz mumkin. Ular uchun mablag‘ qayerdan kelgan? Sovet Ittifoqi yagona iqtisodiy tizim edi. O‘zbekiston ham bu tizimga faqat iste’molchi sifatida emas, ulkan ishlab chiqaruvchi sifatida kirgan.
Agar bularning barchasi «Moskvaning puli»ga qurilgan bo‘lsa, Buxoro, Xiva, Qo‘qon hukmdorlarining asrlar davomida to‘plangan xazinalari qayerga gumdon bo‘ldi? 70 yil davomida O‘zbekistonning tonnalab neft, oltin, uran, mis va boshqa boyliklari qayerga ketdi?
Ilmiy tadqiqotlarda 1980-yillar o‘rtalarida O‘zbekiston SSR Sovet Ittifoqida yetishtirilgan paxtaning qariyb uchdan ikki qismini bergani qayd etiladi. Paxta sohasi respublika mehnat resurslarining juda katta qismini o‘ziga jalb qilgan. Bu paxta kimning yerida yetishtirildi? Kimning suvi sarflandi? Kimning odamlari dalalarda ishladi?
Demak, «Moskva O‘zbekistonga pul berdi» degan jumlaning yoniga «O‘zbekiston umumittifoq iqtisodiyotiga nima berdi?» degan savolni ham qo‘yish shart. Aks holda hisob bir tomonlama chiqadi. Sovet iqtisodiyotining eng og‘ir meroslaridan biri — paxta yakkahokimligi bo‘ldi.
Markaziy rejalashtirish paxta maydonlarini kengaytirish uchun Amudaryo va Sirdaryo suvlarining ulkan qismini sug‘orishga burdi. Jahon banki materiallarida aynan sovet davridagi yirik irrigatsiya va paxta yetishtirish siyosati Orol dengizi fojiasining asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatiladi. Ayrim hisoblarga ko‘ra, dengiz keyinchalik o‘z yuzasining 80 foizini, suv hajmining 90 foizini yo‘qotdi. Buning bahosini Moskva emas, butun mintaqa aholisi to‘ladi.
Ikkinchi jahon urushi haqida alohida gapirish kerak. Uni sovet hokimiyatining xalqimizga qarshi qatag‘on siyosati bilan bir qatorga qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Fashizmga qarshi kurash butun insoniyat taqdirini hal qilgan urush edi va O‘zbekiston xalqi g‘alaba uchun beqiyos hissa qo‘shdi.
Lekin «sovet davri — faqat xotirjam va farovon hayot edi», degan gapga urush yillarining o‘zi ham javob beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi frontga safarbar qilingan. 538 mingdan ziyodi halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. Urush boshlangan paytda respublika aholisi 6,5 million atrofida edi. Deyarli har bir xonadon bu urushning dog‘ini ko‘rgan. Shunday og‘ir tarixni bir-ikkita chiroyli kino, «kolbasa ikki so‘m edi» degan xotira bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Gohida «Sovet Ittifoqi bo‘lmaganida, O‘zbekiston hozir Afg‘oniston bo‘lardi» degan asossiz da’volarni ham eshitib qolamiz. Bu ham aniq tarixiy tahlil emas, taxmin xolos. Chunki mamlakatlar taqdirini birgina omil belgilamaydi. Qolaversa, Afg‘oniston 70-yillarga qadar rivojlanib borayotgan, tinch, osoyishta davlatlardan biri bo‘lgan. Uning keyingi fojiali tarixida aynan Sovet Ittifoqining «roli beqiyos». 1979-yil dekabrida sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga kirdi va qariyb o‘n yil davom etgan urush mamlakatni yanada vayron qildi. BMT Qochqinlar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 1989-yil fevraliga kelib Pokiston va Erondagi afg‘on qochqinlari soni 6,2 million nafarga yetgan.
Demak, Afg‘onistonni misol qilib, «qarang, Rossiyaga qo‘shilmagan xalqning ahvoli», deyish tarixni haddan tashqari soddalashtirish bo‘ladi. Afg‘onistonning bugungi ahvoliga olib kelgan sabablar ichida ichki nizolar ham, tashqi kuchlarning aralashuvi ham, sovuq urush ham, sovet bosqini ham bor.
«Sen sovet davrini bilmaysan, nega ko‘rmagan narsangni gapiryapsan», deydiganlar ham topiladi. Men ham o‘sha davrda tug‘ilganman. Umrimning ilk 11 yili o‘sha davrda kechgan. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamda «dunyodagi eng baxtli, eng farovon va eng qudratli mamlakat» — SSSR fuqarosi deb yozilgan.
Ammo xotiramda boshqacha manzaralar saqlanib qolgan: to‘kilay deb turgan maktab, yozda issiq, qishda sovuq sinfxona. Eski golland pechi atrofiga yaqinroq o‘tirishga harakat qilayotgan o‘quvchilar. Og‘zidan bug‘ chiqib dars berayotgan o‘qituvchi. Bizgacha necha qo‘ldan o‘tgani noma’lum, varaqlari titilib ketgan darsliklar. Sport zali yoki kompyuter haqida orzu ham qilmagan sinfdoshlarimiz. Yana nimalar esimda qolgan? Bir necha mahalla aholisi suv ichadigan bitta vodoprovod. Suv va gaz ballonlari uchun uzundan-uzoq navbatlar. Tamaki dalalarida zahar yutib o‘sayotgan bolalar (bizning tumanda paxta ekilmasdi). So‘nggi sovet yillarida oziq-ovqat taqchilligi. Va maktab devorida Leninning bahaybat surati-yu, uning yonidagi «Baxtli bolaligimiz uchun partiyaga rahmat!» degan balandparvoz shior.
Ha, bola edim. Ammo sovuq sinfxona bilan «baxtli bolalik» haqidagi shior o‘rtasidagi farqni anglash uchun katta siyosatshunos bo‘lish shart emas edi.
Bu maqolaning maqsadi sovet davrida yashagan avlodni ayblash emas. Ular bizning otalarimiz, onalarimiz, bobo va buvilarimiz. Ular halol mehnat qilgan. O‘qigan. Ilm-fan bilan shug‘ullangan. Zavod qurgan. Dalada ishlagan. Urushda jang qilgan. Bolalarini katta qilgan.
Ularning mehnati sovet tuzumining emas, avvalo o‘sha odamlarning peshona teri mahsuli edi. Shuning uchun o‘sha davrdagi barcha yutuqlarni partiyaga yoki Moskva bilan bog‘lash xalqimizning mehnatini kamsitishdir. Tarixga adolatli munosabat shunday bo‘lishi kerak: yaxshisini tan olish, yomonini yashirmaslik, qurbonlarni unutmaslik, lekin kechagi kunga qaytishni taraqqiyot deb bilmaslik lozim.
Yana shuni unutmaslik kerakki, mustamlaka davrida qurilgan binolar mustamlakachilikni oqlamaydi. Totalitar davlatda ochilgan maktablar qatag‘on siyosatini qo‘llab-quvvatlashga zamin bo‘lolmaydi. Arzon non inson erkining o‘rnini bosmaydi. Zavod va fabrikalar qurilishi Orol fojiasini yo‘qqa chiqarmaydi. Bepul ta’lim yuz minglab qatag‘on qilingan insonlarni tarixdan o‘chirmaydi. Eng muhimi, bizga taraqqiyot kimdir tashqaridan sovg‘a qiladi, degan fikrdan qutulish kerak.
Xullas, kim nima demasin, qanchalik dod solishmasin, u davrlar o‘tdi, u daraxtlar kesilib ketdi. Endi faqat oldinga intilish, o‘z yo‘limizdan qolmasligimiz kerak...
Rustam Jabborov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter